Mirziyoyev TDT mamlakatlaridan kelgan talabalar uchun har yili 200 ta grant ajratilishini eʼlon qildi

Mirziyoyev TDT mamlakatlari talabalari uchun har yili 200 ta grant ajratilishini eʼlon qildi
Oʻzbekiston turkiy davlatlarning yosh fuqarolari uchun har yili 200 ta taʼlim grantini ajratadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 30 oktyabr kuni Anqarada boʻlib oʻtgan Turkiy davlatlar tashkilotining (TDT) 13-sammitida maʼlum qildi.
Davlat rahbari tashkilotga aʼzo mamlakatlar yoshlarini ushbu imkoniyatdan foydalanishga chaqirdi. Uning soʻzlariga koʻra, zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega yoshlar taʼlimiga kiritilgan sarmoyalar davlatlar oʻrtasidagi uzoq muddatli hamkorlikning asosiga aylanadi.
Bundan tashqari, "Yangi Oʻzbekiston" stipendiya dasturi doirasida 500 nafar xorijlik talaba oʻqish uchun grant olib boʻldi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) mamlakatlari oʻrtasida fuqarolarning safarlarini yengillashtirish, jumladan, chegaralarni ID-kartalar orqali kesib oʻtish imkoniyatlarini kengaytirishni taklif qilgan edi. U ushbu tashabbus bilan 30 oktyabr kuni tashkilotning Anqaradagi sammitida chiqish qildi.

