Misoldagi muammolar haqidagi Spanch Bob (SpongeBob) sunʼiy intellekt parodiyasi rasmiylarning eʼtiborini tortdi
AQShning mashhur teleseriali asosida yaratilgan talqin qattiq nazorat sharoitida yashayotgan misrliklar uchun hayotdan shikoyat qilishning kutilmagan vositasiga aylandi.

Misoddagi muammolar haqidagi Spanch Bobning AI-parodiyasi rasmiylarning eʼtiborini tortdi
Postlarda yashash qiymati va kuzatuv kabi muammolardan shikoyat qilingan
AQShning mashhur «Spanch Bob Kvadrat Shim» multfilmi qahramonining sunʼiy intellekt (AI) yordamida yaratilgan talqini siyosiy noroziliklarga nisbatan qattiq cheklovlarga qaramay, yashash sharoitlarini tanqid qilayotgan misrliklar oʻrtasida kutilmaganda bahsli onlayn trendning markaziga aylandi.
Satirik postlar oʻtgan oyda Facebook'dagi «Al-Hamur BoBottom aholisining shikoyatlari» (Spanch Bobning suv ostidagi uyi — Bikini Bottomning arabcha nomi) deb nomlangan guruh bilan boshlandi.
Koʻp oʻtmay, Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiyni pulparast janob Krabs sifatida, tuk-tuklar (avtomatlashtirilgan rikshalar) bilan toʻla dengiz tubini va surbet erkak baliqlar tomonidan shilqimlik qilinayotgan maktab oʻquvchisi boʻlgan baliq qizlarni tasvirlovchi suratlar paydo boʻldi.
Boshqa postlarda korruptsiyada ayblanayotgan vazirlar, keskin oshayotgan ijara haqi hamda sogʻliqni saqlash va taʼlimning yomonlashayotgan ahvoli haqida fikrlar bildirilgan.
Aslida Nickelodeon tomonidan yaratilgan Spanch Bob shousidan oʻzgartirilgan suratlar sayt foydalanuvchilari tomonidan tayyorlangan.
Bir necha hafta ichida Facebook guruhi 1,8 million kuzatuvchiga ega boʻldi. Rasmiy tekshiruvlar haqidagi xabarlar fonida guruh faoliyati toʻxtatilishidan oldin, oʻtkir satirik suratlardan birida suv ostidagi Ichki ishlar vazirligi xodimlarining «Ehtiyot boʻling» degani tasvirlangan edi.
Oʻzini guruh administratori deb tanishtirgan oʻsmir qiz videomurojaat joylashtirib, u va uning hamkorlari ayrim aʼzolar tomonidan tarmoqlangan guruhlarda baham koʻrilgan siyosiy postlar uchun aybdor emasligini aytdi.
Hukumatparast OAV va teleboshlovchilar taqiqlangan «Musulmon birodarlar» islomiy harakatini ushbu ommalashib ketgan trenddan foydalanishda aybladi. Misr harbiylari 2013 yilda, bir yillik boshqaruvga qarshi ommaviy norozilik namoyishlaridan soʻng, «Musulmon birodarlar» tomonidan qoʻllab-quvvatlangan prezident Muhammad Mursiyni hokimiyatdan chetlatgan edi.
«Al-Hamur Bottom trendi "Birodarlar"ga tegishli», dedi taniqli tok-shou boshlovchisi Tamer Abdel Monaim ushbu mavzuga bagʻishlangan koʻrsatuvda. «Undan maqsad tartibsizlik keltirib chiqarishdir».
Eng nozik siyosiy fikrlar bildirilgan koʻplab postlar hozirda oʻchirib tashlangan boʻlsa-da, eng keng tarqalgan kontentning baʼzilari ijtimoiy tarmoqlarda faol aylanishda davom etmoqda. Koʻplab misrlik mashhurlar, ijtimoiy tarmoq blogerlari va brendlar ushbu mavzuni qoʻllab-quvvatlab, Al-Hamur Bottomning AI tomonidan yaratilgan memlarini joylashtirdilar.
