Dunyo

“Men — Jeyn Dou”: Qirg‘iziston, Qozog‘iston va O‘zbekistonda ham bolalikdagi jinsiy zo‘ravonliklar haqida anonim xabarlar qoldirilmoqda

Tarmoqlarda jinsiy zo‘ravonliklar haqida hikoya qiluvchi #IamJaneDoe fleshmobi avj olmoqda. Qirg‘iziston, Qozog‘iston va O‘zbekistondan ham ayollar va erkaklar bolalikda o‘zlari duch kelgan zo‘ravonliklarni ochiqlamoqda. Muammoga Qirg‘iziston Jo‘qorg‘u Kengesh deputati hamda mamlakat IIV e’tibor qaratdi.

“Men — Jeyn Dou”: Qirg‘iziston, Qozog‘iston va O‘zbekistonda ham bolalikdagi jinsiy zo‘ravonliklar haqida anonim xabarlar qoldirilmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda boshdan kechirilgan jinsiy zo‘ravonliklar haqida hikoya qilinayotgan “I am Jane Doe” fleshmobi tobora kengaymoqda. Qozog‘istondan keyin bu aksiyaga qirg‘izistonlik foydalanuvchilar ham qo‘shildi — anonim tarzda yozilgan xabarlar orasida bolaligida zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayollar va erkaklarning hikoyalari bor.

Bu kabi ko‘plab xabarlarga 7-oktabr kuni Jo‘qorg‘u Kenesh deputati Elvira Surabaldiyeva e’tibor qaratdi, deb yozmoqda

“Qirg‘izistondan bolaligidagi zo‘ravonlik haqida yozayotgan anonim foydalanuvchilar statistikasi odamni dahshatga soladi… Bu faqat Qirg‘iziston emas: Qozog‘iston, O‘zbekistondan ham qizlar bolalikdagi zo‘ravonliklar haqida yozishmoqda. U yerda yozilayotgan narsalar dahshat. Yoshi — to‘rt, besh, olti yosh. Biz bu faqat qizlar boshiga tushadigan ko‘rgilik deb o‘ylaymiz. Aslida esa o‘g‘il bolalar ham bu haqda anonim tarzda yozishmoqda… Shuning uchun pedofiliya mavzusi — mana nima sababdan bunchalik katta shov-shuvga sabab bo‘ldi — nihoyatda og‘riqli mavzu. Ko‘pchilik buni boshidan o‘tkazgan”, — dedi u parlament majlisida.

Uning aytishicha, yana bir alohida muammo shundaki, sodir bo‘lgan voqeadan keyin bolalar hatto o‘z yaqinlaridan ham har doim qo‘llab-quvvatlov ololmaydi.

Surabaldiyevaning qayd etishicha, ayrim ota-onalar jamiyatning qoralashidan va “uyat” tushunchasidan qo‘rqib, bolalaridan jim turishni talab qiladi.

“Ko‘plab ota-onalar: „Uyat bo‘ladi“ deb, bu haqda gapirishni taqiqlashadi. Erkaklar va ayollarda bu jarohat umrbod saqlanib qoladi”, — dedi deputat.

AQShdagi Kornell universitetining sobiq talabasi boshidan kechirgan voqea xalqaro kampaniyaning boshlanishiga turtki bo‘ldi. 2026-yilning sentabr oyida haqiqiy ismi sir saqlanayotgan va hujjatlarda Jane Doe sifatida qayd etilgan ayol universitet, talabalar uyushmasi va yetti nafar erkakka qarshi fuqarolik da’vosi arizasini kiritgan.

Uning ta’kidlashicha, 2024-yilning oktabr oyida uni spirtli ichimlik va giyohvand modda iste’mol qilishga majburlashgan, so‘ngra u guruh bo‘lib sodir etilgan jinsiy zo‘ravonlikka uchragan. Ayblanuvchilar hali sud tomonidan aybdor deb topilmagan, jinoiy tergov esa davom etmoqda.

Yangi to‘lqindagi shov-shuvlardan so‘ng Nyu York shtati hukumati vaziyatga aralashdi, Kornell universiteti esa oliygoh talaba arizasiga qay darajada munosabat bildirganini mustaqil tekshirish uchun AQSh bosh prokurorining sobiq o‘rinbosari Salli Yeytsni jalb qildi.

