Sport

Muammolar girdobidagi «Bunyodkor» murabbiylar shtabi bilan xayrlashdi

Moliyaviy muammolarga uchragan va Superligada qatorasiga 9 ta oʻyinni yutqazgan klubdan bosh murabbiy Ilyos Zeytullayev hamda uning yordamchilari isteʼfoga chiqdi.

Muammolar girdobida qolgan «Bunyodkor» murabbiylar shtabi bilan xayrlashdi.

Toshkentning «Bunyodkor» futbol klubi murabbiylar shtabi bilan yoʻllarini ayirdi. Klub xabariga koʻra, bosh murabbiy Ilyos Zeytullayev va uning yordamchilari Alessandro Spinolio, Andres Moauro hamda Marko Nikodemo oʻz xohishlariga koʻra va tomonlarning oʻzaro kelishuviga binoan isteʼfoga chiqqan.

Ilyos Zeytullayev oʻz navbatida ijtimoiy tarmoq orqali «Bunyodkor» muxlislari va futbolchilari bilan xayrlashdi. U shunday yozdi: «Har bir narsaning oʻz vaqti-soati va oʻrni bor. «Bunyodkor» futbol klubi bilan birga bu ajoyib yoʻlni bosib oʻtgan har bir inson uchun Xudoga shukr qilaman. Zero, har biringiz hayotimda oʻz izingizni qoldirdingiz».

Zeytullayev 2024-yil aprel oyida «Bunyodkor» klubida bosh murabbiy yordamchisi sifatida ish boshlagan edi. Shu yilning kuzida esa jamoani bosh murabbiy sifatida boshqara boshladi. Uning soʻzlariga koʻra, jamoaga kelganida «Bunyodkor» turnir jadvalining soʻnggi pogʻonasida boʻlgan, oʻtgan (2025-yilgi) mavsumni esa jamoa 5-oʻrinda yakunlagan.

2026-yilgi mavsum oldidan klub koʻp yillik homiysidan ayrilib, jiddiy moliyaviy muammolar girdobiga tushib qoldi. Soʻnggi oylarda moliyaviy qiyinchiliklar yanada kuchaydi. Klub avval sobiq futbolchisi Rivaldo oldidagi qarzdorlik tufayli FIFA tomonidan transfer taqiqiga uchradi, keyin safar oʻyiniga borish uchun mablagʻ topa olmagani sababli texnik magʻlubiyatga uchradi. Shundan soʻng klubga 5 mlrd soʻm ajratildi. Biroq koʻp oʻtmay, «Bunyodkor»ning yana bir sobiq legioneri – yapon futbolchisi Itsuki Urata oldidagi qarzdorligi boʻyicha FIFA qarori maʼlum boʻldi.

Ayni paytda klub ketma-ket 9 ta oʻyinni yutqazib, Superligada 19 ochko bilan 15-oʻrinda bormoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.