Mourinyo: “ ‘Real’ning tarkibida bitta ham zaif nuqta yo‘q”

Mourinyo: "Real" tarkibida birorta ham zaif nuqta yo'q"
Madridning "Real" klubi bosh murabbiyi Joze Mourinyo jamoaning hozirgi holati va yozgi transferlar oynasida amalga oshirgan xaridlari haqida so'z yuritdi. Mutaxassisning ta'kidlashicha, klub tarkibni shakllantirishda hissiyotlarga berilmay, mutlaqo sovuqqonlik bilan ish ko'rgan.
"Real" — juda kuchli va iqtidorlarga ega bo'lgan jamoa. Tarkibimizda birorta ham zaif nuqta yo'q. Bu — har tomonlama muvozanatlashgan jamoa. Biz uni shakllantirishda qarorlarimizga xalaqit berishi mumkin bo'lgan tashqi bosim yoki hissiyotlarga berilmadik. Aksincha, chuqur tahlil va o'zaro kelishuv asosida ish ko'rdik", — dedi portugaliyalik mutaxassis.
Mourinyoning ta'kidlashicha, tarkibni shakllantirishda murabbiylar shtabi va rahbariyat o'rtasida to'laqonli hamjihatlik bo'lgan:
"Biz transferlar masalasida siyosiy yo'l tutganimiz yo'q. Bir tomonda men va texnik tahlil bilan shug'ullanuvchi shtabim turgan bo'lsa, ikkinchi tomonda esa klub prezidenti, Xose Anxel Sanches va Xuni Kalafat turgan edi. Ularning qarashlari biznikidan biroz farq qilsa-da, fikrlarimiz bir-birini to'ldirdi. Natijada esa juda mukammal tarkib yuzaga keldi. O'yinchilar soni ham optimal darajada — bugun zaxirada qolgan futbolchi ertaga asosiy tarkibda tushishi mumkinligini juda yaxshi anglaydi".
Murabbiy hozirgi "Real" futbolchilari ko'p jamoa emasligini, aksincha, u ideal deb hisoblaydigan o'yin modeli uchun har bir pozitsiyaga ikkitadan munosib nomzod borligini qo'shimcha qildi:
"Ba'zan jamoaning salohiyatidan mamnun bo'lasangiz-u, lekin kundalik mashg'ulotlardan zavq olmaysiz. Ammo hozir, 6 haftalik mehnatdan so'ng menda yigitlar haqida faqat va faqat ijobiy taassurotlar bor".
Ma'lumot o'rnida, Joze Mourinyo joriy yilning 18-avgust kuni Madrid klubining yangi bosh murabbiyi sifatida omma oldida rasman tanishtirilgan edi. Uning "qaymoqranglilar" bilan imzolagan shartnomasi 2029-yilga qadar mo'ljallangan.

