Mudofaa vazirligi harbiylari jamoasi Koreyadagi turnirda gʻolib chiqdi
Oʻzbekistonlik harbiylar turli yoʻnalishlarda rekord natijalarni qayd etgan.

Mudofaa vazirligi harbiylari jamoasi Koreyadagi turnirda gʻoliblikni qoʻlga kiritdi
Oʻzbekiston mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari Koreya Respublikasida boʻlib oʻtgan Xalqaro ilmiy jangovar tayyorgarlik musobaqasida munosib ishtirok etdi.
Mazkur nufuzli bellashuvda AQSH, Ozarboyjon, Avstraliya, Polsha kabi jami 7 ta mamlakatdan kelgan 12 ta jamoa tarkibidagi qariyb 500 nafar ishtirokchi oʻzaro kuch sinashdi. Jarayonlarni esa Turkiya, Meksika, Filippin, Malayziya singari 8 ta davlat harbiylari kuzatib bordi.
2023-yildan beri tashkil etib kelinayotgan ushbu musobaqaning joriy bosqichida avval ishtirokchilar togʻli, oʻrmonli va shahar hududlarida jang olib borish shartlarini bajarishdi. Keyin esa uchala hudud sharoitida bir vaqtning oʻzida jang olib borish bosqichida bellashishdi.
«Har qanday mutaxassisdan katta tajriba va mahorat talab etadigan shartlar Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari uchun qiyinchilik tugʻdirmadi. Ular turli yoʻnalishlarda rekord natijalarni qayd etdi. Xususan, harbiylarimiz togʻli hududda mudofaada turgan shartli dushman kuchlarini talafotlarsiz toʻliq yakson qilib, 7 ta bayroqni qoʻlga kiritdi.
Shahar sharoitida jang olib borish shartida ham mudofaalanayotgan shartli dushmanga hujum uyushtirib, barcha obyektlarni va 7 ta bayroqni qoʻlga kiritdi. Bu muvaffaqiyat ham avval hech bir jamoa tomonidan erishilmagan.
Shuningdek, oʻzbekistonlik harbiylar jamoasi shahar sharoitida jang olib borishda mudofaa obyektlarini ushlab turish boʻyicha hech bir jangchini yoʻqotmagan holda 7 ta obyekt va barcha bayroqlarni qoʻlga kiritib, rekordni yangilagan.

