Dunyo

Misrda savdo markazida gaz balloni portladi, qurbonlar bor (video)

Misr poytaxti Qohiradagi savdo markazida gaz balloni portlashi oqibatida uch kishi hayotdan ko‘z yumdi, 17 kishi tan jarohati oldi. Bu haqda Khaleej Times nashri xabar berdi.

Misr Sog‘liqni saqlash vazirligi 13-avgust kuni kechqurun yuz bergan ushbu fojia haqida ma’lumot berdi. Ichki ishlar vazirligining xabariga ko‘ra, Qohiraning Beshinchi mavzesida joylashgan Arabella Plaza Mall savdo markazining birinchi qavatidagi sovg‘alar do‘konida geliy balloni portlagan. Portlash natijasida do‘kon ichida yong‘in kelib chiqqan. Rasmiylar yong‘in nazoratga olinganini bildirdi.

Portlash va yong‘in atrof-muhitdagi ba’zi do‘konlarning fasadlariga zarar yetkazgan. Shu bilan birga, xavfsizlik xizmati manbasi internetda tarqalgan “savdo markazida lift tushib ketdi” degan xabarlarni rad etdi.

Hodisa haqida xabar kelib tushishi bilan voqea joyiga sakkizta tez yordam mashinasi yuborilgan. Jarohatlanganlarning 11 nafari Yangi Qohira ixtisoslashtirilgan kasalxonasiga yetkazilgan. Yana olti kishi atrofdagi boshqa shifoxonalarga joylashtirilgan bo‘lib, ularga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi jarohatlanganlarning salomatligi diqqat bilan kuzatib borilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, bayonotda yaqin oradagi tibbiyot muassasalarining tayyorgarlik darajasi oshirilgani aytiladi.

Avvalroq Italiyadagi o‘q-dori zavodida kuchli portlash yuz bergani haqida xabar berilgandi. Portlash sodir bo‘lgan vaqtda voqea joyida politsiya va o‘t o‘chiruvchilar yong‘inni o‘chirayotgan bo‘lgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.