«Muruvvat» uyidagi firibgarlik: hamkasblari nomiga kredit olgan shaxs qamaldi
Sud M.G‘.ning aybiga to‘liq iqror bo‘lgani, qilmishidan pushaymonligini va oilaviy-moddiy ahvolini jazoni yengillashtiruvchi holatlar sifatida

**«Muruvvat» uyida firibgarlik: Hamkasblari nomiga kredit olgan shaxs qamaldi**
Qorako‘ldagi «Muruvvat» internat uyi xodimlarining nomiga yashirincha kredit rasmiylashtirgan shaxs sud majlisida hamkasblaridan kechirim so‘radi. Biroq, sud uning avval ham jinoyat sodir etganini va navbatdagi jinoyatini oldingi jinoyati uchun jazo o‘tayotgan paytida amalga oshirganini inobatga olib, unga munosib jazo tayinladi.
Bir joyda ishlagan hamkasblar bir-biriga ishongan. Ba’zilar pulga muhtoj bo‘lib, onlayn kredit olishda yordam so‘ragan. Ayrimlar pasport ma’lumotlari, telefon raqami, yuz tasviri va boshqa shaxsiy ma’lumotlarini ishonib topshirgan. Ammo, sud qayd etilgan holatlarga ko‘ra, bu ishonch keyinchalik ularning nomiga yashirincha kreditlar rasmiylashtirish uchun vositaga aylanganini ma’lum qildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tumani sudi raisi Boborahim Ochilovning «Xabar.uz»ga bildirishicha, tumandagi «Muruvvat» erkaklar internat uyida birga ishlagan bir qator xodimlar o‘z hamkasbi M.G‘.ga kredit rasmiylashtirishda yordam berish uchun shaxsiy ma’lumotlarini taqdim etishgan. M.G‘. esa ushbu ma’lumotlardan foydalanib, ularning xabarisiz turli bank va moliya tashkilotlari orqali onlayn kreditlar rasmiylashtirgan.
Gap bir-ikki million so‘m haqida ketmayapti. Sud hukmida 11 nafar jabrlanuvchiga yetkazilgan zarar jami 815 million 111 ming 632 so‘mdan ortiq ekani ko‘rsatilgan.
Eng achinarlisi, jabrlanuvchilarning ayrimlari o‘z nomiga kredit olinganini oylar davomida bilishmagan. Kimdir qarindoshiga kafil bo‘lish uchun bankka borganda, kimdir kartasidan kredit to‘lovi uchun pul yechilganida, yana kimdir «KATM» ma’lumotlarini tekshirganida, nomida qarzlar borligini bilgan.
Shu tariqa, bir ish joyida shakllangan oddiy hamkasblik ishonchi bir necha fuqaroning zimmasiga yuz millionlab so‘mlik qarz yuki tushishiga olib kelgan.
Sud hujjatlariga ko‘ra, M.G‘. avval ayrim hamkasblariga onlayn kredit rasmiylashtirishda yordam bergan. Shu jarayonda ularga tegishli bo‘lgan barcha zarur ma’lumotlarni bilib olgan. Keyin esa bank va moliyaviy tashkilotlarning mobil ilovalarini o‘z telefoniga o‘rnatib, ushbu ma’lumotlardan ularning nomiga kredit rasmiylashtirishda foydalangan.
Bu yerda e’tibor berish kerak bo‘lgan jihat shuki, jabrlanuvchilar kredit olishga dastlab rozilik bergan holatlar bilan ularning xabarisiz keyinchalik kreditlar rasmiylashtirilgan holatlarni bir-biridan farqlash muhim. Sud aynan keyingi harakatlarni jinoiy qilmish sifatida baholagan.
Masalan, J.O. 2023-yil noyabr oyida hamkasbidan o‘z nomiga onlayn kredit olishda yordam so‘ragan. M.G‘. avval J.O.ning telefoni orqali kredit rasmiylashtirishga uringan, ammo buning iloji bo‘lmagan. Keyin o‘z telefoni orqali uning nomiga kredit olgan.
Oradan vaqt o‘tib, J.O. nomida bank qarzdorligi borligi ma’lum bo‘lgan. U «KATM» orqali kredit tarixini tekshirganda, nomiga bir necha kredit rasmiylashtirilganini aniqlagan. Sud hukmida J.O.ga yetkazilgan zarar 100,6 million so‘m, deb ko‘rsatilgan.
Shuningdek, O.N. nomiga turli bank va moliyaviy tashkilotlar orqali kreditlar rasmiylashtirilib, unga 141,2 million so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan. M.Sh. bo‘yicha zarar 126,6 million so‘m, X.O. bo‘yicha 93 million so‘m, F.D. bo‘yicha esa 73,9 million so‘mni tashkil qilgan.
— Jabrlanganlarning biz bergan ko‘rsatuvlaridan ko‘rinadiki, ularning ayrimlari M.G‘. avval kredit rasmiylashtirishda yordam bergani uchun ishongan. Keyin esa aynan shu ishonch ularning o‘z nomiga qarzlar paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan. Ya’ni, ishonch qarzga aylangan, — deydi sud raisi.
