Dunyo

Moskvada Yevropaning eng baland turar joy binosini qurish rejalashtirilmoqda

Moskva maʼmuriyati «Moskva-Siti» hududida qurilishi rejalashtirilgan 450 metr balandlikdagi turar joy osmonoʻparining arxitektura yechimini maʼqulladi. Loyiha amalga oshirilsa, u Yevropadagi eng baland turar joy binosiga aylanishi kutilmoqda.

Moskvada Yevropadagi eng baland turar joy binosini barpo etish rejalashtirilmoqda. Naked Science nashri maʼlumotiga koʻra, bino Antonov-Ovseyenko koʻchasida, kelajakdagi «Siti-2» majmuasi hududida quriladi. Loyihani «Meganom» arxitektura byurosi ishlab chiqqan.

Osmonoʻpar bino yer ustida 95 qavat va yer ostida besh qavatdan iborat boʻlishi moʻljallangan. Unda 1 018 ta kvartira joylashadi. Majmuaning umumiy maydoni 225 ming kvadrat metrdan oshadi.

Loyihaning rasmiy vizual tasvirlari hozircha eʼlon qilinmagan. Biroq avval tarqalgan konsepsiyalarda uning tashqi koʻrinishi «Jenga» stol oʻyinidagi konstruksiyaga oʻxshatilgan. Arxitektura yechimida bir-biriga nisbatan siljitib joylashtirilgan, tashqariga chiqib turuvchi qismlar, terrasalar, lodjiyalar va balkonlar nazarda tutilgan.

Nashrga koʻra, qurilishni «Donstroy»ning sobiq hammulkdori Maksim Blajko va Promsvyazbank tuzilmalari bilan bogʻliq kompaniya amalga oshiradi.

Xabarda qayd etilishicha, Yevropaning eng baland binosi hozircha Sankt-Peterburgdagi 462 metrli «Laxta Sentr» boʻlib turibdi. Moskvadagi yangi loyiha esa aynan turar joy binolari toifasida rekord oʻrnatishi kutilmoqda.

Shuningdek, avgust oyida Rossiyaning «Glavgosekspertiza» idorasi «Laxta Sentr - 2» loyiha hujjatlariga ijobiy xulosa bergan. Majmuaning ikkinchi minorasi balandligi 703 metr boʻlishi rejalashtirilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.