Sport

Messi O‘zbekistonga qarshi bahsda ishtirok etadimi?

**Messi O‘zbekistonga qarshi o‘yinda ishtirok etishi mumkinmi?**

Argentina terma jamoasi sardori Lionel Messining xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushishi borasidagi noaniqliklar tufayli, terma jamoa rasmiylari Xitoyda o‘yinlar o‘tkazish bo‘yicha muzokaralarni qayta boshladi.

FIFA qoidalariga ko‘ra, sentyabr oxiri va oktyabr boshidagi kuzgi xalqaro tanaffus davrida terma jamoalar to‘rttagacha o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazish imkoniyatiga ega. Biroq, 2026-yilgi Jahon chempionati finalidan keyingi navbatdagi yig‘inga bir oydan kam vaqt qolganiga qaramay, Argentina futbol assotsiatsiyasi (AFA) hozircha birorta ham uchrashuvni rasman tasdiqlamadi.

ESPN Argentina insayderi Esteban Edulning xabar berishicha, xitoylik promouterlar Argentina terma jamoasiga Osiyoda bir nechta o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazish uchun katta moliyaviy taklif yuborgan. Ammo tashkilotchilar shartnomaga Messining ushbu o‘yinlarda ishtirok etishini kafolatlovchi band kiritilishini talab qilgan. AFA bunday kafolatni bera olmagani sababli dastlabki kelishuv amalga oshmagan.

FIFA qoidalariga ko‘ra, bitta xalqaro tanaffus doirasidagi o‘rtoqlik uchrashuvlari bir geografik hududda o‘tkazilishi va jamoalarning uchrashuvlar oralig‘idagi parvozi ikki soatdan oshmasligi kerak. Shu sababli o‘yinlarni Osiyo va Janubiy Amerikaga bo‘lib o‘tkazish imkoniyati mavjud emas. Barcha uchrashuvlarni Argentina hududida tashkil etish varianti ham ko‘rib chiqilgan, biroq AFA rahbariyati yuqori saviyadagi raqiblar yetishmasligi sababli bu taklifni rad etgan.

Edulning ma’lumotlariga ko‘ra, AFA Xitoy vakillari bilan Xitoy va mintaqadagi boshqa terma jamoalarga qarshi bir nechta o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazish bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlagan. Messining o‘yinlarda qatnashishini kafolatlash masalasi esa muzokaralardagi asosiy to‘siq bo‘lib qolmoqda. Bu talab rejalashtirilayotgan turnening moliyaviy shartlariga ham bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.

Argentina 2026-yilgi Jahon chempionati finalida Ispaniyaga mag‘lub bo‘lganidan so‘ng Messi muxlislarga samimiy murojaat yo‘lladi, biroq “Albiseleste” safidagi kelajagi haqida hozircha aniq ma’lumot bermadi. AFA rahbariyati hujumchini 2028-yilgi Amerika Kubogigacha terma jamoada saqlab qolishga umid qilmoqda. Biroq Messi yana Argentina terma jamoasi libosini kiyadimi yoki yo‘q — bu qaror hozircha faqat “Inter Mayami” hujumchisining o‘ziga ma’lum.

**Argentina Xitoyda O‘zbekistonga qarshi o‘ynaydimi?**

Bo‘lajak xalqaro tanaffus uchun raqiblarni aniqlash butun dunyoda jamoalar uchun jiddiy muammoga aylangan. Yevropa terma jamoalari Millatlar ligasidagi uchrashuvlar bilan band bo‘lgani sababli, Argentina uchun potensial raqiblar doirasi sezilarli darajada toraygan. Shu sababli O‘zbekiston terma jamoasiga qarshi ehtimoliy uchrashuv varianti paydo bo‘lgan. Biroq hozircha uning ayrim tafsilotlari rasman tasdiqlanmagan.

Avvalroq “oq bo‘rilar” 30-sentyabr kuni Xitoyda Argentina terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi. O‘FA va AFA hozircha bu ma’lumotni rasman tasdiqlamagan. Shunga qaramay, uchrashuvning Xitoyda o‘tkazilishi Argentina terma jamoasining Osiyo turnesi bo‘yicha rejalari va belgilangan geografik talablarga mos keladi.

Ma’lumot uchun, Fabio Kannavaro boshqaruvidagi milliy jamoa 24-sentyabr kuni Farg‘onada Eron, 6-oktyabr kuni safarda Koreya Respublikasiga qarshi bahs olib boradi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.