Mehmonxonalar uchun imtiyozlar muddati uzaytiriladi
Uch, to‘rt va besh yulduzli mehmonxona qurish uchun subsidiya berish muddati yana ikki yilga uzaytiriladi. Subsidiya uchun mehmonxona “yulduzi”ni tasdiqlashda xorijiy kompaniya xulosasini talab qilish amaliyoti bekor qilinadi. Mehmonxonalar uchun yer va mulk solig‘ini 10 barobar kam stavkada to‘lash imtiyozi 2030-yilgacha uzaytiriladi. Turistik avtobuslar importi utilizatsiya yig‘imidan ozod qilinadi.

Mehmonxonalar uchun imtiyozlar muddati uzaytiriladi
Yil boshidan buyon O‘zbekistonga 8 million nafar xorijlik sayyoh tashrif buyurdi, ularning mamlakatda qolish muddati 8 kungacha oshdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev bu haqda so‘zlar ekan, turizm sohasidagi islohotlar aholi daromadlarida yanada ko‘proq aks etishi zarurligini ta’kidladi.
Tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda ma’lum qilinishicha, mehmonxona qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun 50 million dollar miqdorida mablag‘ ajratiladi. Tadbirkorlarga 10 yil muddatga milliy valyutada 16 foizli kreditlar taqdim etiladi.
Uch, to‘rt va besh yulduzli mehmonxonalar qurish uchun subsidiya berish muddati yana ikki yilga uzaytiriladi. Subsidiya olishda mehmonxonaning "yulduzi"ni tasdiqlash uchun xorijiy kompaniya xulosasini talab qilish amaliyoti bekor qilinadi.
Mehmonxonalar uchun yer va mulk solig‘ini 10 barobar kamaytirilgan stavkada to‘lash imtiyozi 2030-yilgacha uzaytiriladi. 50 tadan ortiq joylashtirish o‘rniga ega mehmonxonalarga naqd valyuta qabul qiluvchi bankomatlarni banklarning o‘zi o‘rnatib beradi.
Turoperatorlarning xorijlik turistlarga ko‘rsatgan xizmatlari eksportga tenglashtirilib, qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladi.
Turistik avtobus, elektrobus va mikroavtobuslarni olib kirishdagi bojxona imtiyozi yana bir yilga uzaytiriladi. Bunday transport vositalari uchun utilizatsiya yig‘imi ham undirilmaydi.

