Messi Ronalduning rekordini yangiladi

Messi Ronaldu rekordini yangiladi
"Inter Mayami" hujumchisi Lionel Messi o‘z faoliyatida yana bir rekordni qayd etdi. 39 yoshli argentinalik futbolchi klublar miqyosida kiritgan gollari sonini 800 tadan oshirdi.
Messi bu natijaga MLS doirasidagi "Monreal"ga qarshi o‘yinda erishdi. Mazkur uchrashuvda Mayami jamoasi 7:1 hisobida g‘alaba qozondi. Messi esa raqib darvozasiga 4 ta gol kiritdi. Uning ushbu o‘yindagi ikkinchi goli klublar faoliyatidagi 800-goli bo‘ldi.
Inter Miami News Hub nashrining xabar berishicha, sakkiz karra "Oltin to‘p" sohibiga 800 ta gollik marrani zabt etish uchun 964 ta o‘yin kifoya qilgan. Shu tariqa, u o‘zining azaliy raqibi Krishtianu Ronalduning rekordini yangiladi. Eslatib o‘tamiz, portugaliyalik hujumchiga bunday natijaga erishish uchun 1060 ta uchrashuv kerak bo‘lgan edi.
Ma’lumot uchun, Messi AQSH chempionatiga ko‘chib o‘tguniga qadar Ispaniyaning "Barselona" hamda Fransiyaning "PSJ" jamoalari sharafini himoya qilgan. Umuman olganda, Messi faoliyati davomida 1164 ta uchrashuvda ishtirok etib, o‘z hisobiga 919 ta gol yozdirib qo‘ygan.

