Mudofaa startaplariga 115 mln yevro: Yevroparlament yangi dasturni maʼqulladi
Yevroparlament yangi mudofaa texnologiyalarini ishlab chiquvchi kichik va oʻrta korxonalarni qoʻllab-quvvatlash uchun 115 mln yevrolik AGILE dasturini maʼqulladi. Uni 2027-yil boshida ishga tushirish rejalashtirilgan, ammo buning uchun hali Yevropa Ittifoqi kengashining tasdigʻi kerak.

Mudofaa startaplari uchun 115 mln yevro: Yevroparlament yangi dasturni tasdiqladi
Yevroparlamentning 6-oktabrdagi xabariga ko‘ra, tashabbusni 536 deputat qo‘llab-quvvatlagan. 101 deputat qarshi ovoz bergan, 16 nafari esa betaraf qolgan.
AGILE — tezkor mudofaa innovatsiyalarini qo‘llab-quvvatlash dasturi — yangi texnologiyalar ustida ishlayotgan korxonalarga tez va aniq moliyaviy yordam berishga yo‘naltirilgan. Undan startaplar ham, faoliyatini kengaytirayotgan kompaniyalar ham foydalanishi ko‘zda tutilgan.
Dastur mudofaa sohasidagi ishlanmalarni yaratish, sinovdan o‘tkazish va bozorga chiqarish jarayonini tezlashtirishi kerak. Shu maqsadda grantlar ajratish tartibini tezlashtirish, shuningdek, sinov va sertifikatlash imkoniyatlaridan foydalanishni yengillashtirish rejalashtirilgan.
YeIga a’zo davlatlar dastur doirasida hal etilishi kerak bo‘lgan vazifalarni belgilash jarayonida ishtirok etishi mumkin. Bu orqali ishlab chiqilayotgan mahsulotlarni qurolli kuchlarning amaliy ehtiyojlariga moslashtirish ko‘zlangan.
YeIning texnologiyalar bo‘yicha komissari Henna Virkkunen avvalroq AGILE Yevropaning eng ijodkor texnologik kompaniyalarini mudofaa sanoatiga yaqinlashtirishi kerakligini aytgan edi.
Mudofaa bo‘yicha komissar Andryus Kubilyus esa urush olib borish usullari keskin o‘zgarayotganini ta’kidlab, qurolli kuchlarga yangi texnologiyalar, tezkor yetkazib berish va raqobatbardosh narxlar zarurligini bildirgan.
Yevroparlament va YeI kengashi muzokarachilari dastur bo‘yicha dastlabki kelishuvga 2026-yil iyulda erishgan. Endi hujjat YeI kengashi tomonidan ma’qullanib, rasmiy jurnalda e’lon qilinishi kerak.

