Maxfiy xizmatning BBC’ga qarshi kurashi: MI5 irqchi va zo‘ravon josusini himoyalash uchun nimalar qilgandi?

Maxfiy xizmatning BBC’ga qarshi kurashi: MI5 irqchi va zo‘ravon josusini himoya qilish uchun nimalar qilgan?
2022-yilda Buyuk Britaniya jamoatchiligida katta shov-shuvga sabab bo‘lgan voqea yuz bergandi. O‘shanda hujjatlarda ismi “Beth” deb ko‘rsatilgan ayol uning ishqiy sherigi zo‘ravonlik qilganini, hatto uni machete qilichi bilan urganini aytib chiqdi. Ammo bu oddiy ikki inson o‘rtasidagi mojaro emasdi. Chunki erkak o‘zini Buyuk Britaniya ichki xavfsizlik xizmati — MI5 xodimi sifatida tanishtirgan, bundan tashqari, qonundan ustun ekanini da’vo qilgan.
Shundan keyin BBC jurnalisti Daniel de Simone bu masalani o‘rganishga kirishadi. Bundan xabar topgan MI5 o‘z xodimining fosh bo‘lishidan xavotirlanib, jarayonga to‘sqinlik qilishga urinadi. “Agent X” nomi bilan tanilgan erkak o‘ng qanot ekstremistlari va neo-natsistlar orasida informator bo‘lib ishlardi. MI5 avvaliga bosh prokuror orqali sudga murojaat qilib, bu mavzuning matbuotda yoritilishini taqiqlovchi maxsus buyruq chiqarishga erishadi. Shu tariqa agentning shaxsi sir saqlanadi.
Biroq bu taqiq jurnalistik surishtiruvni to‘xtatib qo‘ymaydi. Shu sabab BBC material ustidagi ishni davom ettiradi. Telekanal shu bilan birga sudga ham murojaat qilib, materialni yoritish uchun ruxsat olishga urinadi. Jarayon davomida MI5 “na tasdiqlash, na inkor etish” (NCND) siyosatini qalqon sifatida ishlatadi. Ya’ni tashkilot ayblanuvchi o‘z agenti ekani haqidagi savollarga rasman javob bermaydi. Ammo BBC jurnalistlari surishtiruv davomida video va ovoz yozuvlari kabi rad etib bo‘lmaydigan dalillarni qo‘lga kiritadi.
Oradan biroz vaqt o‘tgach, tashkilotning suddagi pozitsiyasini zaiflashtirgan holat yuz beradi. MI5 vakillari mahkama davomida NCND siyosatiga tayanib, ayblanuvchining shaxsi oshkor etilmasligini aytib kelgandi. Biroq keyinroq sudga berilgan bu ko‘rsatma yolg‘on ekani ma’lum bo‘ladi. Gap shundaki, tashkilot xodimi BBC jurnalisti bilan suhbatda “Agent X” haqiqatan ham xavfsizlik xizmati bilan ishlashini tan olgandi. Ular o‘rtasidagi telefon suhbatining audioyozuvlari e’lon qilingach, sudni ikki xil ma’lumot bilan chalg‘itgani uchun MI5 keskin tanqid ostida qoladi. Tashkilot ustidan tekshiruv boshlangach, voqealar yanada jiddiy tus oladi.
2022-yilda BBC materialni e’lon qiladi. Ammo sudning vaqtinchalik taqiqi sabab agentning shaxsi oshkor etilmaydi. Keyinchalik taqiq doimiy shaklga keltiriladi, biroq tomonlarda sudga qayta murojaat qilish imkoniyati saqlanib qoladi.
O‘sha yilning o‘zida yana bir muhim tekshiruv o‘tkaziladi. Ishga Tergov vakolatlari komissari idorasi (IPCO) ham aralashadi. Bu Buyuk Britaniyada maxfiy xizmatlar, huquq-tartibot idoralari va boshqa davlat organlarining yashirin kuzatuv hamda tergov usullaridan foydalanishini nazorat qiluvchi mustaqil muassasadir.
