«Muqobil Nobel»ning 2026-yilgi laureatlari eʼlon qilindi
Gurjiston yosh yuristlar assotsiatsiyasi - GYLA 2026-yilgi Right Livelihood mukofoti laureatlaridan biri boʻldi. «Muqobil Nobel mukofoti» deb ham ataladigan ushbu mukofotga sazovor boʻlgan tashkilot fuqarolarga bepul huquqiy yordam koʻrsatadi, saylovlarni kuzatadi va inson huquqlariga oid ishlarni milliy hamda xalqaro sudlarda olib boradi.

«Muqobil Nobel»ning 2026-yilgi laureatlari ma’lum qilindi
DW xabariga ko‘ra, laureatlar 30-sentabr kuni e’lon qilingan. GYLA bilan bir qatorda pokistonlik huquq himoyachisi Jalila Haydar, Janubiy Afrikadagi Rural Women’s Assembly tarmog‘i va amerikalik sun’iy intellekt tadqiqotchisi Timnit Gebru ham mukofotga sazovor bo‘lgan.
Right Livelihood mukofoti 1980-yildan beri Stokholmda eng dolzarb muammolarga amaliy va namunaviy yechimlar taklif qilayotgan shaxslar hamda tashkilotlarga topshirib kelinadi.
Gurjiston yosh yuristlar assotsiatsiyasi 1994-yilda, mamlakat mustaqillikka erishganidan ko‘p o‘tmay tuzilgan. U Gurjistondagi ilk huquqni himoya qiluvchi nodavlat tashkilotlardan biri hisoblanadi. 2025-yil 22-dekabrdan beri assotsiatsiyaga Tamar Oniani rahbarlik qilmoqda.
Tashkilotning asosiy vazifalari inson huquq va erkinliklarini himoya qilish hamda sog‘lom huquqiy muhit yaratishdan iborat. GYLA fuqarolarga bepul yuridik yordam ko‘rsatadi, ularning manfaatlarini milliy va xalqaro sudlarda himoya qiladi.
Assotsiatsiya saylovlar va parlament faoliyatini ham kuzatib boradi. Shuningdek, davlat o‘z majburiyatlarini, jumladan, Gurjiston Konstitutsiyasining 78-moddasida belgilangan Yevropa integratsiyasiga oid vazifalarini qanday bajarayotganini nazorat qiladi.
DW ma’lumotiga ko‘ra, Human Rights Watch 2026-yilda GYLA’ni mamlakatda huquqiy himoya sohasidagi yetakchi tashkilotlardan biri deb atagan.
Dastlab assotsiatsiya yosh yuristlar va huquqshunoslik fakultetlari talabalarini birlashtirgan. Hozir esa unda Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi va BMT tuzilmalarida murakkab ishlar bilan shug‘ullanadigan tajribali mutaxassislar ham faoliyat yuritadi. Tashkilot tanilib ulgurgan dastlabki nomini saqlab qolgan.
GYLA’ning muhim faoliyat yo‘nalishlaridan biri — mahalliy hokimiyat harakatlari yoki milliy sudlar qarorlaridan norozi bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslarga Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudiga murojaat qilishda yordam berish.
Assotsiatsiya Gurjiston parlamenti 2024-yil mayida qabul qilgan «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonunga qarshi jamoaviy shikoyatning asosiy muvofiqlashtiruvchisi bo‘lgan. Qariyb 140 arizachi nomidan tayyorlangan shikoyat 2024-yil oktabrida Yevropa sudiga kiritilgan. Ishda Yevropa kengashining inson huquqlari bo‘yicha komissari va Venetsiya komissiyasi uchinchi tomon sifatida qatnashgan.

