Siyosat

Mirziyoyev Trampga Vashingtondagi bog‘ uchun 2 ta an’anaviy shiypon sovg‘a qildi

Shavkat Mirziyoyev Donald Trampga 'nafis ishlangan' ikkita o‘zbek shiyponini sovg‘a qildi. Ular Vashingtonda qurilishi rejalashtirilgan Amerika qahramonlari milliy bog‘iga o‘rnatiladi. 'Ular do‘stligimiz va strategik sherikligimiz ramziga aylanadi', — deb yozdi AQShdagi elchi Furqat Sidiqov.

Mirziyoyev Trampga Vashingtondagi bog‘ uchun 2 ta an’anaviy shiypon sovg‘a qildi.

New York Times nashri AQSh prezidenti Donald Trampga taqdim etilgan navbatdagi xorijiy sovg‘alar haqida material e’lon qildi. Unda Qatardan keltirilgan hashamatli samolyot, Saudiya Arabistonidan borgan bir juft qoplon qatorida O‘zbekiston prezidenti tomonidan taqdim etilgan, “nafis ishlangan” 2 ta shiypon haqida ham so‘z boradi.

Qayd etilishicha, shiyponlar prezident Tramp rejalashtirgan, Amerika qahramonlari milliy bog‘i quriladigan G‘arbiy Potomak bog‘iga o‘rnatiladi. “So‘nggi kunlarda u yerda O‘zbekiston poytaxti Toshkentdan jo‘natilgan pochta yorliqlari bo‘lgan ulkan qutilarni tashiyotgan yuk mashinalari payqab qolindi. O‘zbekistondagi bog‘lar Markaziy Osiyoning an’anaviy, murakkab yog‘och o‘ymakorligi san’ati aks etgan shiyponlari bilan ajralib turadi”, — deyiladi xabarda.

“O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev an’anaviy o‘zbek shiyponlarini prezident Donald Trampga saxovat ila tuhfa etdi, u esa sovg‘alarni Amerika Qo‘shma Shtatlari xalqi nomidan qabul qilib oldi. G‘arbiy Potomak bog‘i mehmonlari shu kuzning oxirida nafis ishlangan ayvonlardan bahramand bo‘lishlari mumkin bo‘ladi”, — dedi AQSh Ichki ishlar vazirligining aloqa bo‘yicha direktori Keyti Martin (NYT iqtibosi).

O‘zbekistonning AQShdagi favqulodda va muxtor elchisi Furqat Sidiqov bu sovg‘a haqida o‘zining X sahifasida yozdi. “O‘zbek san’ati Vashingtondagi Amerika qahramonlari milliy bog‘ining bir qismiga aylanishidan faxrlanamiz. O‘zbekiston prezidentining AQSh prezidenti va Amerika xalqiga tuhfasi bo‘lgan ikkita an’anaviy o‘zbek shiyponi do‘stligimiz va strategik sherikligimiz ramziga aylanadi”, — dedi u.

Qayd etilishicha, Tramp Milliy xiyobon yaqinida joylashgan, asosan sport maydonlaridan iborat G‘arbiy Potomak bog‘ida keng masshtabli loyihani amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Loyiha hovuzlar, ovqatlanish joylari, amfiteatr hamda taniqli amerikaliklarning tabiiy o‘lchamdagi 250 ta haykalini o‘z ichiga oladi. Taklif etilayotgan Qahramonlar bog‘i yaqinida golf maydoni bo‘lib, Tramp uni hashamatli dam olish maskaniga aylantirishni taklif qilgan.

Biroq Tramp ma’muriyati rasmiylariga ko‘ra, ikkala loyiha ham hali dastlabki rejalashtirish bosqichida. Qahramonlar bog‘iga doir har qanday rejalar, jumladan, alohida haykallarning dizaynlari odatda Poytaxtni rejalashtirish milliy komissiyasi hamda Tasviriy san’at komissiyasi orqali ko‘rib chiqilishi kerak.

Iyun oyida Qo‘shma Shtatlar va O‘zbekiston savdo hamda investitsiya bitimi bo‘yicha muzokaralarni jadallashtirgandi. O‘zbekiston AQShning ko‘plab sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga qo‘llanadigan bojlarni bekor qilish yoki kamaytirishni o‘z zimmasiga olgan, deb yozadi NYT. “Qo‘shma Shtatlar esa O‘zbekistonning sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga nisbatan boj tariflarini qo‘llashda ijobiy jihatlarni inobatga olish majburiyatini qabul qilgan”.

2025-yilning sentabr oyida Tramp ijtimoiy tarmoqdagi postida Mirziyoyevni “Yuksak hurmatga sazovor” inson deb atagan va uni 8 milliard dollarlik Boeing samolyotlarini xarid qilgani bilan tabriklagandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.