Meta Hindistonda bolalarga oid zoʻravonlik materiallari haqida bevosita hukumatga xabar beradi

Meta Hindistonda bolalarga oid zoʻravonlik materiallari haqida endi bevosita hukumatga xabar beradi
Bunga BBC Eye surishtiruvi turtki bo‘ldi. Iyul oyida chop etilgan surishtiruv Instagram Hindistonda bunday materiallarni targ‘ib qiluvchi pullik reklamalarni joylashtirayotganini aniqlagan edi.
Shundan so‘ng Hindiston hukumati Meta’ga bolalarga nisbatan zo‘ravonlik va axloqsizlikni targ‘ib qiluvchi barcha reklama hamda kontentlarni o‘chirishni buyurdi.
“Platformalarimizda bolalarni himoya qilish — ustuvor vazifamiz va biz ushbu jinoyatlarni sodir etganlarning javobgarlikka tortilishini ta’minlash uchun hukumat bilan hamkorlikka tayyormiz”, dedi Meta matbuot kotibi. “Ushbu zararga qarshi kurashish bo‘yicha sa’y-harakatlarimizni birgalikda kuchaytirish uchun Meta endi bolalar xavfsizligi masalalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri Hindiston Kiberjinoyatlarni muvofiqlashtirish markazi tomonidan boshqariladigan Kiberjinoyatchilik portaliga yuboradi”.
I4C nomi bilan tanilgan Hindiston kiberjinoyatchilikni muvofiqlashtirish markazi mamlakat ichki ishlar vazirligi qoshida faoliyat yuritadi.
Meta qachondan va aynan qanday holatlar haqida hukumatga bevosita hisobot yubora boshlashi hozircha noma’lum.
Shu paytgacha Meta bolalarni ekspluatatsiya qilish holatlari bo‘yicha qonunga muvofiq AQShdagi NCMEC markaziga (Bedarak yo‘qolgan va ekspluatatsiya qilingan bolalar milliy markaziga) xabar berishini aytib kelgan. O‘z navbatida, markaz tegishli hisobotlarni boshqa mamlakatlarning huquqni muhofaza qilish organlariga yuboradi.
Avvalroq Turkiyada oila va bolalarni himoya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli operatsiya boshlangandi. Operatsiya davomida axloqqa zid materiallar, jumladan, bolalarga oid kontentlarni tayyorlash va tarqatishda gumonlanayotgan shaxslar ham alohida tekshirilmoqda.

