Meta ijtimoiy tarmoqlarning bolalarga zarari boʻyicha 17 mlrd dollar tovon puli toʻlaydi
Meta Platforms kompaniyasi oʻziga tegishli boʻlgan Facebook va Instagram ijtimoiy tarmoqlarining voyaga yetmaganlarga yetkazgan zarari boʻyicha daʼvolar yuzasidan AQSH 29 ta shtati bilan qariyb 17 milliard dollargacha tovon puli toʻlash haqida kelishuvga erishdi.

Meta kompaniyasi ijtimoiy tarmoqlarning bolalarga salbiy taʼsiri bilan bogʻliq daʼvolar boʻyicha 17 milliard dollar miqdorida tovon puli toʻlashga rozi boʻldi.
Daʼvolarda ijtimoiy platformalar bolalarda qaramlikni keltirib chiqarishi, foydalanuvchilarni xavfsizlik masalasida chalgʻitishi va voyaga yetmaganlarning shaxsiy maʼlumotlarini noqonuniy yigʻishi taʼkidlangan edi.
Sud jarayonidan avval Meta ehtimoliy jarimaning maksimal miqdorini qariyb 1,4 trillion dollarga baholagan boʻlsa, shtatlarning bosh prokurorlari 200 milliard dollar atrofidagi ancha realroq raqamni ilgari surgan edi.
Axios maʼlumotlariga koʻra, Meta voyaga yetmaganlar uchun bir qator cheklovlarni joriy etadi. Bularga 18 yoshgacha boʻlgan foydalanuvchilar uchun Facebook va Instagram’da kuniga 2 soatlik cheklov, yarim tundan tonggi 6 gacha kirishni bloklash, shuningdek, dars vaqtlarida bildirishnomalarni cheklash kiradi.
**Pullar qayerga sarflanadi?**
Bu shunchaki jarima emas, balki Meta shtatlarga jamoat salomatligini mustahkamlash boʻyicha turli maqsadlar uchun mablagʻ ajratishga rozi boʻldi. Bu maqsadlar qatoriga inqiroz holatlarida yordam koʻrsatish, darsdan keyingi dasturlar, faol dam olish va yoshlarning ruhiy salomatligini qoʻllab-quvvatlash dasturlari kiradi.
**Qiziqarli jihat – raqobatchilarga bosim**
Kelishuv summasining taxminan 5 milliard dollari faqat YouTube va TikTok ham shtatlar bilan shunga oʻxshash bitimga rozi boʻlsagina kuchga kiradi. Bu bitim bir soatlik kunduzgi cheklovni, tungi cheklovlarni, yoshni tasdiqlash tizimlarini joriy etishni hamda har bir kompaniyaning taxminan 5 milliard dollar toʻlashini oʻz ichiga oladi. Yaʼni, Meta shu yoʻl bilan raqobatchilarni ham oʻziga oʻxshash tartibga solish doirasiga tortishga harakat qilmoqda.
**Moliyaviy oqibatlar**
Kompaniya ushbu kelishuv munosabati bilan joriy chorakda 10 milliard dollar miqdoridagi xarajatlarni hisobga olishini maʼlum qildi – bu summa avvalgi prognozlarda koʻzda tutilmagan edi. Premarketda Meta aksiyalari 4,4 foizga oʻsdi – aftidan, investorlar buni eng yomon ssenariyning oldi olindi, deb qabul qilishgan.

