Siyosat

MRB direktori ketishi bilan Lukashenko Moskvaga bordi. Nima gap oʻzi?

Oxirgi kunlarning eng koʻp muhokama qilinayotgan mavzusi Amerika Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Retkliffning Moskvaga tashrifi boʻlib turibdi. Amerikalik hamkasblarimiz bu mavzuning yangi tafsilotlarini aniqladi. Retkliff Vashingtonga qaytib, Oq uyda Tramp bilan uchrashishga ulgurdi. Shuningdek, Rossiya bilan bogʻliq muhim voqealar oldidan kuzatiladigan anʼanaviy voqea sodir boʻldi: Lukashenko Moskvaga bordi!

MRB direktori ketishi bilan Lukashenko Moskvaga bordi. Nima gap oʻzi?

«Urushning asl kartinasi» bilan

Nihoyat The New York Times ham MRB direktorining Moskvaga tashrifi haqida «oʻz insaydlarini» eʼlon qildi. Boshqacha boʻlishi mumkinmi axir, butun boshli dunyo razvedkasining eng katta odami Rossiyaga borsa-yu, NYT bu haqda «razvedkadagi manbalariga tayanib» nimadir yozmasa, hisobmas!

Amerikadagi eng mashhur gazeta manbalariga koʻra, MRB direktori Kremlga Ukraina bilan urushda front qay holatda ekani haqida real kartinani koʻrsatish uchun borgan. Yaʼni, Amerika razvedkasi aniqlagan maʼlumotlar asosida tuzilgan urush xaritasini olib borgan.

Amerika razvedkasiga koʻra, Rossiya oxirgi 18 oy davomida Ukrainaning atigi 1 foiz maydonini juda katta yoʻqotishlar evaziga bosib olgan. Shu sabab MRB direktori Rossiyani muzokaralar stoliga chorlagan. Xabarda aytilishicha, MRB Putinning atrofidagilar unga «urushdagi vaziyat haqida toʻgʻri axborot bermaydi» deb hisoblagani uchun shaxsan idora direktori Kremlga borgan.

Jon Retkliff tashrif davomida Rossiya tashqi razvedka xizmati direktori Sergey Narishkin va FSB rahbari Aleksandr Bortnikov bilan uchrashgan. Narishkin bunday uchrashuv boʻlganini tasdiqladi. MRB direktori Rossiyadagi eng qudratli idora FSB rahbariga frontdagi asl vaziyatni koʻrsatib, «barchasi Rossiya aytayotganidan boshqachaligini» tushuntirgan. Kreml rasmiysi Peskovning aytishicha, Putin MRB direktori bilan uchrashmagan. Putin uchrashishni xohlamagani haqida taxminlar ham yoʻq emas.

Shuningdek, amerikalik mulozim tashrif oldidan Kiyevdagilarni «Rossiya bilan hech qanday maxfiy kelishuv boʻlmasligiga» ishontirgan. NYT'ga koʻra, tashrifdan koʻzlangan asosiy messej urush Moskvaga borgan sari qimmatga tushayotgani va hozir ayni muzokara stoliga oʻtiradigan vaqt ekanini aytish boʻlgan.

Oq uyda yigʻilish

Retkliff Rossiyadan qaytishi bilan Oq uyda mamlakatning eng katta harbiy mulozimlari ishtirokida yigʻilish oʻtkazilgan. Amerikalik jurnalistlar direktor safardan qaytishini kutib turib uni va harbiy mulozimlarni Oq uy oldida suratga oldi. Hozircha Retkliff Trampga nimalar haqida hisobot bergani aniq emas. Amerika nashrlariga koʻra, MRB direktorining Moskvaga safari aynan Trampning buyrugʻi bilan maxfiy amalga oshgan. Bundan yuqori harbiy mulozimlarning ham xabari boʻlmagan. Retkliff Rossiyaga borishdan oldin Latviyada toʻxtab oʻtgan. Uning Rossiyaga safari haqida yevropaliklar ham hech nima bilolmagan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.