Meta Hindistonda bolalarning jinsiy ekspluatatsiyasi aks etgan materiallarni targʻib qiluvchi reklamalarni namoyish etishda davom etmoqda — hisobot
Bu hisobot BBC Eye surishtiruvidan soʻng eʼlon qilindi, unda Instagram Hindistonda shu kabi materiallarni targʻib qiluvchi pullik reklamalarni joylashtirgani aniqlangan edi.

Meta Hindistonda bolalarning jinsiy zoʻrlanishi aks etgan materiallarni targʻib qiluvchi reklamalarni koʻrsatishda davom etmoqda - hisobot
Tech Transparency Project (TTP) tashkiloti Facebook va Instagram tarmoqlarida bolalarning jinsiy zoʻrlanishi aks etgan (CSAM) 332 ta reklama joylashtirilganini aniqlaganini maʼlum qildi
AQShda joylashgan faollar guruhining yangi hisobotiga koʻra, Meta soʻnggi 10 oy ichida sunʼiy intellekt tomonidan yaratilgan, bolalarning jinsiy zoʻrlanishi tasvirlangan yuzlab pullik reklamalarni, jumladan, Hindistonda bir nechta shunday reklamalarni namoyish etgan.
Ushbu hisobot Hindiston hukumati Meta kompaniyasiga Instagram'da bolalarning jinsiy zoʻrlanishi aks etgan materiallarni (CSAM) targʻib qiluvchi barcha reklama va kontentlarni olib tashlashni buyurganidan ikki oy oʻtib eʼlon qilindi. Ushbu buyruq BBC Eye surishtiruvidan soʻng chiqarilgan boʻlib, unda Instagram Hindistonda CSAM'ni targʻib qiluvchi pullik reklamalarni namoyish etayotgani aniqlangan edi.
BBC ushbu topilmalar boʻyicha Meta bilan bogʻlanganda, kompaniya oʻz bayonotida shunday dedi: "Biz kiyimsizlantiruvchi (nudify) ilovalar yoki bolalarni har qanday shaklda ekspluatatsiya qilishga, xoh u haqiqiy boʻlsin, xoh sunʼiy intellekt tomonidan yaratilgan boʻlsin, toqat qilmaymiz. Bu jinoyatchilar aniqlanishdan qochish uchun oʻz taktikalarini doimiy ravishda oʻzgartirib turishadi, shu bois biz aniqlash va chora koʻrish tizimlarimizni kuchaytirishda davom etamiz".
Seshanba kuni eʼlon qilingan TTP hisobotida aytilishicha, reklamalarda haqiqiy bolalarning, jumladan, Yevropa qirollik oilasi aʼzosining bir nechta fotosuratlaridan foydalanilgan va keyin ular sunʼiy intellekt yordamida oʻzgartirilgan. Tashkilotning taʼkidlashicha, TTP kompaniyani oʻz xulosalaridan ogohlantirganidan keyin ham Meta platformalarida oʻndan ortiq reklama paydo boʻlgan.
Reklamalarning taxminan toʻrtdan bir qismi, yaʼni 84 tasi Hindistonda namoyish etilgan va ulardan 78 tasi Hindiston hukumatining CSAM'ni olib tashlash toʻgʻrisidagi buyrugʻi va Meta'ning yuqori lavozimli mulozimlari bilan uchrashuvidan keyin chop etilgan.
BBC surishtiruvidan soʻng Hindistonning bir nechta idoralari, jumladan, Bolalar huquqlarini himoya qilish milliy komissiyasi va Inson huquqlari boʻyicha milliy komissiya ushbu masalani oʻrganayotganini maʼlum qildi.
Hindistonda CSAM tarqatish jinoiy javobgarlikka sabab boʻladi, Meta siyosatida esa reklamalarda bolalarni jinsiy ekspluatatsiya qiluvchi yoki ularni xavf ostiga qoʻyuvchi kontent boʻlmasligi kerakligi belgilangan.
Biroq Hindistonda bolalarga nisbatan zoʻravonlikning oldini olish ustida ishlovchi 250 dan ortiq tashkilotlar tarmogʻi — "Just Rights for Children" asoschisi Bhuvan Ribhu bu yetarli emasligini aytadi.
"Ijtimoiy tarmoq kompaniyalari bolalarni himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunlarimizda talab qilinganidek, bolalarning jinsiy zoʻrlanishiga oid kontent haqida Hindiston huquq-tartibot idoralariga xabar bermasdan, Hindiston qonunlarini ochiqchasiga buzmoqda", dedi Ribhu.
TTP maʼlumotlariga koʻra, u aniqlagan deyarli barcha reklamalar bolaning surati bilan boshlanadi va video davom etar ekan, tasvir sunʼiy intellekt tomonidan oʻzgartirilib, bolaga nisbatan ochiq jinsiy harakatlar sodir etilayotgani koʻrsatiladi.
TTP Hindistonda namoyish etilgan reklamalardan birini shunday tasvirlaydi: Oʻsmirlik yoshiga yetmagan qizning fotosurati jonlantirilib, u ochiq jinsiy harakatni amalga oshiradi, orqa fondagi ovoz esa shunday deydi: "Hech qanday cheklovlar yoʻq. Barcha qahramonlar haqiqiy odamlar va koʻplab variantlar mavjud. Bu erkaklar haqiqatda foydalanadigan sunʼiy intellektdir". BBC bu reklamani koʻrmagan.
TTP maʼlumotlariga koʻra, ushbu reklama joriy yilning avgust oyida ikki hafta davomida Hindistondagi 50 dan ortiq turli akkauntlar tomonidan joylashtirilgan.
