Mbappe, Holand, Yamal: yangi mavsumning asosiy qahramonlari kim bo‘ladi?

**Mbappe, Holand, Yamal: Yangi Mavsumning Asosiy Yulduzlari Kim Bo‘ladi?**
Yevropaning eng kuchli beshta chempionatida 2026/27-yilgi mavsum start olish arafasida. Klublar hozirda mavsumoldi yig‘inlar va o‘rtoqlik o‘yinlari bilan band. Barcha diqqat yana transferlar oynasiga qaratilgan bo‘lib, jamoalar o‘z tarkiblaridagi bo‘shliqlarni to‘ldirishga intilmoqda.
Yozgi transfer bozorining eng yirik kelishuvlari qatorida Angliya terma jamoasi a’zosi Elliot Andersonning “Nottingem Forest”dan “Manchester Siti”ga va Kot-d’Ivuar vakili Yan Diomandening “Leypsig”dan “Real”ga o‘tishini qayd etish mumkin. Shuningdek, Rodri “Barselona”ga o‘tishi haqidagi mish-mishlar hamon dolzarb. Shunga qaramay, bu yilgi bozor avvalgi yillarga nisbatan ancha sokin o‘tmoqda.
Shu munosabat bilan, “Daryo” nashri xorijiy matbuotga tayanib, yangi mavsumda o‘z jamoalari muvaffaqiyatida hal qiluvchi rol o‘ynaydigan asosiy futbolchilar ro‘yxatini taqdim etadi.
**Deklan Rays — “Arsenal”**
O‘tgan mavsumda Deklan Rays “Arsenal”ning himoyadagi barqarorligi, to‘p nazorati va standart vaziyatlardagi asosiy quroliga aylandi. Londonliklar Angliya Premyer Ligasida standartlardan gol urish bo‘yicha yetakchi bo‘lishdi – jami 24 ta gol. Ularning sakkiztasida Raysning uzatmalari muhim rol o‘ynagan bo‘lsa, uchtasi bevosita uning assisti bilan yakunlangan.
Foto: Getty Images
“Arsenal” yarim himoyasiga Brunu Gimaraeshning qo‘shilishi Raysning zimmasidagi yukni biroz yengillashtirishi mumkin, biroq bu uning jamoa o‘yinidagi o‘ta muhim ahamiyatini zarracha pasaytirmaydi.
**Brunu Fernandesh — “Manchester Yunayted”**
Portugaliyalik pleymeyker “qizil iblislar”ning asosiy futbolchisi bo‘lib qolmoqda. O‘tgan 2025/26-yilgi mavsumda Fernandesh Angliya Premyer Ligasi doirasida 21 ta golli uzatma amalga oshirib, chempionatning mutlaq rekordini o‘rnatdi. Shuningdek, Brunu yaratilgan xavfli imkoniyatlar va himoyachilar ortiga uzatilgan aniq to‘plar soni bo‘yicha ham ligada yetakchi bo‘ldi.
Uning ahamiyati faqat quruq statistika bilan o‘lchanmaydi. Fernandesh “Manchester Yunayted”ning deyarli barcha xavfli hujumlarini shakllantiruvchi markaziy figura ham hisoblanadi.
**Koul Palmer — “Chelsi”**
Koul Palmerning “Chelsi” o‘yinidagi roli hujumdagi o‘ta yuqori samaradorlik bilan baholanadi. U 2024/25-yilgi mavsumda APLda 29 ta golga bevosita ishtirok etgan (gol+pas). 2025/26-yilgi mavsum esa uning uchun biroz pasayish bilan o‘tdi. Shu sababli London klubi muxlislari va rahbariyati yangi mavsumda undan yana avvalgi yuqori darajasiga qaytishni kutmoqda.
**Erling Holand — “Manchester Siti”**
Erling Holandning “Siti” uchun qanchalik muhimligini bitta raqam bilan to‘liq tushuntirish mumkin: 2025/26-yilgi mavsumda APLda urilgan 27 ta gol. Bu natija norvegiyalik hujumchiga faoliyatidagi uchinchi “Oltin butsa”ni taqdim etdi.
Foto: Getty Images
“Shaharliklar” har o‘yinda juda ko‘p hujumlar tashkil etadigan jamoa bo‘lgani uchun, ularni muvaffaqiyatli yakunlashda Holandning sovuqqonligi katta ahamiyat kasb etadi. Agar u o‘z formasi va samaradorligini saqlab qolsa, Enso Mareska jamoasining chempionlik imkoniyatlari doimiy ravishda yuqori bo‘lib qoladi.
