Mevaga aylangan vazir va “shagʻal” taʼmli shakar: tilimizdagi sanskritcha sirlar

Mevaga aylangan vazir va “shagʻal” taʼmli shakar: tilimizdagi sanskritcha sirlar
“Qudratli roja shatranj oʻynab, shakardek shirin mandarin yeyayotganida baxshi jasorat haqida kuylardi”. Bu jumlaning qariyb yarmi sanskrit soʻzlari ekaniga ishonasizmi? Eng qadimiy tillardan biri boʻlgan va dunyoning juda koʻp tillariga soʻzlar hadya qilgan sanskrit tili oʻzbekchaga ham begona emas.
Hind zaminidan chiqqan egizaklar
Oʻtib boʻlmas tikanli butazor va qalin toʻqaylarni changal yoki changalzor deymiz. Qizigʻi, bu soʻz asliyatda qalin oʻrmonni emas, aksincha, yeri quruq, daraxtlari siyrak maydonni bildirgan. Uning ildizi qadimgi sanskrit tilidagi jangala – qurgʻoqchil, siyrak butali, ishlov berilmagan yer atamasiga borib taqaladi. Bu soʻz fors tili orqali tilimizga oʻzlashgan. Jonli tilda uni jingil, jangal shakllarida ham ishlatamiz.
Xorij kinolaridan yaxshi tanish boʻlgan jungli soʻzi changal bilan aka-uka. XVIII asrda Hindistonga borgan inglizlar bu soʻzni oʻzlashtirdi. Vaqt oʻtib ingliz tilida u qalin, yovvoyi oʻsimliklar bosgan joyni anglatadigan boʻldi.
Zoʻravonlik va qonunsizlik hukm surgan muhitni tasvirlashda jungli qonunlari degan iborani ishlatamiz. Bu ibora Redyard Kiplingning 1894-yilda chop etilgan “Jungli kitobi” asari bilan ommalashgan. Uning qonunsizlik ramziga aylanishi esa amerikalik yozuvchi Apton Sinklerning 1906-yilda chop etilgan “Jungli” romani bilan bogʻliq. Muallif bu nom orqali oʻsha davr jamiyatidagi shafqatsiz tartiblarni fosh etgan edi.
Shu maʼnodagi soʻz oʻzbekchada boʻlmaganmi? Ming yil oldin ajdodlarimiz bunday qalin butazor va toʻqaylarni nima deb atagan? Mahmud Koshgʻariy lugʻatida oʻtib boʻlmas qalin toʻqayzor maʼnosida buk soʻzi qayd etilgan. Biroq asrlar oʻtib bu turkiycha soʻz unutildi, uning oʻrnini oʻzlashma soʻzlar egallab oldi.
Bolamizni “shagʻal” deb erkalaymizmi?
Shakar – eng qadimiy shirinliklardan biri. Makedoniyalik Iskandar va uning safdoshlari uni bolarisiz bol deya taʼriflagan. Milodiy I asrda yashagan rimlik yozuvchi Katta Pliniy shunday yozadi: “Shakar Arabistonda ham tayyorlanadi, lekin Hindiston shakari yaxshiroq. U qamishda uchraydigan asal turidir. Shakar smola kabi oppoq boʻlib, tishlar orasida gʻichirlaydi. Yongʻoq kattaligidagi boʻlaklarda sotiluvchi shakardan faqat tibbiy maqsadlarda foydalaniladi”. Pliniyning bu soʻzlari bizga ajablanarli tuyulishi mumkin. Sababi u yashagan Rim imperiyasiga bu mahsulot Hindistondan Misr orqali yetkazilgan, oʻta qimmat boʻlgani bois koʻpincha dorilik uchungina isteʼmol qilingan. Keyinchalik musulmonlar Sitsiliya va Ispaniyada shakarqamish yetishtirishni yoʻlga qoʻygach, u oddiy xalq dasturxoniga ham kirib keldi.
Shakar sanskritcha sharkara – shagʻal, qum, qand uni soʻzidan kelib chiqqan, hind va fors tillari vositasida oʻzbekchaga oʻzlashgan. Bu soʻz “Qutadgʻu bilig”da uchraydi, “Devonu lugʻatit turk”da esa shakar qoʻshib pishiriladigan taomlar haqida maʼlumot beriladi. Alisher Navoiy asarlarida shakkar, shakkarafshon, shakkarbor, shakarguftorligʻ, shakarlab, shakkariston, shakarxanda, shakarshikan kabi soʻzlarga duch kelamiz.
