Men yillar davomida Tinch okeanidagi kichik bir orolda qolib ketdim va uyga uchib ketish uchun tranzit vizasini ololmayapman
50 yoshli Ruchira Ranasingxa 2023 yildan beri Kuk orollarida qolib ketgan va Shri-Lankaga qaytishni xohlaydi.

Men yillardan beri Tinch okeanidagi kichik bir orolda qolib ketdim va uyga qaytish uchun tranzit vizasini ololmayapman
Ruchira Ranasingxa deyarli oʻn yil oldin Shri-Lankani tark etganida, kunlardan bir kun Janubiy Tinch okeanidagi kichik arxipelagda qolib ketishini xayoliga ham keltirmagan edi.
50 yoshli ayol mana uch yildirki, Kuk orollarida qolib ketgan. U BBC'ga Shri-Lankaga qaytishni juda ham xohlayotganini, hatto «qoʻliga kishan urilgan, bogʻlangan va ogʻzi yopilgan» holda boʻlsa ham qaytishga roziligini aytadi.
Ranasingxa Yangi Zelandiyada yashab qolishni umid qilgan edi.
U yerda boshpana soʻrab murojaat qilganidan soʻng, immigratsiya boʻyicha maslahatchining ishchi vizaga topshirish uchun mamlakatni vaqtincha tark etish haqidagi maslahatiga amal qilganini aytadi. Ammo Kuk orollariga yetib borishi bilan uning arizasi rad etildi. Yangi Zelandiyani tark etish orqali u amaldagi boshpana bilan bogʻliq vizasi shartlarini ham buzgan.
Endi Yangi Zelandiya unga Shri-Lankaga uchib ketishiga imkon beradigan tranzit vizasini berishni rad etmoqda.
Avstraliya ham rad etmoqda. U Kuk orollaridan yetib borishi mumkin boʻlgan yagona boshqa xorijiy yoʻnalishlar — Taiti va Gavayi orollari — har qanday vizani rasmiylashtirishdan oldin Yangi Zelandiyada biometrik maʼlumotlarni topshirishni talab qiladi.
Bu uni amalda hech qanday chiqish yoʻlisiz qoldirmoqda.
«Ogʻlim — yagona farzandim — noyabr oyida uylanmoqda va men uning toʻyida ishtirok etishni juda xohlayman. Onam boshimga tushgan koʻrguliklardan shunchalik xavotirdaki, doimo kasalxonaga tushib qolyapti», — deydi u koʻz yoshlarini tutolmay.
«Ular mendan nimani soʻrashsa, hammasini qilaman — faqat uyga qaytishni xohlayman».
Ranasingxa 2018 yilda biznesi kasodga uchrab, futbolka ishlab chiqaruvchi kichik fabrikasini yopishga majbur boʻlganidan soʻng Shri-Lankani tark etgan edi. Kreditlarni qaytara olmagach, u Gonkongga qariyalar va bolalarga enagalik qilish uchun koʻchib oʻtdi.
Uning akasi BBC Sinhala xabariga koʻra, uning moliyaviy ahvoli juda ogʻir boʻlgan. Uning qoʻshimcha qilishicha, singlisining eri giyohvand boʻlgan va taxminan yetti yil oldin vafot etgan.
2022 yil dekabr oyida Ranasingxa Yangi Zelandiyaga borib, u yerda qarindoshinikida ikki oylik sayyohlik vizasi bilan yashaganini aytadi. Viza muddati tugashiga yaqinlashganda, u immigratsiya tarjimoni Shri-Lankadagi qarz bergan kishilar tomonidan tahdidlarga uchrayotgani vaji bilan boshpana soʻrab murojaat qilishga yordam berganini aytadi.
Unga boshpana soʻrovchilar uchun «ochiq ishchi viza» berildi, bu unga bir yil davomida deyarli har qanday ish beruvchida ishlash imkonini berdi. Uning aytishicha, u restoranda ish topgan va restoran oxir-oqibat mehnat vizasiga homiylik qilishga rozi boʻlgan, bu esa unga uzoq muddatli xavfsizlikni taʼminlaydi deb ishongan.
Ammo boshpana soʻrovchilar ularning arizalari Yangi Zelandiyada koʻrib chiqilayotgan vaqtda odatda boshqa vizalarga murojaat qila olmasliklari sababli, ariza rad etilgan.
