"Mulkning egasi boʻlishi kerak". Yuliy Yusupov Oʻzbekistonga davlat aktivlarini xususiylashtirish nima uchun kerakligi haqida

«Mulkning egasi boʻlishi kerak». Yuliy Yusupov Oʻzbekistonga davlat aktivlarini xususiylashtirish nima uchun zarurligini tushuntirdi
Davlat mulkini xususiylashtirishni davom ettirish — Oʻzbekiston uchun oʻta zarur chora, deb hisoblaydi mustaqil iqtisodchi, Iqtisodiy rivojlanishga koʻmaklashish markazi ilmiy rahbari Yuliy Yusupov. Shu bilan birga, u ommaviy savdolarning shaffofligi va raqobatbardoshligini tubdan oshirish zarurligini taʼkidlaydi.
Xabar qilinishicha, Oʻzbekistonda yangi xususiylashtirish dasturi doirasida 84 ta xoʻjalik jamiyatidagi davlat ulushlari, 1 242 ta koʻchmas mulk obʼyekti va 8 ming gektarga yaqin yer uchastkalari savdoga chiqariladi. Taklif etilayotgan aktivlarning umumiy qiymati 100 trillion soʻmga baholanmoqda. Xususan, davlat «Turonbank»ning 98,9 % aktsiyasini, «Oʻzekspomarkaz»ning 91,83 % va Xalqaro hamkorlik markazining 79,27 % ulushini sotishni rejalashtirgan. Xalq Sug’urta sugʻurta kompaniyasi, Toshkent yoʻlovchi vagonlarini qurish va taʼmirlash zavodi, Andijon mexanika zavodi va qator boshqa korxonalar 100 foiz xususiylashtirilishi lozim.
Savdoga chiqarilayotgan aktivlar koʻlamini baholar ekan, Yusupov davlat hanuzgacha xususiy tijorat tashkilotlari sifatida faoliyat yuritishi kerak boʻlgan, potentsial raqobatbardosh tarmoqlarda ishlaydigan koʻplab korxonalar va moliyaviy institutlarda ulushlarga egalik qilayotganini qayd etdi.
«Mulkchilikda davlatning hozirgi ustuvorligi iqtisodiyot rivojlanishi uchun oʻta zararlidir, chunki davlat — yomon mulkdor va yomon menejer, ayniqsa davlat korxonalarini boshqarayotgan amaldorlar ustidan samarali jamoatchilik nazorati mexanizmlari mavjud boʻlmagan sharoitda. Mulkning haqiqiy egasi boʻlishi kerak, u ushbu mulkdan samarali foydalanish va uni koʻpaytirishdan chin dildan manfaatdor boʻladi», — dedi ekspert.
Uning soʻzlariga koʻra, davlat kompaniyalarining mavjudligi sogʻlom bozor muhiti shakllanishiga toʻsqinlik qiladi.
«Bozor iqtisodiyotida raqobat, maʼlumki, iqtisodiy rivojlanish va raqobatbardoshlikni taʼminlashning bosh harakatlantiruvchi kuchidir. Toki biz davlatning mulkchilik va xoʻjalik jarayonlaridagi ishtiroki ulushini tubdan qisqartirmas ekanmiz, Oʻzbekiston iqtisodiyotini bozor iqtisodiyoti deb hisoblab boʻlmaydi. Shu bois xususiylashtirishni davom ettirish mamlakat uchun juda katta ahamiyatga ega», — deya taʼkidladi u.
Iqtisodchi sotish qoidalarini takomillashtirish muhimligiga alohida toʻxtalib oʻtdi. Uning fikricha, taklif etilayotgan imtiyozlar foydali, chunki ular xarajatlarni kamaytiradi va potentsial xaridorlarning savdolarda qatnashishini osonlashtiradi. Biroq, ularning halol oʻtishi asosiy masala boʻlib qolmoqda.
Yusupov islohotlar zarurligini xususiylashtirishning avvalgi bosqichlaridagi salbiy tajriba bilan bogʻlaydi, oʻshanda bitimlar shartlari va shaffofligi boʻyicha jiddiy savollar tugʻilgan edi.
Xususan, ekspert Coca-Cola Uzbekistan kompaniyasidagi davlat ulushining sotilishini eslatib oʻtdi.
Dastlab aktivni taxminan 70 million dollarga sotish rejalashtirilgan edi, biroq shartlar qayta koʻrib chiqilib, ochiq savdolar oʻtkazilgach, ulush Turkiyaning Coca-Cola İçecek kompaniyasiga 252,28 million dollarga sotildi. Bu holat real raqobat mavjud boʻlganda yakuniy narx qanchalik oshishi mumkinligini yaqqol koʻrsatadi.
Bunga teskari misollar — Perfectum va Uzcard kompaniyalaridagi davlat ulushlarining sotilishidir. Dastlab ularni ommaviy savdoga chiqarish rejalashtirilganiga qaramay, aktivlar xususiy hammuassislarga baholangan qiymati boʻyicha topshirildi. Muzokaralarga ommaviy taklif qilish orqali 151 milliard soʻmga sotilgan «Foton» AJning 85,58 % aktsiyalari xususiylashtirilishi ham savollar tugʻdirdi.
«Avvalgi tajriba va yuzaga kelgan muammolarni hisobga olgan holda, ommaviy savdolar jarayonini yanada shaffof va raqobatbardosh qiladigan qoʻshimcha mexanizmlarni nazarda tutish zarur», — deb hisoblaydi Yusupov.
Suiisteʼmolliklarni istisno qilish uchun ekspert bir qator printsipial qadamlarni joriy etishni taklif qilmoqda. Birinchidan, savdo qoidalari oldindan shakllantirilishi va butun jarayon davomida oʻzgarishsiz qolishi kerak. Ikkinchidan, gʻolibni aniqlashning yagona mezoni aktiv uchun taklif qilingan maksimal narx boʻlishi lozim.
Bundan tashqari, Yusupov xaridorlar uchun qoʻshimcha investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlardan butunlay voz kechish tarafdori, chunki ular korruptsiya xavfini tugʻdiradi va keyinchalik bitim natijalarini qayta koʻrib chiqish uchun bahona boʻladi. Shuningdek, davlat mulkini xususiy hammuassislarga tanlovsiz, baholangan qiymati boʻyicha berish amaliyotini butunlay istisno qilish zarur. Nihoyat, halol savdolarning asosiy sharti — reglamentlarni tasdiqlashdan tortib apellyatsiyalarni koʻrib chiqishgacha boʻlgan bosqichlarda parlament aʼzolari, ekspertlar, biznes-assotsiatsiyalar va fuqarolik jamiyati tomonidan uzluksiz jamoatchilik nazorati oʻrnatilishidir.
«Umid qilamizki, rejalashtirilgan xususiylashtirish muvaffaqiyatli oʻtadi va toʻliq shaffoflik, barcha potentsial xaridorlar uchun teng imkoniyatlar yaratish hamda halol raqobat kurashi sharoitida amalga oshiriladi», — deya xulosa qildi Yuliy Yusupov.

