Siyosat

Moskvada maxfiy aloqa tizimlari ustida ishlagan general o‘z joniga qasd qildi

Moskvada maxfiy aloqa tizimlari bo‘yicha faoliyat yuritgan general o‘z joniga qasd qildi.

The Moscow Times nashrining xabar berishicha, Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) iste’fodagi general-mayori Igor Laptev Moskvada o‘z joniga qasd qilgan.

83 yoshli Laptevning jasadi 20-avgust kuni tushdan keyin Verxnyaya Krasnoselskaya ko‘chasidagi xonadonlardan birida topilgan. "Sovershenno sekretno" nashriga ko‘ra, manba shunday degan: "Erkakning jasadi ish xonasidan topilgan, uning boshida o‘q jarohati bor edi".

Laptev Afg‘onistondagi jangovar harakatlarda ishtirok etgan. Keyinchalik u uzoq vaqt davomida KGB va FSBda xizmat qilib, axborot xavfsizligi masalalari bilan shug‘ullangan.

1990-yillarning oxirida u soliqlar va yig‘imlar vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan. 1998-yildan boshlab Laptev davlat va korporativ tuzilmalar uchun maxfiy professional aloqa tizimlarini ishlab chiqish va ishlab chiqarishga ixtisoslashgan "Informtexnika i svyaz" kompaniyasi direktorlar kengashiga raislik qilib kelgan.

Ukrainadagi urush boshlanganidan beri xavfsizlik xizmati generallari orasida ketma-ket o‘z joniga qasd qilish holatlari kuzatildi. Jumladan, may oyida Radiatsion, kimyoviy va biologik muhofaza qo‘shinlarining sobiq rahbari, 87 yoshli general-polkovnik Stanislav Petrov Moskvada vafot etgan edi.

"RBK" xabariga ko‘ra, Petrov Chernobil AESdagi halokat oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etgan va og‘ir xasta bo‘lgan. "Gazeta.ru" bu o‘z joniga qasd qilish bo‘lishi mumkinligini yozgan edi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.