Dunyo

Muratov: Uitkoff Moskvadan boʻsh samolyotda qaytmasligi kerak

Tinchlik boʻyicha Nobel mukofoti sovrindori Dmitriy Muratov Donald Trampning muzokarachilari Stiven Uitkoff va Jared Kushnerni Vladimir Putin bilan uchrashuvlarda Rossiyadagi siyosiy mahbuslarni ozod qilish masalasini koʻtarishga chaqirdi. U AQSH vakillari Kremldan qaytishda ozod etilgan mahbuslarni oʻz samolyotida olib ketishi mumkinligini aytdi.

Muratov: Uitkoff Moskvadan boʻsh samolyotda qaytmasligi kerak

«Novaya gazeta»ning hammuassisi va sobiq bosh muharriri Dmitriy Muratov AQSH prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiven Uitkoff hamda prezident kuyovi Jared Kushnerga murojaat qildi.

Muratov ularni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan boʻladigan muzokaralarda rossiyalik siyosiy mahbuslarni ozod qilish masalasini koʻtarishga chaqirdi.

Nobel mukofoti sovrindori bu fikrni 19-sentabr kuni CNN efirida aytdi. Uningcha, inson huquqlariga rioya etilishi va keng koʻlamli xalqaro toʻqnashuv xavfi bir-biri bilan bevosita bogʻliq.

Muratovning aytishicha, Uitkoff Kremldagi navbatdagi uchrashuvdan soʻng AQSHga qaytayotganda ozod qilingan bir necha mahbusni oʻz samolyotida olib ketishi mumkin.

«Nega u yaxshi munosabatlarga ega boʻlgan janob Putindan bir nechta siyosiy mahbusni ozod qilishni soʻray olmaydi?» - dedi u.

Muratovning taʼkidlashicha, Uitkoffning samolyoti Moskvadagi muzokaralardan keyin odatda yoʻlovchilarsiz AQSHga qaytadi. Jurnalist Amerika vakillari diplomatik aloqalaridan odamlarni ozod qilish uchun ham foydalanishi kerak, deb hisoblaydi.

Muratov bunga misol sifatida AQSHning maxsus vakili Jon Koulning Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko bilan olib borayotgan muzokaralarini keltirdi.

Koul bilan 16-sentabr kuni boʻlib oʻtgan navbatdagi uchrashuvdan keyin Belarus koloniyalaridan yana 25 nafar siyosiy mahbus ozod qilingan. Buning evaziga AQSH Belarusning ikki korxonasiga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni bekor qilgan.

Muratovning fikricha, mahbuslarni ozod qilish boʻyicha shunga oʻxshash muzokaralarni Rossiya bilan ham olib borish mumkin.

Stiven Uitkoff va Jared Kushner oxirgi marta 5-sentabr kuni Kremlda Vladimir Putin bilan uchrashgan edi. Bu Uitkoffning Ukrainadagi urushni tugatish imkoniyatlarini muhokama qilish uchun Moskvaga sakkizinchi tashrifi boʻldi.

Ertasi kuni Amerika vakillari Polsha orqali poyezdda Kiyevga borib, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan muzokara oʻtkazdi. Keyin ular Polsha orqali AQSHga qaytdi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.