Layfstayl

Metallning parvozi. Toshkentda avangardchi-xaykaltarosh Bayot Muxtorov xotirasiga bagʻishlangan koʻrgazma boʻlib oʻtmoqda

Oʻzbekistonlik haykaltarosh Bayat Muxtarov xotirasiga bagʻishlangan «Levitatsiya» koʻrgazmasi OʻzMB galereyasida boʻlib oʻtmoqda. Ekspozitsiyada uning yogʻoch, metall, tosh va smaltadan yasalgan asarlari oʻrin olgan boʻlib, ulardagi materiallarning noodatiy uygʻunligi va ochiq konstruktsiyalar vaznsizlik tuygʻusini uygʻotadi. Haykallarning muallaq turishini «Gazeta» kuzatdi.

Metallning parvozi. Toshkentda avangardchi haykaltarosh Bayat Muxtarov xotirasiga bagʻishlangan koʻrgazma boʻlib oʻtmoqda

Oʻzbekiston Tasviriy sanʼat galereyasida (OʻzMB) oʻzbek haykaltaroshi Bayat Muxtarov (1946−2015) xotirasiga bagʻishlangan «Levitatsiya» koʻrgazmasi ochildi. Ekspozitsiyada oʻz ijodida haykaltaroshlikning odatdagi tushunchalaridan tashqariga chiqish yoʻllarini izlagan rassomning hayotining soʻnggi yillarida yaratgan asarlari jamlangan. Koʻrgazmaga Oʻzbekiston Milliy banki kollektsiyasidan, shuningdek, rassomning oila aʼzolari tomonidan topshirilgan uning xonadon toʻplamidan olingan ishlar kiritilgan.

Bayat Muxtarov Andijonda tugʻilgan, ammo Toshkentda ulgʻaygan. 1979 yilda u Toshkent teatr va rassomlik institutini tamomlab, u yerda monumental-dekorativ plastikani oʻrgangan. Biroq haykaltarosh oʻz ijodida akademik qoidalar yoʻlidan bormadi. Uni noodatiy shakllar va avangard yechimlar qiziqtirar edi.

«Bayat hamisha ozodlikni sevardi. Unga naturalistik nusxa koʻchirish yoqmasdi — u fikrlarni kompozitsiya, materiallar kombinatsiyasi va shartli obraz orqali ifodalashning yangi usullarini izlardi. Xorijiy avangardchi rassomlarning nashrlarini topib: „Odam mana shunday ishlashi kerak. Bu realizmning nima keragi bor?“ der edi. Institutdan soʻng u koʻproq erkinlikni his qildi — undan endi realistik portretlar talab qilinmasdi. U koʻpchilik haykaltaroshlardan farqli oʻlaroq, oʻz fikricha ishlay boshladi. Menimcha, ijodning qadri ham shunda — hammaga oʻxshamaslikda», — deb eslaydi uning guruhdoshi, haykaltarosh Lyudviga Nesterovich.

Bayat Muxtarov ijodiga taʼsir koʻrsatgan rassomlar orasida monumental yarim abstrakt figuralari bilan tanilgan britaniyalik Genri Mur ham bor edi. Muxtarovni uning noodatiy shakllarining taʼsirchanligi oʻziga jalb qilardi. Nesterovichning soʻzlariga koʻra, hatto proportsiyalar notoʻgʻri va yechim deyarli joʻn tuyulgan joylarda ham u energiya va monumentallikni koʻra olgan. Shu bilan birga, Muxtarov boshqalarning usullarini takrorlashga intilmay, oʻz badiiy tilini izlagan.

Muxtarov hayotida adabiyot va filosofiya ham muhim oʻrin tutgan. Sevimli mualliflari orasida Kant, Gegel, Xeminguey, Vonnegut, Bredberi, Lao-Tszi, Konfutsiy bor edi. Haykaltarosh Marina Borodinaning soʻzlariga koʻra, rassom oʻz avlodining koʻplab vakillari kabi ilmiy fantastikaga qiziqqan va bu qiziqish uning asarlarida oʻz aksini topgan.