"Platformalarimizdagi har bir kishi, agar reklamalar bizning qoidalarimizni buzadi deb hisoblasa, ular ustidan shikoyat qilishi mumkin", dedi kompaniya.
TTP reklamalar ustidan Meta'ning oʻz shikoyat qilish tizimi orqali xabar berishga harakat qilganini va Hindistonda namoyish etilgan 84 ta reklamadan 55 tasi boʻyicha shikoyat yubora olganini bildirdi. Meta reklamalar ustidan faqat ular faol boʻlgan vaqtdagina shikoyat qilishga ruxsat beradi.
Ulardan 43 tasi boʻyicha TTP: "Biz koʻrib chiqdik va ushbu reklama Reklama standartlarimizga zid emasligini aniqladik", degan javob oldi.
11 ta reklama boʻyicha esa kontent allaqachon olib tashlangani maʼlum qilindi. Bitta reklama boʻyicha hali javob olinmagan.
TTP'ning taʼkidlashicha, ular munosabat bildirishni soʻrab Meta bilan bogʻlanganidan soʻng, shikoyat qilingan barcha reklamalar olib tashlangan.
Bu BBC surishtiruvi davomida yuz bergan holatni takrorlaydi. BBC bolalarning jinsiy zoʻrlanishi aks etgan reklamalardan biri ustidan Instagram'ga shikoyat qilish uchun Meta tizimidan foydalanganda, platforma uni olib tashlamagan edi.
Keyinchalik, BBC izoh soʻrab Meta'ga murojaat qilganida, kompaniya bir nechta reklamalarni allaqachon bloklaganini va ularni joylashtirgan akkauntlar faoliyatini toʻxtatganini maʼlum qildi. Shuningdek, u BBC topilmalariga javoban qoʻshimcha reklamalarni olib tashlaganini, koʻproq akkauntlarni bloklaganini va qoidalarni buzgan boshqa kontentlarning URL manzillarini yopganini aytdi.
TTP aniqlagan 332 ta reklamaning aksariyati foydalanuvchilarni sunʼiy intellekt yordamida tasvir yoki video yaratuvchi ilovalarga yoʻnaltirganini, ularning aksariyati xitoylik dasturchilar tomonidan yaratilganini maʼlum qildi.
Hisobotda taʼkidlanishicha, ushbu ilovalarni bolalarning jinsiy zoʻrlanishi tasvirlari bilan reklama qilish orqali ulardan CSAM yaratish yoki koʻrish uchun foydalanish mumkinligiga shaʼma qilingan.
Meta sunʼiy intellekt yordamida roziliksiz soxta yalangʻoch yoki ochiq jinsiy tasvirlarni yaratuvchi kiyimsizlantiruvchi (nudify) ilovalarning tashqi targʻibotini taqiqlashini bildirgan.
Hindistonning Telangana shtati Kiberxavfsizlik byurosi direktori, yuqori lavozimli kiberpolitsiya xodimlaridan biri Shikxa Goyel BBC'ga bergan intervyusida CSAM bilan bogʻliq eng katta muammolardan biri "foydalanuvchilarning bir platformadan boshqasiga osonlik bilan oʻtib ketishi boʻlib, bu ularni tutishni qiyinlashtiradi", deb aytdi.
"Hukumat ijtimoiy tarmoq vositachilari bilan olib borayotgan soʻnggi muloqotlarida ushbu masalani hal qilishiga va ularga tegishli koʻrsatmalar berishiga umid qilamiz", deya qoʻshimcha qildi u.
BBC oʻz surishtiruvi davomida aniqlagan reklamalar foydalanuvchilarni boshqa bir ilovaga — Telegram messenjeriga ham yoʻnaltirgan boʻlib, u yerda ushbu materiallarni bor-yoʻgʻi 99 rupiyga [$1.05; £0.80] sotib olish mumkin boʻlgan.
Ўша пайтда Telegram BBC'га CSAM'ga qarshi kurashish uchun ham avtomatlashtirilgan, ham inson tomonidan boshqariladigan moderatsiyadan foydalanishini va oʻz platformasida "CSAM'ning ommaviy tarqalishini deyarli butunlay yoʻq qilganini" aytgan edi.
Meta platformalaridagi reklamalar faqat uning moderatsiya texnologiyasi tomonidan tasdiqlanganidan keyingina chop etiladi. Uning tekshirish tizimi asosan avtomatlashtirishga tayanadi va tasvirlar, video, matn va audiolarni, shuningdek, reklama kimga qaratilganini va havolalar foydalanuvchilarni qayerga yoʻnaltirishini tekshirish uchun moʻljallangan.
BBC surishtiruvidan soʻng Meta "hech bir tizim mukammal emasligini" va "qatʼiyatli jinoyatchilar bizning platformamizdan, jumladan, reklama tizimlarimizdan foydalanishga harakat qilishda davom etayotganini" aytdi.
Biroq TTP bolalarning jinsiy zoʻrlanishi aks etgan bir nechta reklamalar Meta'ning Xitoydagi oʻz reklama agentligi hamkorlari tomonidan joylashtirilganini aniqladi.
"Resellerlar" (qayta sotuvchilar) deb nomlanuvchi ushbu hamkorlar Facebook va Instagram'ga milliardlab dollarlik Xitoy reklamalarini yoʻnaltiradi. Hamkorlar TTP savollariga javob berishmadi.
TTP Meta'ni oʻz hisoboti xulosalaridan xabardor qilganidan keyin ham yangi reklamalar paydo boʻlishda davom etganini bildirdi. Tashkilot 17 ta reklama tafsilotlarini, jumladan, 1-2 sentyabr kunlari Hindistonda namoyish etilgan 11 ta reklama haqidagi maʼlumotlarni baham koʻrdi.

