Mourinyo Vinisiusga bo‘layotgan nojo‘ya harakatlar yuzasidan keskin fikr bildirdi

Mourinyo Vinisiusga nisbatan qilinayotgan nojo‘ya xatti-harakatlarni qoraladi
"Real" bosh murabbiyi Joze Mourinyo La Liganing 2-turida "Espanyol" ustidan 2:1 hisobida qozonilgan g‘alabadan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida braziliyalik hujumchi Vinisius Juniorning raqiblar va muxlislar tomonidan doimiy kamsitishlarga duch kelayotganini ta’kidladi.
Mourinyo shunday dedi: "Vinisius o‘z his-tuyg‘ularini kuchli nazorat qila olishi kerak. Men unga gol ursa, uni qanday nishonlash borasida ehtiyotkor bo‘lishini tayinladim. Biz butun jamiyat tahqirlash va kamsitishlarga qarshi kurashayotgan bir davrda yashayapmiz, biroq Viniga kelganda raqiblar va ishqibozlar tomonidan hamon shunday nojo‘ya munosabat bo‘layotganini ko‘rib turibmiz. Biz uni imkon qadar bunday holatlarga tayyorlashimiz kerak, bor gap shu."
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan mavsumda Chempionlar Ligasi doirasida o‘tgan "Benfika" — "Real" uchrashuvida ham shunga o‘xshash holat kuzatilgan edi. O‘shanda Lissabon klubiga ustozlik qilgan Mourinyoning shogirdi Janluka Prestianni Vinisiusga nisbatan irqchilik qilib, kamsituvchi so‘zlarni ishlatgandi. Yakunda ushbu xatti-harakati uchun UEFA Prestiannini 6 ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilgan.
Ma’lumot uchun, La Liganing 2-turida "Real" safarda "Espanyol"ni 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Madridliklar safida Jud Bellingem hamda Karlos Espi gol kiritgan bo‘lsa, mezbonlarning yagona javob to‘piga Aleks Kalatrava mualliflik qildi.