Ayolning shaxsini oshkor qilishga bo‘lgan urinishlar fonida ijtimoiy tarmoqlarda #IamJaneDoe — “Men — Jeyn Douman” heshtegi paydo bo‘ldi. Vaqt o‘tishi bilan u bir ayolni qo‘llab-quvvatlash aksiyasidan turli davlatlar aholisi o‘zlari boshidan kechirgan jinsiy zo‘ravonlik voqealarini ochiqlaydigan keng ko‘lamli fleshmobga aylandi.

Markaziy Osiyoda bu fleshmob, ayniqsa, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda keng tarqaldi.

Qozog‘istonda ishtirokchilardan biri sakkiz yoshida o‘z akasi tomonidan zo‘ravonlikka uchraganini yozib qoldirgan. Boshqa bir ishtirokchi (erkak) esa ilk bor besh yoshida katta yoshli qo‘shnisi tomonidan zo‘ravonlikka duchor bo‘lgani va bu haqda uzoq yillar hech kimga ayta olmaganini ma’lum qilgan.

Hikoyalar orasida mualliflar zo‘ravon sifatida o‘z qarindoshlari, oilaviy tanishlari, qo‘shnilari va bolaning yaqin atrofidagi boshqa odamlarni tilga olgan holatlar bor. Foydalanuvchilar, shuningdek, bolalikda boshidan kechirgan bu mudhish voqealarning asoratlari tufayli oradan yillar o‘tib psixoterapevtlarga murojaat qilishga majbur bo‘lganini aytmoqda.

Qirg‘izistonlik ishtirokchilar ham to‘rt-olti yosh oralig‘ida sodir bo‘lgan hodisalar haqida yozmoqda. E’tiborlisi, mualliflar orasida erkaklar ham bor bo‘lib, bu bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik go‘yoki faqat “ayollarga xos” muammo degan tasavvurga ziddir.

Ushbu anonim iqrorlar to‘lqiniga Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi ham munosabat bildirdi. Idora zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan fuqarolarni militsiyaga murojaat qilishga chaqirdi hamda barcha arizalar belgilangan tartibda ro‘yxatga olinib, ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.

“Agar siz jinsiy zo‘ravonlikka duch kelgan bo‘lsangiz, iltimos, bu vaziyatda yolg‘iz qolmang. Siz militsiyaga murojaat qilib, sodir bo‘lgan voqeani aytib berishingiz mumkin. Siz yolg‘iz emassiz. Biz sizni tinglashga va yordam berishga tayyormiz. Murojaatingiz qonunda belgilangan tartibda qabul qilinadi va ko‘rib chiqiladi”, — deyiladi vazirlik xabarida.

O‘zbekistonda bunday xabarlar yuzasidan hozircha hech qanday rasmiy bayonot berilmagan.

Jeyn Dou (Jane Doe) — ingliz tilida so‘zlashuvchi mamlakatlarda (birinchi navbatda, AQSh, Britaniya va Kanadada) ayolning haqiqiy ismi noma’lum bo‘lganda, sir saqlanganda yoki huquqiy sabablarga ko‘ra oshkor qilinmaganda ishlatiladigan shartli nom-ekvivalentdir. Bu, o‘z navbatida, #MeToo heshtegini yodga soladi.

2017-yilda ijtimoiy tarmoqlarda jinsiy zo‘ravonlik qurbonlarini qo‘llab-quvvatlovchi #MeToo heshtegi ostidagi kampaniya keng tarqalgandi (bu heshteg ilk marta 2006-yildan qo‘llana boshlagan). Bunga 80 dan ortiq ayolning amerikalik prodyuser Xarvi Vaynshteynga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik ayblovlarini ilgari surgani turtki bo‘lgan. Shundan so‘ng avval AQShda, keyinchalik boshqa mamlakatlarda ham millionlab odamlar o‘zlarining xuddi shunday zo‘ravonlik qurboni bo‘lgani haqidagi postlarida ushbu heshteg bilan chiqa boshladi. Mazkur ishda esa sobiq talabani qo‘llab-quvvatlab joylangan post va videolar TikTok hamda boshqa platformalarda o‘nlab million marta ko‘rilib ulgurgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.