Migratsiya agentligiga Muhsinxoʻja Abdurahmonov rahbar boʻldi
Prezident Behzod Musayevni boshqa ishga oʻtishi munosabati bilan Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi direktori lavozimidan ozod etdi. Idoraning yangi rahbari etib 2021 yilning iyul oyidan buyon Yaponiyada elchi boʻlib ishlab kelgan Muhsinxoʻja Abdurahmonov tayinlandi.

Migratsiya agentligiga Muhsinxoʻja Abdurahmonov rahbar boʻldi
Musayev Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi direktori lavozimidan ozod etildi. Tegishli qarorni prezident Shavkat Mirziyoyev imzoladi, deya xabar berdi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov. Hujjatda uning boshqa ishga oʻtayotgani koʻrsatilgan.
Agentlikning yangi rahbari etib prezident 2021 yil iyul oyidan buyon Oʻzbekistonning Yaponiyadagi elchisi lavozimida ishlab kelayotgan Muhsinxoʻja Tursunxoʻjayevich Abdurahmonovni tayinladi.
U 52 yoshda. Toshkent iqtisodiyot universitetini tamomlagan (1996), AQShning Chiko shahridagi Kaliforniya davlat universitetida stajirovka oʻtagan (1994–1995), shuningdek, Prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi kurslarida tahsil olgan (1996–1998).
1998–2001 yillarda Otaru tijorat universiteti (Yaponiya) magistranti, 2001–2004 yillarda Xokkaydo universiteti (Yaponiya) doktoranti boʻlgan. 2006–2008 yillarda ushbu universitetning ilmiy tadqiqotchisi boʻlib ishlagan.
2004–2006 yillarda Coca-Cola Uzbekistan LLC kompaniyasi menejeri, 2008–2017 yillarda MTRUST (Yaponiya) kompaniyasi bosh direktori lavozimlarida faoliyat yuritgan.
2018–2021 yillarda Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshligʻi boʻlgan, keyin qisqa muddat Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligining Investitsiyalar boshqarmasini boshqargan.
Behzod Musayev (1973 y. t.) Migratsiya agentligiga 2024 yil sentyabr oyida rahbar boʻlgan edi. Bungacha u kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri boʻlib ishlagan. Shuningdek, sogʻliqni saqlash vaziri, Bosh vazirning ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari, Hisob palatasi va Davlat soliq qoʻmitasi raisi lavozimlarida faoliyat yuritgan.

