Matematik jihatdan ideal: so‘nggi 6 yildagi dunyoning eng chiroyli 8 yulduzi

**Matematik mukammallik: So‘nggi 6 yildagi dunyoning eng go‘zal 8 yulduzi**
Tashqi ko‘rinishga bo‘lgan qarashlar doimiy ravishda o‘zgarib tursa-da, so‘nggi yillarda ijtimoiy tarmoqlar va OAV yana "oltin nisbat" tamoyiliga katta e’tibor qaratmoqda. Bu matematik modelda ikki sonning o‘zaro nisbati 1,618 ga yaqin bo‘lishi ideal hisoblanadi. XX asrda ushbu ko‘rsatkich inson yuzining mutanosibligini baholashda ham qo‘llanila boshlandi. Britaniyalik plastik jarroh Julian De Silva deyarli har yili matematik hisob-kitoblar yordamida yuz tuzilishi oltin nisbatga eng yaqin bo‘lgan mashhurlarni aniqlaydi.
**2025-yil — Emma Stoun**
De Silvaning 2025-yilgi hisob-kitoblariga ko‘ra, eng go‘zal yulduz Emma Stoun bo‘lgan. "Kruella", "Berdmen", "La-La Lend" va "Bechoralar — baxtsizlar" filmlaridagi rollari bilan tanilgan aktrisa oltin nisbatga eng yaqin yuz tuzilishiga ega deb topilgan. De Silva uning qoshlar chizig‘i 94,2 foiz, iyagi 97 foiz, lablari esa 95,6 foiz darajada ideal nisbatga mos kelishini aytgan. Umumiy natijada Stoun birinchi o‘rinni egallagan.
**2024-yil — Aaron Teylor-Jonson**
2024-yilda eng go‘zal erkak deb aktyor Aaron Teylor-Jonson topilgan. U "Anna Karenina" filmidagi Vronskiy roli bilan tanilgan. Aktyorning yuz tuzilishi oltin nisbatga 93,04 foiz mos kelgan. De Silvaning ta’kidlashicha, agar Teylor-Jonson Jeyms Bond rolini olsa, u tarixdagi eng go‘zal Bondlardan biriga aylanishi mumkin.
**2024-yil — Anya Teylor-Joy**
2024-yilning eng go‘zal ayoli sifatida Anya Teylor-Joy tan olingan. "Qirolichaning yurishi" va "Fyuriosa" filmlaridagi rollari bilan mashhur aktrisaning ko‘zlari, qoshlari, burni, lablari, iyagi va yuz shakli oltin nisbatga 94,35 foiz mos kelgan.
**2023-yil — Rege-Jan Peyj**
"Bridjertonlar" seriali yulduzi Rege-Jan Peyj 2023-yilning eng go‘zal erkagi deb topilgan. De Silvaning matematik tizimi aktyorning ko‘zlari o‘lchami va ular orasidagi masofasini deyarli ideal deb baholagan. Burnining eni va uzunligi uchun biroz ball kamaytirilgan bo‘lsa-da, uning umumiy natijasi 93,65 foizni tashkil etgan.
**2022-yil — Jodi Komer**
2022-yilda eng go‘zal aktrisa deb Jodi Komer tan olingan. "Momo Havo qotili" seriali yulduzining yuz tuzilishi oltin nisbatga 94,52 foiz mos kelgan. Britaniyalik aktrisa ushbu serialdagi Vilanel roli uchun "Emmi" va BAFTA TV mukofotlarini qo‘lga kiritgan.
**2021-yil — Malika Diana**
2021-yilda De Silva zamonaviy kino yulduzlari o‘rniga qirollik oilasi vakillarining yuz tuzilishini tahlil qilgan. Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, Malika Diana eng jozibador ayol deb topilgan. Diananing yuz tuzilishi oltin nisbatga 89,05 foiz mos kelgan. U Keyt Middlton, Megan Markl hamda Iordaniya qirolichasi Raniya va Monako malikasi Greys Kelli kabi boshqa mashhur qirollik vakillaridan yuqori natija qayd etgan.
**2020-yil — Robert Pattinson**
2020-yilda oltin nisbatga eng yaqin yuz tuzilishiga ega erkak sifatida Robert Pattinson tanlangan. Uning ko‘rsatkichi 92,15 foizni tashkil etgan. Pattinson "Sumerki" franshizasidagi roli orqali dunyoga mashhur bo‘lgan bo‘lsa-da, keyinchalik murakkab va mualliflik filmlarida rol ijro etishga intilgan. Shunga qaramay, uning tashqi ko‘rinishi muxlislar e’tiboridan chetda qolmagan.
**2019-yil — Bella Hadid**
2019-yilda esa model Bella Hadid matematik jihatdan dunyoning eng go‘zal ayoli deb topilgan. Uning yuz tuzilishi oltin nisbatga 94,35 foiz mos kelgan. Tadqiqotda Hadidning iyagi eng yuqori natijani — 99,7 foizni qayd etgan. Ko‘zlarining joylashuvi ham yuqori baholangan, qoshlar sohasi esa 88 foiz mos kelgan.
Oltin nisbat go‘zallik mezoni sifatida yana ommalashgach, ijtimoiy tarmoqlarda mashhurlar yuzini "ideal niqob"ga moslashtiruvchi tasvirlar ham ko‘paydi. Biroq ko‘pchilik holatlarda yulduzlarning aynan nomukammal jihatlari ularni yanada o‘ziga xos va go‘zal ko‘rsatishi ma’lum bo‘lgan. Matematika go‘zallikni o‘lchashga yordam berishi mumkin, ammo haqiqiy joziba ko‘pincha insonni boshqalardan ajratib turadigan o‘ziga xoslik va nomukammallikda yashirinadi.

