Misrda dunyodagi eng chuqur sunʼiy port havzasi barpo etildi
Misrdagi Ayn-Soxna portini rivojlantirish loyihasi Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi. Port hududida quruqlikda barpo etilgan dunyodagi eng chuqur sunʼiy port havzasi qurilgan boʻlib, uning chuqurligi 19 metrga yetadi.

Misrda dunyodagi eng chuqur sunʼiy port havzasi qurildi
Ayn-Soxna Qizil dengiz bo‘yidagi eng yirik portlardan biri bo‘lib, Suvaysh kanali iqtisodiy zonasi maʼmuriyati boshqaruvida
Misr Transport vazirligi portni keng ko‘lamli rekonstruksiya qilish va kengaytirishga qaratilgan yirik milliy loyihani amalga oshirmoqda. Loyihaning asosiy vazifasi Ayn-Soxnani Janubiy va Sharqiy Osiyo, Yevropa hamda Shimoliy Afrika o‘rtasidagi savdo oqimlariga xizmat qiladigan muhim dengiz-logistika markaziga aylantirishdir.
Loyiha doirasida jami to‘rtta port havzasi barpo etildi. Yangi prichallarning umumiy uzunligi 18 kilometrdan oshadi. Ular orasida 19 metr chuqurlikka ega bo‘lgan va Ginnes rekordini qayd etgan sunʼiy port havzasi ham mavjud.
Shuningdek, portda yuklarni qabul qilish va saqlash uchun umumiy maydoni 9,2 million kvadrat metr bo‘lgan hududlar tashkil qilindi. Yangi obyektlar faoliyatini taʼminlash maqsadida port infratuzilmasi, muhandislik va kommunal tarmoqlar ham modernizatsiya qilindi.
Transport infratuzilmasi ham kengaytirildi. Xususan, port ichida 17 kilometrlik temir yo‘l tarmog‘i qurilib, u Ayn-Soxna - Yangi Al-Alameyn elektrlashtirilgan tezyurar temiryo‘l magistrali bilan bog‘landi. Bu esa port orqali yuklarni dengizdan quruqlikka va aksincha tezroq yetkazib berish imkoniyatlarini oshiradi.
Planet kompaniyasi yaqinda Ayn-Soxna portidagi yirik qurilish va rekonstruksiya ishlari qanday amalga oshirilganini ko‘rsatuvchi videoni ham eʼlon qildi. Loyiha yakunida portning yuk qabul qilish va tashish imkoniyatlari sezilarli darajada kengayib, uning xalqaro dengiz logistikasidagi ahamiyati ortishi kutilmoqda.
Ginnes rekordi esa loyihada qo‘llangan muhandislik yechimlarining ko‘lamini namoyon etadi. Ayn-Soxna portining modernizatsiya qilinishi Misrning mintaqaviy va xalqaro savdo aloqalarini mustahkamlash hamda mamlakatning yirik logistika markazi sifatidagi mavqeini kuchaytirishga xizmat qilishi taʼkidlangan.