Fantastik va mifologik obrazlar rassomga real dunyo va u qanday boʻlishi mumkinligi haqida gapirishga yordam bergan.

«Muxtarov asarlarida filosofiya, mumtoz Amerika adabiyoti va sharqona islom sanʼati hayratlanarli tarzda mujassamlashgan. Islom sanʼatida yirik yuzalar koʻpincha koʻplab mayda elementlar bilan parchalanadi va hajm ogʻir tuyulishdan toʻxtab, goʻyo fazoda erib ketgandek boʻladi. Rassomning detallari ham yengillik hissini yaratadi. U aniq anatomik tasvirlashga intilmaydi — inson figuralari siluetlar va motivlar orqali ilgʻanadi. Bularning barchasi rassomning tarix va madaniyatga keng qarashidan dalolat beradi», — deydi Marina Borodina.

Muxtarov oʻz asarlarida metall, tosh, keramika, oyna, smalta va qumdan foydalangan. Koʻp qatlamli kompozitsiyalarda gʻadir-budur yuzalar yaltiroq metall va rangli qoʻshimchalar bilan yonma-yon joylashgan. Alohida elementlar mustaqillikni saqlab qoladi va bir xil massaga qoʻshilib ketmaydi.

«Akademik haykaltaroshlik odatda vazn, monumentallik, qudratga asoslanadi. Muxtarov bu qoidalarni buzib, haykalni deyarli vaznsiz qilishga intilgan. Hatto ogʻir metall ham uning asarlarida goʻyo fazoda „parvoz qila“ boshlaydi. U materiallar bilan noodatiy tarzda ishlagan va bugungi kunda ham qiziqarli boʻlgan koʻp qatlamli qotishmani qoʻlga kiritgan», — deydi Borodina.

Koʻrgazma nomi uning markaziy asariga — 2009 yilda yogʻoch, metall va smaltadan yaratilgan shu nomdagi haykalga ishora qiladi. «Levitatsiya»da yaxlit hajm yoʻq. Uning markazida yogʻoch brusoklar va plastinalar, metallik detallar hamda smaltaning koʻk-oq parchalari jamlangan. Kompozitsiyani uning chegaralaridan chiqib, uni erkin oʻrab turuvchi metallik yoylar oʻrab oladi. Elementlar orasidagi boʻshliqlar haykal ichidan qarash imkonini beradi, ochiq konstruktsiya esa yengillik va harakat hissini yaratadi.

Lyudviga Nesterovichning hisoblashicha, bu nom nafaqat asardan olingan taassurotni, balki uni yaratish jarayonidagi rassomning holatini ham ifodalaydi: «Bu aynan parvozning oʻzi. Menimcha, u ijod qilayotganda oʻzi ham uchib ketardi. Uning asarlari aynan shunday tuygʻularni uygʻotadi — ular qandaydir bu dunyoga tegishli emasdek».

Haykallardan tashqari, koʻrgazmada relyefli xolstlar ham taqdim etilgan. Marina Borodinaning tushuntirishicha, rassom avval obrazni grafikada izlagan va shundan keyingina uni hajmga koʻchirgan. Vaqt oʻtishi bilan rasm mustaqil asarga aylangan.

«Muxtarov asarlarini har doim ham tezda tushunib boʻlmaydi. Avvaliga nigoh alohida detallarga qadaladi: metallning egilishi, yogʻoch parchasi, rangli qoʻshimcha, pannodagi yuz. Soʻng ular obrazga aylanadi, agar asarga boshqa tomondan qaralsa, bu obraz oʻzgarishi mumkin. Uni misoli ijodda belgilangan qoidalarga amal qilish shart emasligini koʻrsatadi — oʻz fikricha ishlab va noyob narsa yaratib, oʻzligini topish mumkin», — deb tushuntiradi Borodina.

«Levitatsiya» koʻrgazmasi 14 noyabrgacha davom etadi. Galereya seshanbadan shangbagacha soat 10:00 dan 18:00 gacha ishlaydi. Kirish pullik.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.