«Muayyan shartli pullar». Markaziy bank raqamli soʻm ustida ish boshladi
Markaziy bank raqamli soʻmni joriy etish imkoniyatlarini oʻrganmoqda. Ilk pilot loyihalarni 2027 yilda ishga tushirish, 2028–2029 yillarda esa tizimni kengaytirish bosqichiga oʻtish rejalashtirilgan. Dastlab raqamli soʻm jismoniy shaxslar uchun emas, balki davlat xaridlari, infratuzilma loyihalari va subsidiyalar sohasida sinovdan oʻtkaziladi.

«Muayyan shartli pullar». Markaziy bank raqamli soʻm ustida ish boshladi
Oʻzbekistonda pulning yana bir yangi shakli — raqamli soʻmni joriy etish muhokama qilinmoqda. U bank kartasidagi yoki mobil ilovadagi odatiy elektron pullardan farq qiladi, chunki gap shunchaki mavjud soʻmning raqamli koʻrinishi haqida emas, balki Markaziy bank tomonidan chiqariladigan raqamli valyuta haqida bormoqda.
Raqamli soʻm Markaziy bank tomonidan chiqariladigan soʻmning raqamli shakli, yaʼni aynan oʻsha puldir. Farqi faqat shundaki, ulardan raqamli tizim orqali foydalanish va ularni boshqarish mumkin.
Markaziy bank 2026–2030 yillarga moʻljallangan moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish milliy strategiyasini eʼlon qildi. Unda raqamli soʻmni amaliy sinovdan oʻtkazish rejasi koʻzda tutilgan.
Shu bilan birga, ushbu tizim ertagayoq barcha fuqarolar foydalanadigan yangi toʻlov vositasiga aylanmaydi. Avvalambor, Markaziy bank Oʻzbekiston uchun bunday tizim qanchalik zarurligini, uning iqtisodiy va texnologik samarasi qanday boʻlishini, shuningdek, qanday xavf-xatarlar yuzaga kelishi mumkinligini oʻrganadi.
24 sentyabr kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida Markaziy bank vakillari jurnalistlarning raqamli soʻm qanday ishlashi, u amalda oddiy soʻm va bank kartalaridan nimasi bilan farq qilishi, shuningdek, yaqin yillarda oʻtkazilishi rejalashtirilgan pilot loyiha haqidagi savollariga javob berishdi.
Markaziy bank raisi oʻrinbosari Nodirbek Saydullayevning soʻzlariga koʻra, jismoniy shaxslar uchun toʻlovlarda raqamli soʻmdan foydalanish hozircha asosiy yoʻnalish sifatida koʻrib chiqilmayapti.
U Oʻzbekistonda fuqarolar oʻrtasida naqd pulsiz hisob-kitoblar uchun yetarlicha rivojlangan infratuzilma mavjudligini taʼkidladi. Xususan, mamlakatda Humo va Uzcard kabi milliy toʻlov tizimlari, shuningdek, banklar va toʻlov tashkilotlarining mobil ilovalari ishlab turibdi.
Markaziy bank raisi oʻrinbosari, shuningdek, raqamli soʻmni qoʻllashning yana bir ehtimoliy sohasi ulgurji savdo va tashkilotlar oʻrtasidagi hisob-kitoblar boʻlishi mumkinligini taʼkidladi.
«Agar kuzatadigan boʻlsak, iqtisodiy sudlarda tashkilotlar oʻrtasida bajarilgan ishlar va yetkazib berilgan tovarlar uchun mablagʻlarning oʻz vaqtida olinmagani bilan bogʻliq holatlar juda tez-tez koʻrib chiqiladi. Demak, bu ulgurji savdo bilan shugʻullanuvchi tashkilotlar uchun ham asqotadi»

