Muddatli to‘lov muddati 12 oydan oshmaydi
O‘zbekistonda muddatli to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish shartnomalariga yangi talablar belgilandi. Unga ko‘ra, iste’molchining muddatli to‘lov bo‘yicha majburiyati shartnoma tuzilgan kundan boshlab 12 oydan oshmasligi kerak.

Prezidentning «Aholiga muddatli to‘lov xizmatlari ko‘rsatilishini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan, muddatli to‘lov xizmatlari shartnomalari bir qator talablarga javob berishi shart.
Xususan, muddatli to‘lov xizmati ob’yektining narxi bazaviy hisoblash miqdorining 250 baravaridan oshmasligi belgilandi. Shuningdek, shartnomada muddatli to‘lov xizmati operatorining komissiya (ustama) to‘lovlari va tovar, ish yoki xizmatning yakuniy qiymatiga kiritiladigan boshqa to‘lovlar alohida ko‘rsatilishi lozim.
Muddatli to‘lov xizmati bo‘yicha asosiy qarzdan tashqari barcha to‘lovlar, jumladan, vositachilik haqlari, neustoyka, jarima, penya va boshqa javobgarlik choralarining umumiy miqdori yiliga muddatli to‘lov miqdorining yarmidan oshmasligi kerak.
Iste’molchi muddatli to‘lov summasini istalgan vaqtda to‘liq yoki qisman qo‘shimcha jarima, penya va komissiyalarsiz muddatidan oldin to‘lash huquqiga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatish shartnomasi bo‘yicha iste’molchi majburiyatining eng ko‘p muddati shartnoma tuzilgan kundan boshlab 12 oy etib belgilandi.
Shu bilan birga, 2027-yil 1-yanvardan boshlab qiymati BHMning 3 baravarigacha bo‘lgan tovar iste’mol krediti shartnomalari va ularning ijro etilishi holati haqidagi ma’lumotlarni kredit byurolariga taqdim etish talab qilinmaydi.

