Millionlab dollar ham töxtatolmagan Abdul Al-Said AQŞning ilk musulmon senatori bölişi mumkin
AQŞda 3-noyabr kungi saylovlarning eng muhim poygalaridan biri Miçiganda keçyapti. Prezident Donald Tramp Al-Saidni «jihodçi» deb atagan, sobiq prezident Barak Obama esa uni qöllab, saylaşga çaqirdi.

Millionlab dollar ham to‘xtata olmagan Abdul Al-Said AQShning ilk musulmon senatori bo‘lishi mumkin
AQShdagi oraliq saylovlar prezidentlik muddatining o‘rtasida o‘tadi va Kongress tarkibini belgilaydi. Bu yil Vakillar palatasidagi barcha 435 o‘rin hamda Senatdagi 100 o‘rindan 35 tasi uchun ovoz beriladi, qator shtatlarda gubernatorlar ham saylanadi. Hozir Senatda 53 o‘rin respublikachilarga tegishli. Ko‘pchilik uchun demokratlar o‘z o‘rinlarini saqlab, yana to‘rttasini tortib olishi kerak.
Michigan bu saylovlarda alohida o‘rin tutadi. Shtatdagi o‘rin demokrat senator Geri Piters 2025-yil yanvarida qayta saylanmasligini ma’lum qilgani uchun bo‘shamoqda. Bu yerda Senatdagi bo‘sh o‘rin uchun demokrat, sog‘liqni saqlash sohasidagi sobiq mansabdor Abdul Al-Said va respublikachi, sobiq kongressmen Mayk Rodjers kurashmoqda.
So‘nggi so‘rovnomalar Al-Said oldinda ekanini ko‘rsatmoqda. New York Times va Siena universitetining 1-noyabrda e’lon qilingan yakuniy so‘rovida Al-Said 53 foiz, Rodjers 42 foiz ovoz olgan.
Al-Said siyosatga tibbiyot va jamoat salomatligi sohasidan kirib kelgan. U 1984-yilda Michiganda, Misrdan ko‘chib kelgan muhojirlar oilasida tug‘ilgan. Michigan universitetini bitirgan, Oksfordda jamoat salomatligi bo‘yicha doktorlik darajasini, Kolumbiya universitetida esa tibbiyot diplomini olgan.
2015-yilda Detroyt meri uni shahar sog‘liqni saqlash departamentiga rahbar etib tayinlagan. 2018-yilda esa gubernatorlikka nomzod bo‘lib, partiya ichidagi dastlabki saylov — praymerizda hozirgi gubernator Gretchen Uitmerga yutqazgan. So‘ng podkast, kitob va televideniye orqali auditoriyasini kengaytirdi.
Piters Senatdan ketishini ma’lum qilgach, Al-Said 2025-yil aprelida Senatga nomzodligini e’lon qildi.
«Dunyodagi eng boy va eng qudratli mamlakatda yashab qolish haddan tashqari qiyin. Kun ko‘rish bunchalik og‘ir bo‘lmasligi kerak», degandi u o‘shanda AP’ga. Uni birinchi kundan senator Berni Sanders, 2026-yil iyulidan esa Vakillar palatasi a’zosi Aleksandriya Okasio-Kortes qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
4-avgustdagi praymerizda Al-Said o‘z partiyadoshi, Vakillar palatasi a’zosi Heyli Stivensni bir foizdan kamroq farq bilan ortda qoldirdi.

