Missisipida qora tanli ayol daraxtga osilgan holda topilganidan bir necha hafta oʻtib, onasi javob talab qilmoqda
Tasia Forchun bilan nima sodir boʻlgani haqidagi maʼlumotni talab qilgan ayolning bu talablari hayratda qolgan mahalliy aholi tomonidan ham qoʻllab-quvvatlandi.

**Missisipida qora tanli ayol daraxtga osilgan holda topilganidan bir necha hafta oʻtib, uning onasi javoblar izlamoqda**
Missisipi shtatining Jekson shahrida jasadi daraxtga osilgan holda topilgan qora tanli ayolning onasi BBC’ga bergan intervyusida bir oydan koʻproq vaqt oʻtgan boʻlsa-da, hanuz rasmiylardan javob kutayotganini aytdi.
Uning aniqlik kiritish haqidagi talablari AQSh janubidagi ushbu shtatda hayrat va gʻazab ichida qolgan jamoatchilik tomonidan ham qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Bir necha haftalik sukutdan soʻng, seshanba kuni politsiya ilk bor 29 yoshli Tasia Forchunning oʻlimini qotillik ehtimoli sifatida tekshirayotganini maʼlum qildi, shu bilan birga uning rasmiy oʻlim sababi hali tasdiqlanmaganini taʼkidladi.
Forchunning jasadi 3 avgust kuni tashrovsiz qolgan uyning hovlisidagi daraxtga osilgan holda topilgan edi.
Missisipining irqiy zoʻravonlik va linch qilish (sudsiz qatl etish) bilan bogʻliq uzoq va ogʻriqli tarixi tufayli mahalliy aholining xavotiri yanada kuchaygan.
Aholisining aksariyati qora tanlilardan iborat boʻlgan shaharda bezovtalik hukm surmoqda. Forchunning qanday vafot etgani borasida savollar ochiq qolayotgan bir paytda, oʻn minglab odamlar imzolagan onlayn petitsiyalarda koʻproq shaffoflik talab qilinmoqda, AQSh Kongressi aʼzolari esa federal organlarni jalb etishga chaqirmoqda.
«Bu meni gʻazablantirmoqda», dedi Forchunning onasi Kristi Spivi. «Kechikishga nima sabab boʻlyapti?»
Spivi tergov jarayoni haqida bilish uchun qayta-qayta harakat qilganini, biroq politsiyaga yoʻllagan koʻplab soʻrovlari javobsiz qolganini aytdi.
U bir necha hafta ichida rasmiylardan ilk bor seshanba kuni kechqurun shahar jamoatchilik yigʻilishida maʼlumot oldi. Oʻshanda Jekson politsiyasi boshligʻi RaSholl Brekni ushbu ishni muhokama qilib, departament «birinchi kundan boshlab bu ishni qotillik sifatida tergov qilayotganini» aytdi.
BBC’ga yoʻllagan bayonotida Brekni politsiya ekspertiza natijalarini kutayotgan vaqtda muhim dalillar yoʻqolib ketmasligi uchun departament har qanday nomaʼlum oʻlim holatini doimo «ehtimoliy qotillik» sifatida koʻrib chiqishini tushuntirdi.
Ungacha departament bu masalani faqat oʻlim holati boʻyicha tergov deb atab kelayotgan edi.
Seshanba kungi bayonotida Brekni «biz tibbiy ekspert xulosasini kutayotgan bir paytda tergovni eng yuqori tegishli darajada olib bormoqdamiz», dedi. Ushbu xulosa oʻlimning rasmiy sababi va tarzini oʻz ichiga oladi.
Tibbiy ekspertiza idorasi davom etayotgan ish boʻyicha izoh bermasligini maʼlum qildi.
Spivi qizini oxirgi marta 26 iyul kuni tirik koʻrgan. Oʻshanda Forchun oilaviy uchrashuv uchun oʻzi oxirgi oʻn yil davomida yashab kelgan Missisipidan onasi Spivi yashaydigan Kentukki shtatiga borgan edi.
Qizini keyingi safar koʻrganida — dafn marosimidan bir necha kun oldin, dafn uyida — u qizining jasadiga qarashga zoʻrgʻa chidadi.
«Men unga toʻgʻridan-toʻgʻri qaramadim. Buni dadasi qildi», dedi u. «Men bir oz yon tomondan qaradim».
Spivi ularning soʻnggi suhbatini esladi. «U, bilasizmi, hatto uyga qaytish haqida gapirayotgan edi», dedi u.
Forchunning oʻlimi mahalliy aholi orasida Missisipida irqiy zoʻravonlik yana avj olishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni kuchaytirdi. Ish boʻyicha aniq tafsilotlar boʻlmagani sababli, bu shubhalar oʻsishda davom etmoqda.
Uning oʻlimi Missisipida bir yildan kamroq vaqt ichida politsiya kimdir daraxtga osilgan holda oʻlik topilgan uchinchi holat boʻldi.