Ўшанда у Immigration & Secretarial Services firmasiga murojaat qilgan va firma unga yangi mehnat vizasi arizasini xorijdan topshirish mumkinligini aytgan. BBC koʻrgan elektron pochta yozishmalari shuni koʻrsatadiki, uning menejeri Silvian Gallant Ranasingxa mamlakatni tark etganidan soʻng jarayonni boshlashini aytgan.
Shuning uchun u ariza koʻrib chiqilayotgan vaqtda Kuk orollarida qisqa muddat qolishni uyushtirdi.
Bu ofatli tanlov boʻlib chiqdi.
Kuk orollari oʻzining plyajlari va vulkanik choʻqqilari bilan mashhur — ammo Ruchira Ranasingxa u yerda oʻz xohishiga qarshi qolmoqda
Unga yana mehnat vizasi berilmadi. Va Yangi Zelandiyani tark etish orqali u amaldagi vizasi shartlarini buzdi. Yangi Zelandiya rasmiylari unga kelajakda hech qanday viza bermasliklarini aniq aytdilar.
Gallantning aytishicha, u Ranasingxa nomidan bir necha bor aralashgan, jumladan, Yangi Zelandiyaning oʻsha paytdagi immigratsiya vaziri Kris Penk kabi siyosatchilarga xat yozgan. Ammo oxir-oqibat, Ranasingxaning aytishicha, Gallant muammo oʻzining aybi ekanini tan olgan va unga «boshqa hech narsa qila olmasligini» aytgan.
«U menga uyga qaytganim maʼqulligini aytdi. Meni u yerda hech narsa ushlab turmagan edi, shuning uchun ketishga rozi boʻldim».
Ammo u Shri-Lankaga Air New Zealand chiptasi bilan aeroportga kelganida, unga Yangi Zelandiya tranzit vizasisiz samolyotga chiqa olmasligi aytildi.
Yangi Zelandiya tranzit vizasi uchun topshirilgan uchta ariza rad etildi. Rasmiylar uning Yangi Zelandiyani tark etishiga ishonchlari komil emasligini aytdilar. Avstraliya tranzit vizasi uchun topshirilgan toʻrtta ariza ham rad etildi.
Rad etishlardan birida Yangi Zelandiya unga boshqa yoʻnalishlarni koʻrib chiqishni maslahat berdi. Ammo AQShning Gavayi shtati va Frantsiya Polineziyasining Taiti oroli unga har qanday viza koʻrib chiqilishidan oldin biometrik maʼlumotlarni topshirishi kerakligini aytishdi — va buni faqat Yangi Zelandiyaning oʻzida shaxsan qilish mumkin edi.
Uning Yangi Zelandiyaga topshirgan eng soʻnggi arizasi, unda u qidirgan muqobil yoʻnalishlar tafsilotlari, oʻgʻlining yaqinlashib kelayotgan toʻyi va onasining yomonlashayotgan sogʻligʻi haqidagi maʼlumotlar kiritilgan boʻlsa-da, yana rad etildi.
«Men chiptalarga shunchalik koʻp pul yoʻqotdimki. Deyarli toʻrt yildan beri faqat viza ortidan vizaga topshiryapman, ammo hech narsa chiqmayapti», — deydi u yigʻlab.
Oklenddan bor-yogʻi toʻrt soatlik masofada joylashgan, oʻzining keng qumli plyajlari va hayratlanarli vulkanik choʻqqilari bilan tanilgan orollar guruhida Ranasingxa oʻz xohishisiz mehmon boʻlib turibdi.
Uning aytishicha, u oʻz vaziyatidagi baʼzi odamlarga qaraganda baxtliroq, chunki mehmonxona unga xodimlar turar joyida tekin yashashga ruxsat bergan, mehribon mahalliy aholi esa unga ovqat va kiyim-kechak berib turmoqda.
Mehmonxona direktorlaridan biri hatto unga tikuv mashinasi sovgʻa qilgan, deydi u, bu unga ozgina pul ishlab topish imkonini bermoqda.
«Onam menga doim, odamlar senga shunchalik mehribon boʻlgan bunday joyda turganing uchun, albatta, biror yaxshi ish qilgan boʻlsang kerak, deydi», — deydi u BBC'ga.