Vaqtlar oʻtib atama dunyo tillarini zabt etdi. Yevropaga fors va arab tillari oralab oʻrta lotin tili orqali tarqalgan boʻlsa, yana koʻplab tillar uni bevosita arabcha yoki yunonchadan oʻzlashtirgan. Masalan, qadimgi rus tiliga u yunoncha sakxaron soʻzidan saxar shaklida koʻchib oʻtgan.
Kundalik hayotda erkalash-maqtash maʼnosida shakar qizim, shakarim, shakarday shirin kabi iboralarni koʻp ishlatamiz. Qizigʻi, shunday murojaat shakli ingliz tilida ham bor. Ingliz tilida sugar soʻzining erkalash maʼnosida qoʻllanishi 1930-yillardan urfga kirgan.
Sanskritchadagi maʼnosi shagʻal ekani va ikkala soʻzning talaffuzi oʻxshashligini koʻrib, tilimizdagi shagʻal atamasi ham ayni shu oʻzakdan chiqmaganmikan degan faraz tugʻilishi tabiiy. Biroq buni isbotlovchi ilmiy dalil yoʻq, bu – shunchaki tasodif. Ayrimlar qumga aloqadorligi sababli shakar va sahro soʻzlarini ham bir ildizga bogʻlashga urinadi. Lekin bu soʻzlar oʻrtasida qarindoshlik yoʻq.
Poʻsti archilgan “amaldor”
Xushboʻy mandarinning poʻstini archib, ishtaha bilan yeyayotgan kishi bu soʻz aslida jiddiy davlat amaldorini anglatishini xayoliga ham keltirmasa kerak. XVI asrga oid portugal yozma manbalarida xitoylik amaldorlar mandarinlar degan nom bilan qayd etilgan. Keyinchalik Gʻarbda Min va Sin imperiyasi amaldorlarining tili ham shu nomni oldi. Vaqt oʻtib, mandarin atamasi Xitoy amaldorlari va bilimli kishilari soʻzlashadigan xitoy tili nomi sifatida ham qoʻllana boshladi.
Portugallar bu soʻzni malay tilidan olgan. Malakka sultonligida yashovchi portugallar xitoylik amaldorlar bilan uchrashganda ularga mandarin deb murojaat qiladi. Bu malaycha menteri soʻzining portugalchaga moslashgan talaffuzi edi. Malaylarning menteri atamasi esa qadimgi sanskritcha mantrin – maslahatchi, vazir soʻzining oʻzgargan shakli boʻlgan.
Davlat unvoni qanday qilib oddiy mevaga aylanib qoldi, dersiz? Mandarinning meva nomi sifatida qoʻllanishi ham Xitoy bilan bogʻliq edi. Bunga turlicha sabab koʻrsatiladi. Bir farazga koʻra, sitrus meva va xitoylik amaldorlar libosining rangidagi oʻxshashlik mandarin ning mevaga aylanishiga turtki boʻlgan. Boshqa bir talqinga tayanilsa, ushbu sitrus asosan yuqori lavozimli amaldorlar dasturxoniga tortilgani uchun ularning unvonini oʻziga nom qilib olgan. Bora-bora xalq tilida mandarin deganda amaldor emas, hammamiz sevadigan shirin meva tushuniladigan boʻlib qolgan.
Jadidlarni norozi qilgan atama: “sart” aslida nima degani?
Tariximizda sart atamasi atrofida koʻplab bahs-munozaralar yuzaga kelgan. Bunga atamaning turli davrlarda turlicha maʼno kasb etgani sabab boʻlgan. Masalan, Mahmud Koshgʻariy bu soʻzni savdogar maʼnosida izohlasa, Yusuf Xos Hojib ham uni shu maʼnoda qoʻllaydi. Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur esa bu atamani tojik tilida soʻzlashuvchilarga nisbatan ishlatgan. Xususan, Navoiy oʻz zamondoshi Sayyid Hasan Ardasherni “Bu faqir turk va sort orasida andin tamomroq kishi koʻrmaydurmen” deya taʼriflaydi. Bunda sort deganda forsiy tilli aholi nazarda tutilgan.
Vaqt oʻtishi bilan sart atamasi vohalardagi oʻtroq, dehqonchilik bilan shugʻullanuvchi aholini ifodalash uchun ham qoʻllana boshlagan. XX asr boshlariga kelib uning oʻzbeklarga nisbatan qoʻllanishi atrofida matbuotda keskin bahs-munozaralar yuzaga keldi. Xususan, Mahmudxoʻja Behbudiy “Oina” jurnalida eʼlon qilingan “Sart soʻzi maʼlum boʻlmadi” nomli maqolasida bu atamaning kelib chiqishi va qoʻllanishi hali uzil-kesil aniqlanmaganini taʼkidlagan.
