“Men uning eng kuchli o‘yiniga qarshi tayyorgarlik ko‘ryapman”— Sindorov Jahon toji uchun bellashuv haqida

“Men uning eng kuchli o‘yiniga qarshi tayyorgarlik ko‘ryapman”— Sindorov Jahon toji uchun bellashuv haqida
O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov amaldagi Jahon chempioni Gukesh Dommarajuga qarshi bo‘lajak bahs oldidan raqibining so‘nggi natijalariga emas, puxta tayyorgarlikka e’tibor qaratmoqda.
20 yoshli Sindorov 2026-yilgi da’vogarlar turnirida g‘olib chiqib, Jahon chempionligi uchun bahsda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. U Jahon kubogida ham g‘alaba qozondi.
O‘zbekistonlik shaxmatchi Gukeshning so‘nggi turnirlardagi natijalari uning imkoniyatlarini to‘liq aks ettirmasligini ta’kidlab, asosan o‘z o‘yiniga e’tibor qaratashini aytib o‘tdi.
“Gukesh juda kuchli shaxmatchi. Men u bilan bir necha marta o‘ynaganman va uning kuchini yaxshi bilaman. Bahs oldidan ko‘p narsa aytishni istamayman. Men shunchaki o‘zimning eng yaxshi o‘yinimni ko‘rsatib, bahsdan zavq olishni xohlayman”, dedi Sindorov.
Jahon chempionligi uchun bahs 25-noyabrdan 15-dekabrgacha Jenevada bo‘lib o‘tadi. Ikki shaxmatchi 14 ta klassik partiyada kuch sinashadi. Gukesh va Sindorov 20 yoshda bo‘lgani sababli, bu tarixdagi eng yosh shaxmatchilar ishtirokidagi chempionlik bahsi bo‘ladi.
Gukesh 2024-yilda Jahon chempionligini qo‘lga kiritganidan keyin barqaror natijalar qayd eta olmayotgani ko‘p muhokama qilinmoqda. Biroq Sindorov raqibining so‘nggi turnirlardagi o‘yinlariga ortiqcha e’tibor qaratmayotganini ta’kidladi:
“Jahon chempionligi uchun bahsda u butunlay boshqacha o‘ynashi mumkin. Men uning eng kuchli o‘yiniga qarshi tayyorgarlik ko‘ryapman”.
Sindorov Jenevadagi bahsga murabbiyi Roman Vidonyak boshchiligida tayyorgarlik ko‘rmoqda. Grossmeyster avvalgi muvaffaqiyatli tayyorgarlik usullarini tubdan o‘zgartirmoqchi emas.
“Biz hamma narsani o‘zgartirmaymiz. Avvalgi turnirlarda qo‘llagan usullarimiz o‘z samarasini berdi. Endi ularni yanada takomillashtiramiz”, dedi o‘zbekistonlik grossmeyster.
Ma’lumot uchun, Javohir Sindorov Jahon chempionligi uchun bahs oldidan Global Chess League musobaqasining to‘rtinchi mavsumida ishtirok etadi. Shuningdek, u Samarqandda o‘tkaziladigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasi safida qatnashadi.

