Mourinyo “Real”ida asosiy tarkibdan tushib qoladigan ikki futbolchi ma’lum — El Nacional

Mourinyo "Real"ning asosiy tarkibidan tushib qoladigan ikki futbolchining kimligi ma'lum bo'ldi — El Nacional
"Real Madrid" bosh murabbiyi Joze Mourinyo La Liga startida "Espanyol" ustidan qozonilgan g'alabadan so'ng dastlabki taktik o'zgarishlarni amalga oshirishga qaror qildi.
"El Nacional" nashrining xabar berishicha, portugaliyalik mutaxassis to'pning oldinga yetkazilish tezligidan norozi bo'lib, navbatdagi rasmiy uchrashuvda qanotlarni yangilamoqchi.
Qayd etilishicha, Alvaro Karreras asosiy tarkibdagi o'rnini yo'qotadi. Mourinyo himoyaning chap qanotiga Mark Kukurelyani tushirishni rejalashtirmoqda. Kukurelya murabbiyda o'zining agressivligi va yuqori intensivlikdagi harakatlari bilan yaxshi taassurot qoldirgan. Ispaniyalik futbolchi qanot bo'ylab yuqoriga-pastga harakatlanishda samaraliroq va hujumlarga qo'shilganida himoyada ishonchliroq o'ynaydi.
Arda Gyuler yangi sxemaning asosiy "qurboni"ga aylanadi. Mourinyo turkiyalik futbolchi o'ng qanotdan markazga siljishi orqali Jud Bellingemning vazifalarini takrorlab, jamoaning hujumdagi chuqurligini kamaytirgan deb hisoblamoqda. Uning o'rniga hujumning o'ng qanotida Yan Diomande maydonga tushadi. Diomandening tezligi va "birga-bir" vaziyatlardagi mahorati raqib himoyasini kengaytirib, Bellingem, Kilian Mbappe va Bernardo Silva uchun bo'sh hududlar ochishi kerak.
Bu radikal o'zgarishlar Gyuler va Karrerasga bo'lgan ishonch butunlay yo'qolganini anglatmaydi — ular ham o'yin amaliyotiga ega bo'lishadi. Biroq, Mourinyo "Real"dan ko'proq vertikallik, agressivlik va oldindan aytib bo'lmaydigan uslubga ega futbol talab qilmoqda. Shu sababli yaqin vaqt ichida asosiy e'tibor boshqa futbolchilarga qaratiladi.
"Real" La Ligadagi navbatdagi uchrashuvini 26-avgust kuni o'z maydonida "Real Sosyedad"ga qarshi o'tkazadi.

