“Milliy manfaatlarni himoya qilish, dunyodan yopilish degani emas” — Sherzod Asadov

“Milliy manfaatlarni himoya qilish — dunyodan ajralish emas” — Sherzod Asadov
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida boʻlib oʻtgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi dunyo, yangi tashabbuslar” xalqaro media forumida nutq soʻzladi.
Forumda Sherzod Asadov zamonaviy jurnalistika duch kelayotgan tahdidlar, sunʼiy intellektning oʻrni, soʻz erkinligi, milliy media va jurnalistning jamiyatdagi ahamiyati haqida oʻz fikrlarini bildirdi.
“Bugungi kunda axborot chegaralarni tan olmaydi. Biror voqea haqidagi xabar bir necha soniya ichida millionlab odamlarga yetib boradi. Biroq, axborot bilan birga yolgʻon, manipulyatsiya, soxta xabarlar va axborot hujumlari ham tez tarqalmoqda. Shu sababli, bugun jurnalistika oldidagi eng muhim vazifalardan biri ishonchli axborotni taʼminlashdir”, — dedi u.
Sherzod Asadov sunʼiy intellektning jurnalistikaga jadal kirib kelayotganiga ham toʻxtaldi. Uning taʼkidlashicha, sunʼiy intellekt jurnalistning oʻrnini egallamaydi, aksincha, uning imkoniyatlarini kengaytiradi.
“Texnologiyalar qanchalik rivojlanmasin, jurnalistikaning asosiy mezonlari — haqiqat, xolislik, vijdon va inson manfaatiga xizmat qilish tamoyillari oʻzgarmas boʻlib qolishi kerak”, — dedi prezident matbuot kotibi.
U, shuningdek, zamonaviy jurnalistikaning bugungi global muammolaridan biri sifatida haqiqiy soʻz erkinligi inqirozi masalasini koʻtardi. Ayrim hollarda soʻz erkinligining siyosiy bosim vositasiga aylanishi jurnalistikaning xolisligi va ishonchliligiga putur yetkazayotganini qayd etdi.
Sherzod Asadovning soʻzlariga koʻra, milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilishni anglatmaydi. Aksincha, bu — faktlarga tayanish, voqealarni xolis tahlil qilish va jamiyat bilan ochiq muloqot oʻrnatishdir.
Prezident matbuot kotibi jurnalistning vazifasi faqat axborot yetkazish bilan cheklanmasligini ham taʼkidladi. Jurnalist odamlarning dard-u tashvishini tinglaydi, muammolarini koʻtaradi va jamoatchilik ovozining davlat idoralariga yetib borishini taʼminlaydi.
Shu bilan birga, Sherzod Asadov forumning Islom sivilizatsiyasi markazida oʻtkazilayotgani oʻziga xos ramziy maʼnoga ega ekanini taʼkidladi. Prezident tashabbusi bilan barpo etilgan ushbu maskan xalqimizning koʻp ming yillik ilmiy va maʼnaviy merosini jahonga tanitishga xizmat qiladi.
Uning taʼkidlashicha, Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Ulugʻbek va Alisher Navoiy kabi buyuk allomalar merosi butun bashariyatning bebaho boyligidir. Xorazmiy nomi bugun “algoritm” atamasida yashab kelayotgani ham ajdodlarimiz merosi zamonaviy ilm-fan va texnologiyalar bilan uzviy bogʻliqligini koʻrsatadi.
Sherzod Asadov milliy merosni faqat muzey va kitoblarda saqlash bilan cheklanmasdan, uni zamonaviy raqamli formatlarda, yosh avlodga tushunarli tilda va jahon jamoatchiligiga xolis yetkazish zarurligini taʼkidladi.