Nufuzli manbalarda sart atamasi sanskritcha sārthavāha – karvonboshi, savdogar soʻzi bilan bogʻlanadi. Bu soʻzning qadimgi maʼnosi bilan Koshgʻariy keltirgan sart – savdogar izohining mos kelishi mazkur etimologik talqinni qoʻllab-quvvatlaydi.
Qozonga tushsa – chalpak, boshga tushsa-chi?
Hindistonga borgan inglizlar bosh uqalashga asoslangan muolajani oʻzlashtirib, uni ifodalovchi shampun soʻzini ham ingliz tiliga olib kiradi. Ingliz tilida ilk bor 1762-yilda qayd etilgan bu soʻz hindcha champo – bosmoq, uqalamoq soʻzidan olingan edi. Uning ildizi esa sanskritcha capayati – ezmoq, uqalamoq feʼliga borib taqaladi.
Bir asr davomida inglizlar bu soʻzni asosan massaj muolajasi maʼnosida ishlatgan. Sochni koʻpirtirib yuvish maʼnosi ilk bor 1860-yilda qayd etilgan.
Xushboʻy moylar bilan bosh uqalash anʼanasini Britaniyada bengal sayyohi, shifokor va tadbirkor Shayx Din Muhammad ommalashtiradi. U 1814-yili Braytonda davolovchi bugʻli hammom ochib, misli koʻrilmagan dovruq qozonadi. Hatto Buyuk Britaniya qirollari Jorj IV va Uilyam IV ning rasmiy “Qirolning shampunlovchi jarrohi” – Shampooing Surgeon unvoniga loyiq koʻriladi.
Mushuk ovlolmaydigan “sichqon”lar
Tovush tarkibiga qarab mushk soʻzini arab yoki fors tilidan oʻzlashgan deb oʻylash mumkin. Izohli lugʻatimiz buni qisman tasdiqlab, soʻzning forscha ekanini taʼkidlaydi. Lekin etimologik manbalar mushk fors tiliga sanskritchadan oʻtganini koʻrsatadi. Aslida tabiiy mushk moddasi musk kiyigining qorin ostidagi xaltasimon bezidan olinadi. Mitti xaltachaning shakli va koʻrinishi sababli qadimgi hindlar uni sanskritcha soʻz bilan mushka – moyak deb atagan. Bu atamaning oʻzi esa qadimgi hind-yevropa tilidagi mus – sichqon oʻzagidan yasalgan. Yevropa tillarida sichqonni bildiruvchi soʻzlar, masalan, inglizcha mouse yoki ruscha мышь ayni shu oʻzakdan tarqalgan.
Tilimizdagi mushak va muskul soʻzlari ham ana shu qadimiy ildizga borib taqaladi. Mushaklarning lotincha musculus nomi “kichkina sichqon” degan maʼnoni anglatgan. Haqiqatan oʻxshash-da: mushagini oʻynatayotgan sportchini eslang, mushak qoʻlda u yoqdan bu yoqqa yugurib oʻtayotganga oʻxshaydi.
Qadimgi turkiy tilda mushk yipar deb atalgan. U hozirgi oʻzbek tilida ipor shaklida saqlanib qolgan.
“Bangi”ning rangi
Oʻzaro soʻzlashuvda yoki yoshi kattaroq kishilarning tilida bangi soʻzini eshitgandirsiz? Nashavand, giyohvandni anglatadi. Oʻzbek tilining etimologik lugʻati bu soʻzni forscha deb koʻrsatsa, izohli lugʻat hindcha ekanini taʼkidlaydi. Aslida har ikki manbaning izohida ham jon bor.
Nasha oʻsimligi va undan tayyorlanadigan mast qiluvchi ichimlik qadimgi sanskrit tilida bhanga deb atalgan. Qadimiy hind bitiklarida bhanga muqaddas oʻsimliklardan biri sifatida tilga olinadi. Keyinchalik bu soʻz fors tili orqali bangi shaklida bizning tilimizga ham kirib kelgan.
Bugun bangi soʻzini eshitgan payti kishining tasavvurida rangida rang qolmagan, ozgʻin, koʻzlari nursiz qiyofa jonlanadi. Soʻzlar baʼzan oʻzi haqida oʻzi soʻzlaydi, undagi maʼno tovushlarga singib ketganga oʻxshaydi. Rangsizlik va nursizlikni oʻzida mujassam etgan bangi atamasi haqida ham shunday deyish mumkin.
