Missisipida talabalarning kratomdan zaharlanib vafot etgani gumon qilinishi ortidan tamaki doʻkonida ishlovchi ota va oʻgʻil hibsga olindi
Ular talabalarga AQShda koʻpincha «yoqilgʻi quyish shoxobchasi geroini» deb ataladigan kratom hosilalarini sotganlikda ayblanmoqda.

Missisipida talabalarning kratomdan zaharlanib vafot etgani gumon qilinishi ortidan tamaki doʻkonida ishlovchi ota va oʻgʻil hibsga olindi
Kratom baʼzi shtatlarda, jumladan Missisipida qonuniy hisoblanadi
Missisipidagi tamaki doʻkonida ishlagan ota va oʻgʻil AQShda baʼzan «yonilgʻi quyish shoxobchasi geroini» deb ataladigan kratomning dozasini oshirib yuborishdan vafot etgani gumon qilinayotgan ikki nafar universitet talabasining oʻlimiga aloqadorlikda ayblanib, hibsga olindi.
Bu ikki shaxs Missisipi universiteti talabalariga ushbu moddaning hosilalarini sotganlikda gumon qilinayotgan doʻkonda ishlagan.
AQSh prokurorlari 51 yoshli Yahyo Muhammad Mosleh va 18 yoshli Islom Yahyo Moslehni oʻtgan oyda Ole Miss (Missisipi universiteti) talabalarining oʻlimi munosabati bilan nazorat qilinadigan moddalarni tarqatish maqsadida saqlashda aybladilar.
Garchi ularning oʻlimi rasman kratom bilan bogʻlanmagan boʻlsa-da, keyinchalik rasmiylar kratomdan foydalanish boʻyicha ogohlantirishlar eʼlon qilishdi.
Jinoiy shikoyatda aytilishicha, 21 sentyabr kuni Ole Miss talabasi yotoqxonadagi xonasida oʻlik holda topilgan. Oʻlimning aniq sababi «giyohvand moddalar dozasini oshirib yuborishga mos keladigandek koʻringan», deyiladi AQShning Missisipi shimoliy okrugi prokuraturasi matbuot xabarida.
Huquq-tartibot idoralari xodimlari kratom hosilalari deb gumon qilingan oʻramlarni topishgan, ulardagi baʼzi tabletkalar yoʻq boʻlgan.
Taxminan bir soat oʻtgach, boshqa bir joyda dozani oshirib yuborishdan vafot etgani gumon qilinayotgan ikkinchi talaba ham kratom hosilalari deb gumon qilingan oʻramlar bilan birga oʻlik holda topilgan.
AQSh prokurori bayonotiga koʻra, rasmiylar ushbu oʻramlarni mahalliy veyp, tamaki va pivo doʻkoni bilan bogʻlashgan.
Huquq-tartibot idoralari tintuv oʻtkazib, doʻkondan kratom hosilasi deb gumon qilingan nazorat ostidagi moddalarni musodara qilishdi. Keyinchalik ota va oʻgʻil Moslehlar hibsga olindi.
Ikki talabaning oʻlimi rasmiylarning «yonilgʻi quyish shoxobchasi geroini» sifatida tanilgan oʻsimlik asosidagi dori vositasi haqida xavotir va ogohlantirishlariga sabab boʻldi.
Opioidga oʻxshash taʼsirga ega boʻlgan kratom oʻti soʻnggi oʻn yillikda AQShda ommalashib ketdi va odatda retseptsiz sotib olinadi hamda tabletka yoki suyuqlik shaklida qabul qilinadi.
Yillar davomida kratomga qarshi faollar uni taqiqlashni talab qilib kelishmoqda va Buyuk Britaniya kabi baʼzi mamlakatlarda u noqonuniy hisoblanadi. Ammo kratom AQSh Oziq-ovqat va farmatsevtika idorasi (FDA) tomonidan tartibga solinmaydi va baʼzi shtatlarda, jumladan Missisipida qonuniydir.
Missisipi prokurorlarining taʼkidlashicha, MGPI, MGM-15 va MGM-16 kabi kratom hosilalari hozirda AQShda I roʻyxatdagi nazorat qilinadigan moddalar hisoblanadi va tabiiy kratom bargi mahsulotlari hamda morfinga qaraganda ancha kuchliroq taʼsirga ega boʻlishi mumkin.