**Dominik Soboslai — “Liverpul”**
Soboslai mersisaydliklarning hujumlarini rivojlantirishdagi eng muhim futbolchilardan biriga aylangan. O‘tgan mavsumda vengriyalik xavbek 13 ta gol, 12 ta assist, 78 ta yaratilgan vaziyat va 68 ta kalit uzatma qayd etdi.
Uning universalligini ham alohida e’tirof etish kerak (u ayrim o‘yinlarda o‘ng qanot himoyasida ham ishonchli harakat qildi). Yarimhimoyachining pressingdagi faolligi, hujumni boshlashi va turli pozitsiyalarga moslasha olishi “Liverpul” uchun o‘ta muhim. Agar u shu tempni saqlab qolsa, shubhasiz, jamoaning yangi bosh murabbiyi Andoni Iraolaning eng ishonchli vakiliga aylanadi.
**Kilian Mbappe — “Real Madrid”**
Mbappening yangi mavsumdagi holati “Real”ning chempionlik poygasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatadi. Fransiyalik yulduz 2025/26-yilgi mavsumda La Liganing 31 o‘yinida 25 ta gol va 5 ta assist qayd etib, ketma-ket ikkinchi bor “Pichichi” sovrinini o‘ziniki qildi. Barcha turnirlarda esa 44 o‘yinda 42 marta raqiblar darvozasini ishg‘ol qildi (shulardan 15 tasi Chempionlar Ligasiga to‘g‘ri kelib, turnir to‘purari bo‘ldi).
Foto: Getty Images
Endilikda jamoa oldidagi asosiy o‘zgarish — Mbappe faqat o‘zi gol urishi emas, balki Jud Bellingem va Vinisius Junior bilan birgalikda dahshatli trioga aylanishidir. Bu yulduzlarning imkoniyatidan maksimal foydalanish jamoa ustozi Joze Mourinyoning asosiy vazifasi bo‘ladi.
**Lamin Yamal — “Barselona”**
Lamin Yamalning “Barselona”dagi roli yildan yilga emas, oydan oyga oshib bormoqda. Endigina 19 yoshni qarshilagan vunderkind o‘tgan mavsum La Liganing 28 ta o‘yinida qatnashib, 16 ta gol va 11 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.
Uning yakkakurashlardagi ishonchli harakatlari, aqlbovar qilmas driblingi va vaziyat yaratish qobiliyati raqiblarni unga qarshi alohida taktika qo‘llashga majbur qilmoqda.
Foto: Getty Images
**Usmon Dembele — “PSJ”**
Amaldagi “Oltin to‘p” sohibi Usmon Dembele shubhasiz “Pari Sen-Jermen”ning asosiy hujum qurolidir. Dembele 2024/25-yilgi mavsumda 35 ta gol urib, jami 51 ta golli vaziyatda bevosita ishtirok etgandi. O‘tgan 2025/26-yilgi mavsumda jarohatlar sababli biroz kamroq o‘ynagan bo‘lsa-da, uning ko‘rsatkichlari baribir dahshatli: Chempionlar Ligasida 8 ta o‘yinda 10 ta gol, Liga 1 doirasidagi 22 ta bahsda esa 17 ta gol. Uning turli qanotlarda birdek o‘ynay olishi parijliklar hujumiga erkinlik beradi.
**Harri Keyn — “Bavariya”**
Harri Keyn Myunxenda haqiqiy gol mashinasiga aylangan. Angliyalik hujumchi 2025/26-yilgi Bundesliga mavsumining 31 uchrashuvida 36 ta gol va 5 ta assist qayd etdi.
Foto: Getty Images
Bu bilan Keyn nafaqat ketma-ket uchinchi bor chempionat to‘purari bo‘ldi, balki Bundesliga tarixida o‘zining dastlabki uch mavsumida to‘purarlikni hech kimga bermagan ilk futbolchiga aylandi. YCHLda ham 14 ta gol urishga erishdi. Eng muhimi, Keyn shunchaki jarima maydonchasida to‘p kutib o‘tiradigan tipik hujumchi emas. U mudofaa chizig‘igacha tushib hujumlarni boshlashda ishtirok etadi va pressingda jamoasiga ulkan yordam beradi.

