Texnologiya

Moderna aksiyalari saratonga qarshi vaksina sinovidan so‘ng 160 foizga oshdi

Kompaniya tomonidan ishlab chiqilgan vaksina sinovlar davomida melanomaning so‘nggi bosqichlarida kasallik qaytalanishi holatlarini kamaytirganini ko‘rsatdi. Bu saratonning ushbu turini davolashning yangi usuli paydo bo‘lishiga umid uyg‘otdi.

Moderna kompaniyasi aksiyalari saratonga qarshi vaksina sinovlaridan so‘ng 160 foizga ko‘tarildi.

19-avgust kuni bo‘lib o‘tgan savdolar natijasida Amerika biotexnologiya kompaniyasi Moderna aksiyalari narxi 159,57 foizga oshib, eng yuqori nuqtada 163,43 dollarga yetdi. Bu haqda NASDAQ birjasining ma’lumotlari guvohlik bermoqda.

Bloomberg nashrining xabar berishicha, kotirovkalarning o‘sishi Moderna va Merck farmatsevtika kompaniyasi hamkorligida yaratilgan vaksina yirik klinik sinovlar davomida melanomaning so‘nggi bosqichlarida kasallikning qaytalanish holatlarini kamaytirishga yordam bergani haqidagi xabarlar fonida yuz berdi. Bu esa bemorlarning umrini uzaytirish imkonini beruvchi ushbu saraton turini davolash usulining paydo bo‘lishiga umidlarni kuchaytirdi.

Kompaniyaning ma’lumotlariga ko‘ra, sinov o‘zining asosiy maqsadiga erishgan: vaksina Merck kompaniyasining Keytruda immunopreparati bilan birgalikda qo‘llanilganda, melanoma qaytalanishi holatlarini faqat immunoterapiyaning o‘ziga qaraganda ko‘proq kamaytirishini ko‘rsatgan. Shuningdek, tadqiqot yana bir maqsadga – saratonning tana bo‘ylab yangi a’zolarga tarqalishini sekinlashtirishga ham erishdi.

Melanoma – teridagi pigment hosil qiluvchi melanotsit hujayralaridan rivojlanadigan xavfli o‘sma hisoblanadi. U tez o‘sishi va boshqa a’zolarga metastaza berishi mumkin. Yangi paydo bo‘lgan yoki shakli, rangi, o‘lchami o‘zgarayotgan xollar melanomadan shubhalanishga asos bo‘ladi. Erta aniqlash davolash samaradorligini oshiradi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.