Sudda bank xodimlari onlayn kredit olish jarayonida fuqaroga pasport ma’lumotlari, JShShIR, telefon raqami, Face ID kabi ma’lumotlar talab qilinishi haqida ko‘rsatma berishgan. Ayrim moliyaviy tashkilotlarda esa shartnomani tasdiqlash uchun telefon raqamiga maxsus SMS-kod yuborilishi aytilgan.
— Demak, shaxsiy ma’lumotlarni boshqa shaxsga berishning o‘ziyoq jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Ayniqsa, bu ma’lumotlar bank ilovalari, SMS-kodlar va biometrik ma’lumotlar bilan birga boshqa shaxs qo‘liga o‘tsa, fuqaro nomida uning o‘zi bilmagan majburiyatlar paydo bo‘lishi xavfi ortadi, — so‘zida davom etadi sud raisi.
Mazkur ishda esa sud aynan shu holatlarning jinoiy oqibatga olib kelganini qayd etgan.
Sud hukmida 11 nafar jabrlanuvchiga yetkazilgan zarar quyidagicha ko‘rsatilgan: O.N. - 141,2 mln so‘m; J.O. - 100,6 mln so‘m; M.Sh. - 126,6 mln so‘m; X.O. - 93 mln so‘m; F.D. - 73,9 mln so‘m; A.B. - 72,3 mln so‘m; A.N. - 57,8 mln so‘m; S.H. - 50 mln so‘m; T.J. - 39,1 mln so‘m; R.U. - 38,3 mln so‘m va N.I. - 21,8 mln so‘m. Jami 815 million 111 ming 632 so‘m 16 tiyin.
Kreditlarning barchasi jabrlanuvchilarning xabarisiz va yashirin ravishda ularning nomiga rasmiylashtirilgani, olingan mablag‘lar esa sudlanuvchining shaxsiy ehtiyojlariga sarflangani qayd etilmoqda.
Bir holatda aybdor A.N. nomiga Milliy bank orqali jami qariyb 58 million so‘m kredit rasmiylashtirilib, pulning bir qismi boshqa kreditlarni to‘lashga, qolgani shaxsiy ehtiyojlarga sarflangan.
Shuningdek, O.N. nomiga turli bank va moliyaviy tashkilotlar orqali 9 marta kredit olingan bo‘lib, 74 million so‘m atrofidagi qismi to‘lanmay qolgan. M.G‘. «hisobiga» bunday jinoiy harakatlar juda ko‘p qayd etilgan.
Shu tariqa, jabrlanuvchilarning ko‘rsatmalarida umumiy holat bir xil: M.G‘. ularning pasport ma’lumotlari, yuz tasviri, telefon raqami va boshqa ma’lumotlarini o‘z telefonidagi bank ilovalariga kiritgan, keyin esa ayrim hollarda ularning roziligisiz qo‘shimcha kreditlar rasmiylashtirgan. Jabrlanuvchilar suddan yetkazilgan zararni undirishni so‘ragan.
Bank xodimlarining ko‘rsatuvlariga ko‘ra esa kredit shartnomalarida shaxsga oid ma’lumotlarni boshqa shaxsga berganlik uchun fuqaroning o‘zi mas’ul ekani belgilangan. Shu sababli sud bankning zararni qoplash masalasini jinoyat ishi doirasida emas, fuqarolik tartibida hal qilish lozim, degan xulosaga kelgan.
Ayblovga ko‘ra, M.G‘. ushbu harakatlarni takroran, ruxsatsiz axborot tizimlariga kirish va ulardan foydalanish orqali amalga oshirgan. Holatlar yuzasidan unga o‘g‘irlik bilan bog‘liq jinoiy qilmishlar bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan.
Sud M.G‘.ning aybiga to‘liq iqror bo‘lgani, qilmishidan pushaymonligini va oilaviy-moddiy ahvolini jazoni yengillashtiruvchi holatlar sifatida inobatga olgan. Biroq, uning ilgari ham sudlangani va avvalgi jazosini o‘tab turgan vaqtda yangi qasddan jinoyat sodir etganini hisobga olib, ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan.
— M.G‘.ning mazkur jinoyat uchun dastlab 5 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi berildi. Avvalgi sud hukmi bilan tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan qismi ham qisman qo‘shilib, unga uzil-kesil 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazo umumiy tartibli koloniyada o‘taladi. Bundan tashqari, sud undan jabrlanuvchilar foydasiga yetkazilgan moddiy zararni undirishni belgiladi. Bu ishning eng muhim sabog‘i esa sud zalida qolib ketmaydi: ishonch bilan berilgan pasport ma’lumoti, telefon raqami yoki bank ilovasidagi tasdiq kodi fuqaroning o‘z nomiga millionlab so‘mlik qarzdor bo‘lib qolishiga olib kelishi mumkin. «Muruvvat»dagi bu voqea esa hamkasbga ishonish va shaxsiy moliyaviy ma’lumotlarni unga topshirish o‘rtasida qanchalik katta farq borligini ko‘rsatgan og‘riqli misollardan biri bo‘lib qoldi, — dedi sud raisi.