Ammo bu qopqonda qolganlik hissini aslo yengillashtirmaydi.
Ranasingxaning aytishicha, stress uning sogʻligʻiga taʼsir qilmoqda. «Men bilan biror narsa sodir boʻlishidan qoʻrqyapman», — deydi u.
«Rostini aytsam, uning yechimi nimada ekanini bilmayman», — deydi Oklendda joylashgan immigratsiya huquqi boʻyicha mutaxassis Alaster MakKlaymont.
Uning aytishicha, u «oʻta yomon maslahat» olgan va bu «ehtimol» haqiqiy immigratsiya advokatidan chiqmagan boʻlishi mumkin. U xavf-xatarlarni toʻliq tushunmasdan ariza topshirish uchun odamlardan pul oladigan «soxta immigratsiya konsultantlari» sanoatiga ishora qiladi. Ranasingxa Immigration & Secretarial Services firmasiga minglab Yangi Zelandiya dollari miqdorida toʻlov qilganini aytmoqda.
BBC Gallant bilan bogʻlandi, ammo javob olmadi.
MakKlaymontning aytishicha, Yangi Zelandiya rasmiylari tranzit vizasini berishi dargumon, chunki ularning fikricha, u hayoti xavf ostida ekanini aytib boshpana soʻraganidan soʻng Shri-Lankaga qaytishniyam niyatida emas.
Uning aytishicha, Yangi Zelandiya Avstraliya bilan hamkorlik qiladi, shuning uchun u ham uning tranzit oʻtishiga ruxsat berishni xohlamaydi, Frantsiya va AQSh ham shunday xulosaga kelishi ehtimoldan xoli emas.
Ketish uchun «u qayerdandir tranzit orqali oʻtishi kerak boʻladi va hech kim inqiroz xavfini oʻz zimmasiga olishni xohlamaydi».
Yangi Zelandiya Immigratsiya xizmati BBC'ga Ranasingxadan bir nechta tranzit vizasi arizalarini olganini aytdi — ularning barchasi rad etilgan, «chunki biz uning Yangi Zelandiya orqali tranzit oʻtishda haqiqiy niyati borligiga ishonch hosil qilmadik».
Ranasingxa qoʻliga kishan urilishiga va kuzatib borilishiga rozi boʻlganidan soʻng ham nega viza berilishi mumkin emasligi soʻralganda, immigratsiya vaziri ofisi vakili bunday choralar odamlarning boshpana soʻrab murojaat qilishini toʻxtatib qolmasligini aytdi.
Avstraliya Ichki ishlar vazirligi ayrim holatlar boʻyicha izoh bermasligini aytdi. Unda Avstraliyaga sayohat qiluvchi har qanday fuqaroligi boʻlmagan shaxs «1958 yilgi Migratsiya toʻgʻrisidagi qonun (Qonun) va 1994 yilgi Migratsiya qoidalari talablariga javob berishi kerak»ligi aytilgan.
Shu bilan birga, Ranasingxaning oilasi Shri-Lanka hukumati yordam bera olishi yoki yoʻqligini bilishga haraka qilyapti. Uning aqasi «barcha mumkin boʻlgan yoʻllarni... sinab koʻrishganini, ammo hozirgacha bu boʻyicha hech narsaga erisha olishmaganini» aytadi.
Shri-Lanka Tashqi ishlar vazirligi BBC'ga «uning Kuk orollaridan Shri-Lankaga qaytishiga koʻmaklashish uchun singlisi boʻyicha barcha zarur choralarni koʻrayotganini» aytdi. Shri-Lankaning Vellingtondagi (Yangi Zelandiya) Oliy komissiyasi rasmiylari, shuningdek, tegishli Yangi Zelandiya rasmiylari ushbu masala boʻyicha Tashqi ishlar vazirligi bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda».
Ammo Ranasingxaning akasi hanuz juda xavotirda.
«Uning ruhiy holati yaxshi emas», — deydi u BBC Sinhala'ga.
«Gaplashgan vaqtlarimizdan birida u menga, agar ular uni uyga tirik qaytarishni xohlashmasa, hech boʻlmasa jasadini vataniga qaytarishlari mumkinligini aytdi».

