Metan zapravka va issiqxonalar gazdan eng koʻp noqonuniy foydalanmoqda — “Oʻzenergoinspeksiya”
Tashkilot rasmiylari 10 oyda 900 mlrd soʻmlik gaz va elektr tokidan qonunga zid foydalangani aniqlandi. Xususan, tabiiy gazni talon-toroj qilishda xususiy sektor ulushi kattaligi aytildi.

Metan zapravkalar va issiqxonalar gazdan eng ko‘p noqonuniy foydalanmoqda — “Oʻzenergoinspeksiya”
Oʻzbekistonda 2026-yilning oʻtgan davrida 900 mlrd soʻmlik gaz va elektr tokidan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi. Bu haqda “Oʻzenergoinspeksiya” boshligʻi Ahadjon Isoqjonov 4-noyabr kuni Toshkent shahrida oʻtkazilgan matbuot anjumanida maʼlum qildi, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri.
Tadbirda aytilishicha, 10 oy davomida 144 mln metr kub gaz (441,2 mlrd soʻm) hamda 243,1 mln kVt soat elektr toki (459,1 mlrd soʻm) talon-toroj qilingani fosh etilgan.
“Tabiiy gaz va elektr energiyasi bo‘yicha davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar qiymati 900 mlrd soʻmni tashkil etdi. Hozirgacha shuning 250 mlrd soʻmga yaqini undirildi. Qolgan qismini huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan undirish choralari koʻrilmoqda”, dedi tashkilot rahbari.
Matbuot anjumanida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarining katta qismi xususiy sektor hissasiga toʻgʻri kelayotgani aytildi. Jumladan, tabiiy gazdan qonunga xilof ravishda foydalanish ulushi issiqxonalar va avtomobillarga gaz toʻldirish shoxobchalarida yirik hisoblanadi. Shu bilan birga, trikotaj fabrikalari ham qonunbuzarlikka nisbatan koʻp qoʻl urmoqda.
Tadbirda yil boshidan beri gazdan oʻgʻrincha foydalangan 24 ta metan zapravkaga jazo choralari koʻrilgani taʼkidlandi.
Inspeksiya tomonidan neft mahsulotlari, xususan benzin va dizel sifati ham doimiy nazorat qilinayotgani aytib o‘tildi.
“Sifat ustidan olib borilgan nazorat tadbirlarida 330 ta holatda 7 ming 823 tonna neft mahsulotining sifatsizligi aniqlanib, ularni sotuvga chiqarilishining oldi olindi”, dedi Ahadjon Isoqjonov.
Aytilishicha, sifat nazorati davomida aniqlangan 330 ta holatdan 240 tasi benzinga oiddir. Tekshiruvlarda asosan Ai-92 va Ai-95 markali benzin sifatsiz chiqayotgani bildirildi.
Tahlillarga qaraganda, oʻtgan davrda 283 ta tadbirkorlik subyektiga ortiqcha hisoblangan 5,3 mlrd soʻmlik elektr energiyasi, 19,8 mlrd soʻmlik tabiiy gaz qayta hisob-kitob qilingan.
Oʻz navbatida aholi orasida ham energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar koʻp uchrayotgani ta’kidlandi. Masalan, joriy yilning oʻtgan davrida fuqarolarga nisbatan 4 ming 629 ta maʼmuriy jarima qo‘llanilgan.
Avvalroq Oʻzbekiston 2026-yil yanvar-avgust oylarida 322,3 mln dollarlik gaz eksport qilgani maʼlum boʻlgandi.