IPCO o‘sha yili “Agent X” ishi bo‘yicha MI5 ustidan tekshiruv boshlaydi. O‘rganishlar davomida bir qator jiddiy muammolar aniqlanadi. Jumladan, tashkilot “Agent X”ni boshqarish, uning va yaqinlarining xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, tegishli hujjatlarni yuritishda qator kamchiliklarga yo‘l qo‘ygandi. Idora, bundan tashqari, MI5 agentning maxfiy xizmatlar bilan ishlashini BBC’ga o‘zi ma’lum qilgani haqida xulosaga kelgan. Ammo ko‘p o‘tmay bu xulosa hisobotdan olib tashlangan.
Keyinchalik vaziyat butunlay o‘zgaradi. MI5ning o‘sha paytdagi pozitsiyasi noto‘g‘ri bo‘lgani rasman tan olinadi — rahbariyat uzr so‘raydi. Biroq muammo faqat bitta xodim bilan bog‘liq emasligi ma’lum bo‘ladi. Tekshiruvlar vaziyat ancha murakkab bo‘lganini ko‘rsatadi. Agent nafaqat zo‘ravon, balki ashaddiy neo-natsist va irqchi bo‘lib chiqadi. Shunga qaramay, MI5 uni himoya qilishga astoydil uringan.
“Beth” to‘xtamoqchi emasdi
MI5 ishni yopishga uringaniga, tergov va sud jarayonlari cho‘zilib ketganiga qaramay, “Beth” taslim bo‘lmaydi. U huquqiy kurashni davom ettiradi. 2024-yilda ish maxsus xizmatlar faoliyati ustidan shikoyatlarni ko‘rib chiqadigan maxsus tribunalga yetib boradi. Oradan bir yil o‘tib esa Angliya Oliy sudi ish bo‘yicha muhim qaror chiqaradi.
Mahkama ikki ishda MI5 tomonidan yolg‘on ma’lumot berilganini aniqlaydi va “Agent X” bo‘yicha yanada chuqurroq mustaqil tekshiruv o‘tkazishni buyuradi. Sud buni IPCO doirasida amalga oshirishni tavsiya qiladi. Bu qaror voqealar rivojini yangi bosqichga olib chiqadi. Chunki endi gap faqat zo‘ravonlikda ayblangan josus haqida emas, balki MI5 sudlarni qanday aldagani haqida ketayotgan edi.
Buyuk Britaniyaning o‘sha paytdagi bosh vaziri Kir Starmer ham masalaga aralashadi. U 2025-yil 16-sentyabr kuni sudlar talabidan kelib chiqib, mustaqil nazorat organi orqali chuqurlashtirilgan tekshiruv boshlash haqida rasmiy direktiva imzolaydi.
Tekshiruvni Ser John Goldring boshqaradi. U IPCO rahbariyati tarkibidagi yuqori martabali sudya edi. Tekshiruvning asosiy vazifasi maxfiy xizmat qanday qilib Oliy sud va Tergov vakolatlari komissari idorasiga noto‘g‘ri ma’lumot bergani va bunga nima sabab bo‘lganini aniqlashdan iborat edi. Jarayon bir necha oy davom etadi.
Bu vaqt ichida MI5ning ichki hujjatlari, xodimlar ko‘rsatmalari, avvalgi sud materiallari va “Agent X” bilan bog‘liq yozuvlar qayta ko‘rib chiqiladi. Natijada tekshiruvchilar oldida voqealarning ancha to‘liq manzarasi shakllanadi. 2026-yil iyulida esa yakuniy hisobot e’lon qilinadi.
Hisobotda MI5 faoliyatida “jiddiy va tizimli kamchiliklar” bo‘lgani qayd etiladi. Jumladan, tashkilot maxfiy agentning maqomi bo‘yicha NCND siyosatidan chekingani uchun tegishli ruxsat olinmagandi. Aslida bunday ma’lumotni oshkor qilishdan oldin kerakli tasdiq bo‘lishi kerak edi.
Bundan tashqari, jurnalist bilan gaplashib, agentning MI5 bilan aloqalarini tasdiqlagan xodim o‘z harakatlarining oqibatlarini tushungan. Ammo bu haqda tegishli tartibda xabar berishni lozim topmagan. Tashkilotning boshqa xodimlari esa NCND siyosatiga rioya etilmaganini bilgan yoki bundan xabardor bo‘lishi kerak edi. Shunga qaramay, noto‘g‘ri versiya tashkilot ichida shakllanib, keyinchalik sud jarayonlariga ham kirib borgan.
