Mudofaa vaziriga yangi oʻrinbosarlar tayinlandi
Oʻzbekiston mudofaa vaziriga qurollanish va korrupsiyaga qarshi kurash yoʻnalishlarida ikki oʻrinbosar tayinlandi

Mudofaa vaziriga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning tegishli qarorlariga asosan, O‘zbekiston mudofaa vaziriga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi.
Jumladan, polkovnik Zoidov Qahramonjon Obidjonovich mudofaa vazirining qurollanish va qurollantirish bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi.
Mudofaa vazirligi matbuot xizmati Kun.uz muxbiriga ma’lum qilishicha, vazirning qurollanish va qurollantirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi vakant bo‘lgan. Qahramonjon Zoidov tayinlovga qadar O‘zbekiston Respublikasi harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetining Quruqlikdagi qo‘shinlar instituti boshlig‘i sifatida faoliyat yuritgan.
Shuningdek, adliya polkovnigi Muratov Jahongir Dilshodovich mudofaa vazirining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Jahongir Muratov tayinlovga qadar O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokurorining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
Mudofaa vazirining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi esa yangi joriy etildi.