Qolgan ikki jasad — biri qora tanli erkak, biri oq tanli — 2025 yil sentyabr oyida, aynan bir kunda topilgan edi.
Ikkala oʻlim ham oʻz-oʻzini oʻldirish deb baholangan, garchi vafot etganlardan biri — Trey Ridning onasi bu xulosalarga eʼtiroz bildirayotgan boʻlsa-da.
Umidsizlikka tushgan aholi onlayn petitsiya boshlashdi va u 50 000 dan ortiq imzo toʻpladi. Unda shtat bosh tibbiy eksperti doktor Steysi Tyornerga nisbatan, uning rangli tanli odamlar bilan bogʻliq soʻnggi qator ishlarni olib borishi yuzasidan mustaqil tergov oʻtkazish talab qilinmoqda. Boshqa bir petitsiya esa FQBni Forchunning oʻlimini tergov qilishga undamoqda.
BBC Tyornerdan izoh soʻradi.
Jekson shahar kengashi aʼzosi Kennet Stouks ham politsiya tergovidan xavotir bildirib, Forchun yashagan deb taxmin qilingan uyning oldida bir necha bor boʻlganini va u yerda hech qachon politsiyachilarni koʻrmaganini aytdi.
«Hamma ishlar muhim, ammo bunisi — Missisipidagi osilish holati — birinchi darajali ahamiyatga ega boʻlishi kerak», dedi Stouks.
U BBC’ga bir necha hafta oldin Missisipidagi AQSh prokuraturasi federal prokurorlariga va FQBga xat yuborib, tergov «yordamga juda muhtoj» ekanini aytganini bildirdi. U haligacha hech biridan javob olmagan.
«Hech kimdan hech narsa yoʻq», dedi Stouks. «Goʻyo hech kimning parvoyi yoʻqdek».
BBC izoh olish uchun Missisipidagi AQSh prokuraturasi va mahalliy FQB idorasi bilan bogʻlandi.
AQSh Kongressi aʼzosi Jasmin Krokett ham federal aralashuvni talab qildi. AQSh Adliya vazirligiga yoʻllagan maktubida u Missisipidagi soʻnggi oʻlim holatlarini, jumladan Tasia Forchunnikini «zamonaviy linch qilishning ehtimoliy holatlari» deb taʼriflab, ularni tergov qilishni soʻradi. U shtatning «qora tanli amerikaliklarga nisbatan zoʻravonlik terrorizmining dahshatli tarixiy obroʻsiga» ishora qildi.
Missisipidan tashqari, butun mamlakat boʻylab qora tanli amerikaliklarning daraxtlarga osilgan holda topilishi bilan bogʻliq bir nechta boshqa holatlar ham yuz berdi, jumladan, birgina shu yilning oʻzida Shimoliy Karolinada toʻrtta holat qayd etildi. Uchtasi oʻz-oʻzini oʻldirish deb baholandi. Toʻrtinchi holat boʻyicha ekspertiza natijalari hali kutilmoqda.
BBC izoh olish uchun adliya vazirligiga murojaat qildi.
Stouks Forchunning oʻlimi linch qilish boʻlganmi yoki bunda irqning biror aloqasi bormi-yoʻqmi, bilmasligini ochiq aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, bu u uchun muhim emas. U shunchaki javoblarni xohlaydi.
Yaqin atrofdagi Jekson davlat universitetining Rangli tanli aholining huquqlarini himoya qilish milliy assotsiatsiyasi (NAACP) talabalar boʻlimi prezidenti Brendon Kingning aytishicha, Forchunning oʻlimi atrofidagi sirlilik va politsiya tomonidan maʼlumotlar berilmasligi uni va boshqalarni kampus atrofida «oʻta ehtiyotkor» boʻlishga majbur qilgan.
Kingning soʻzlariga koʻra, «ey, keyingisi sen boʻlishing mumkin. Bu Jeksonda. Bu sening orqa hovlingda» degan tuygʻu paydo boʻlgan.
Bu ayniqsa tashvishli, deya qoʻshimcha qildi u, chunki «bu poytaxt boʻlishi kerak. Bu men oʻzimni eng xavfsiz his qilishim kerak boʻlgan joy».
Spiviga kelsak, u qizi uchun dafn uyiga borishdan oldin yigʻladi, oʻlim toʻgʻrisidagi guvohnomani toʻldirish va toʻngʻich farzandini kuydirish yoki dafn etish haqida qaror qabul qilish zaruratidan qoʻrqdi.
U qizini kuydirmoqchi edi, lekin oxir-oqibat dafn etishni tanladi. U hali ham tergovda yangi maʼlumotlar boʻlishidan umid qilayotganini, bu esa jasadni eksgumatsiya qilish (qabrdan qayta ochib olish) kerakligini anglatishi mumkinligini aytdi.