Toʻningiz koʻkmidi, Nilufar?
Nilufar soʻzidan sheʼriyat ufurib turadi, unda nafislik va ohang bor. Yirik bargli, chiroyli katta gullar ochadigan bu suv oʻsimligining nomi sanskritcha nīlotpala – suvda oʻsadigan koʻk gul soʻzining oʻzgargan shaklidir. Biz koʻcha-koʻyda koʻradigan nilufarlar asosan oq rangda boʻladi. Nega bu suv gulining nomida koʻk rang maʼnosi bor? Javobi jugʻrofiya bilan bogʻliq: Hindiston va uning atrofidagi hududlarda moviy suv nilufari qadimdan mashhur boʻlgan va eʼzozlangan.
Bu nafis soʻz Yevropa tillariga ham kirib borgan. Masalan, fransuz va ispanlar uni Sharq tillari orqali nenufar shaklida qabul qilgan.
Soʻzning birinchi qismi nil tilimizda alohida ham qoʻllanadi, nil, niliy soʻzlari koʻk rang bilan bogʻliq maʼnolarni beradi. Masalan, koʻk gumbazlar iborasini shoirlar niliy gumbazlar deb qoʻllashi mumkin.
Taomlarga maza bergan “pul”lar
Murch – dunyo oshxonalarida eng koʻp ishlatiladigan ziravorlardan biri. Murch soʻzi sanskritcha maricha atamasidan kelib chiqqan.
Bu atamaga qarindosh sanskritcha pippali soʻzining kechmishi ham qiziq. U asli uzun qalampirning nomi boʻlgan. Bu soʻz yunon, lotin tillari orqali Yevropaga yoyilgan. Uzun qalampirning oʻrnini murch egallagach, bu nom asosan murchga nisbatan ishlatila boshlagan. Natijada lotincha piper , inglizcha pepper , nemischa pfeffer , ruscha перец soʻzlari dunyoga kelgan.
Oʻrta asrlarda murch juda qimmatbaho tovar boʻlgan: ayrim joylarda undan ijara, soliq va boshqa toʻlovlarda ham foydalanilgan. Yevropaning ayrim shaharlarida ziravor savdosidan boyigan savdogarlarga “murch qoplari” kabi laqablar berilgan. Oʻsha davrlarda Yevropada murch soʻzi xushboʻy ziravorlarning umumiy nomiga aylangan.
Bolaligimizda sevib yeganimiz shirin kulcha – pryanik ning nomi ham murch va ziravorlar tarixiga borib taqaladi. Xamiriga qimmatbaho ziravorlar qoʻshib pishirilgan asalli tansiq kulchani olmonlar pfefferkuchen – murchli kulcha deb atagan. Qadimgi rus tilida esa пряный – ziravorli, xushboʻy sifatidan shirinlik nomi – пряник shakllangan. Soʻzning evrilishini qarang: achchiq murch tillar osha sayohat qilib, shirin pishiriqning nomiga aylanib ketgan!
Bizda urf boʻlgan, Yevropada taqiqlangan
Hozir eng arzon matolardan boʻlgan chit bir paytlar Yevropani vasvasaga solganini, uni olib kirish va undan foydalanish hatto qonun bilan cheklanganini koʻpchilik bilmasa kerak.
Chit matosi odatda gul va naqshlar bilan bezatiladi. Uning nomi ham shu xususiyatni aks ettiradi. Chit soʻzi qadimgi sanskrit tilidagi chitra — chiroyli, yorqin, rango-rang, ola-bula maʼnolarini bildiruvchi soʻzdan olingan. Demak, uning nomidayoq rang-baranglik va bezak tushunchasi mujassam.
Ushbu atama hind tili orqali Sharq va Yevropa tillariga tarqalgan. XVII asrda Hindiston bilan savdo-sotiq qilgan inglizlar bu matoni ham, uning nomini ham oʻzlashtirib, chintz deb atay boshlagan. Ingliz tilida bu soʻz bugun ham yirik gulli va naqshli paxta matosini anglatadi.
Sharqdan keltirilgan bu yorqin mato Yevropada shiddat bilan urfga kirib, mahalliy ipak va jun toʻqimachiligini jar yoqasiga keltirib qoʻyadi. Oqibatda 1686-yili Fransiya, 1700-yillardan boshlab esa Angliya ham chit va boshqa bosma paxta matolarini cheklash va taqiqlashga kirishadi. Biroq taqiqlarga qaramay, chitga boʻlgan qiziqish soʻnmadi: u Yevropada moda va hashamat bilan bogʻliq matolardan biri boʻlib qoldi.