Eng katta muammo — yolg‘on ma’lumotning sudlargacha yetib borgani
Goldring hisobotining eng jiddiy jihati shundaki, noto‘g‘ri ma’lumot faqat MI5 ichida qolib ketmagan. U sud majlislarida ishlatilgan. Avval Oliy sud ko‘rgan ishda, keyin boshqa mahkamalarda ham ayni noto‘g‘ri tushuncha asosida ma’lumot berilgan. IPCO hisobotiga ko‘ra, MI5 ichida haqiqatni aniqlash va noto‘g‘ri ma’lumotni tuzatish uchun bir necha imkoniyat bo‘lgan. Ammo bu imkoniyatlardan foydalanilmagan.
IPCO tekshiruvchilari MI5 xodimlari sudlarga to‘liq va rost ma’lumot berish majburiyatini bajarmaganini ham qayd etgan. Tashkilot yuristlari ayrim xodimlarga mahkama oldidagi majburiyatlarini yetarlicha tushuntirmagan.
MI5 nihoyat hisobotni to‘liq tan oldi
2026-yil iyulida e’lon qilingan hisobotdan keyin MI5 o‘z xodimlari yo‘l qo‘ygan jiddiy kamchiliklarni tan oldi. Shundan so‘ng tashkilot ichki islohotlar dasturini boshladi.
IPCO rahbari Sir Brian Levesonning fikricha, sud va nazorat qiluvchi organlarning chalg‘itilgani bu ishdagi eng xavotirli jihatlardan biridir. U buni maxsus xizmatlar ustidan nazorat aynan davlat organlari va sudlarga beriladigan to‘g‘ri ma’lumotlarga tayanishi, agar ma’lumot noto‘g‘ri bo‘lsa, nazorat tizimining o‘zi ham izdan chiqishi mumkinligi bilan izohlagan.
Ammo bu MI5 rahbariyati uzr so‘rashi bilan yopilib ketadigan masala emasdi. 2026-yil sentyabrida ish yana mahkamaga qaytdi. 18-sentyabr kuni Oliy sudda “Agent X” ishi bo‘yicha yangi eshituv bo‘lib o‘tdi. Bu safar MI5 vakili tashkilot Goldring hisobotida keltirilgan xulosalarni “hech qanday izohsiz to‘liq tan olishini” bildirdi.
Ya’ni MI5 endi avvalgi pozitsiyasini himoya qilishga urinmadi. Tashkilot hisobotda ko‘rsatilgan jiddiy muammolarni tan oldi. Ayrim yuqori lavozimli xodimlarning xatti-harakatlari ham alohida ko‘rib chiqildi. “Ofitser 2” hamda “Ofitser 3” shular jumlasidan.
Ulardan birinchisi BBC jurnalistiga agentning MI5 bilan aloqalari haqida ma’lumot bergan xodim hisoblanadi. Goldring jamoasi tekshiruvlar davomida uning voqealar haqida bir necha bor noto‘g‘ri ma’lumot berganini aniqlagan. Ikkinchi xodim esa hamkasblarini chalg‘itgan va o‘ziga ma’lum bo‘lgan ma’lumotlarni to‘liq yetkazmagan. “Ofitser 2” iste’foga chiqqan, sherigi esa lavozimidan chetlashtirilgan bo‘lib, unga nisbatan intizomiy jarayon boshlangan.
MI5 va mahkama: tashkilot sudga nisbatan hurmatsizlik qildimi?
Oliy sud yurituvidagi ishda endi na agentga nisbatan zo‘ravonlik ayblovi, na MI5 bergan ma’lumotlarning qanchalik haqqoniyligi ko‘rib chiqilmoqda. Mahkama tashkilotning ayrim xodimlarini sudga nisbatan hurmatsizlik moddasi bo‘yicha javobgarlikka tortish masalasini o‘rganmoqda. Bu juda jiddiy huquqiy masala hisoblanadi.
“Beth” va BBC sud jarayonlarini davom ettirishni so‘ramoqda. MI5 esa yangi ish boshlashga hojat yo‘qligini ta’kidlamoqda. Tashkilotning pozitsiyasiga ko‘ra, Goldring o‘tkazgan tekshiruv, rasman so‘ralgan uzr, ayolga to‘langan kompensatsiya va tizimda boshlangan islohotlarning o‘zi yetarli.