«Bikini Bottom atrofidagi kulgi baxt belgisi boʻlishi shart emas», dedi misrlik radioboshlovchi Rabab Kamal oʻzining Facebook'dagi minglab kuzatuvchilariga. «Odamlar kulishmoqda, chunki sharoit shu qadar bemaʼni boʻlib qoldiki, kulgi yagona mumkin boʻlgan munosabatdek tuyulmoqda».
110 milliondan ortiq aholisi bilan Misr arab dunyosidagi eng gavjum davlat hisoblanadi. 2011 yilgi «Arab bahori»dan beri u yillar davomida ijtimoiy va iqtisodiy beqarorlikni boshdan kechirdi. Oddiy misrliklar hamon milliy valyutaning avvalgi qadrsizlanishi oqibatida yuzaga kelgan va ularning turmush darajasiga putur yetkazgan yuqori inflyatsiyaga duch kelmoqdalar.
Mintaqaviy beqarorlik Suvaysh kanali daromadlariga, turizmga va Koʻrfaz mamlakatlarida ishlayotgan misrliklarning pul oʻtkazmalariga taʼsir koʻrsatdi. Yoqilgʻi narxi oshdi va shu yozda hukumat elektr energiyasi tariflarini 12 foizga oshirdi.
Shu bilan birga, Sisi boshchiligidagi harbiylar hokimiyatga qaytganidan beri Misrda jamoatchilik noroziligiga nisbatan toqatsizlik yanada kuchaydi. Hukumat beqarorlik va oʻz boshqaruviga tahdidlardan xavfsiramoqda.
Spanch Bob va uning suv ostidagi doʻstlarining syurrealistik komediyasi — ayniqsa milleniallar va Z avlodi orasida mashhur boʻlib — bu cheklovlarni aylanib oʻtishning kutilmagan usuliga aylandi.
«Misr hukumati uzoq vaqtdan beri internetdagi fikr bildirish erkinligini boʻgʻib kelmoqda. Misrda minglab odamlar shunchaki davlat tomonidan maʼqullanmagan qarashlarni internetda ifoda etganlari uchun yillar davomida sudgacha hibsxonalarda saqlanmoqda», deydi Amnesty International tashkilotining mintaqaviy tadqiqotchisi Mahmud Shalabiy.
«Bu qatagʻon faqat siyosiy muxoliflar bilan cheklanib qolmaydi. U keng doiradagi odamlarni, jumladan, diniy ozchiliklarni, hech qanday dinga eʼtiqod qilmaydiganlarni, LGBTI deb qabul qilinganlarni va koʻpincha noaniq axloq qonunlari boʻyicha jinoiy javobgarlikka tortiladigan ayol ijtimoiy tarmoq blogerlarini ham qamrab oladi».
Sisi soʻz erkinligi tarafdori ekanini va misrliklar har qanday fikrni erkin bildirishlari mumkinligini aytsa-da, bunga ishonadiganlar kam. Oʻtgan oy oxirida prezident «ijtimoiy tarmoqlardagi tartibsizlik» va davom etayotgan jamoatchilik muhokamalari milliy muammolar koʻlamini tushuna olmayotganini tilga olganda, bilvosita Spanch Bob trendiga ishora qilgandek boʻldi.
Misr davlat xavfsizlik xizmati shubhali yoki hukumatga qarshi xatti-harakatlar haqida xabar berishni ragʻbatlantiradi.
Shu sababli, bir advokat allaqachon «Al-Hamur Bottom bilan bogʻliq onlayn kontent, sahifalar va ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarni yaratish ortida turgan administratorlar, operatorlar, moliyalashtiruvchilar va hissa qoʻshganlar» ustidan shikoyat arizasi kiritgani ajablanarli emas.
Cairo 24 yangiliklar saytining xabar berishicha, u «iqtisodiy sharoitlar va qarorlarni jamoat xavfsizligi va ijtimoiy tartibni buzishi mumkin boʻlgan tarzda satirik tasvirlash» boʻyicha tergov oʻtkazishni talab qilgan.
Ortib borayotgan bosim Spanch Bob tez orada oʻzining yangi firʼavn libosini bir chetga surib, piramidalarni va oʻzining Misrdagi uyini tark etishiga toʻgʻri kelishi mumkinligini anglatadi.

