Mahalliy

Mast haydovchi pora berayotganda qo‘lga olindi

Haydovchi I.Yu. sodir etgan huquqbuzarligidan xulosa chiqarish o‘rnida undan qutilish yo‘lini qidirgan.

Mast holatda mashina boshqargan haydovchi yo‘l-patrul xizmati xodimiga 10 million so‘m pora taklif qilganida qo‘lga olindi.

Buxoro shahrining markaziy ko‘chalaridan birida harakatlanayotgan "Chevrolet Cobalt" rusumli avtomobil YPX inspektorining diqqatini tortdi. Avtomobil to‘xtatilib, tekshirilganda haydovchining mast holatda ekanligi aniqlandi. Natijada, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 131-moddasi (Transport vositalarini mastlik holatida boshqarish) 1-qismi bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomobil jarima maydonchasiga joylashtirildi.

Buxoro viloyati IIB axborot xizmati mas’ul xodimi Murodjon Rahmatullayevning "Xabar.uz"ga ma’lum qilishicha, haydovchi I.Yu. sodir etgan huquqbuzarligidan to‘g‘ri xulosa chiqarish o‘rniga, vaziyatdan qutulish yo‘lini izlagan. U YPX xodimiga o‘ziga nisbatan qonuniy chora ko‘rmaslik va avtomobilini jarima maydonchasidan chiqarib berish evaziga 10 million so‘m pora taklif qilgan.

YPX xodimi I.Yu.ni bir necha bor ogohlantirganiga qaramay, fuqaro o‘z ishini "yopib" berish taklifidan voz kechmagan.

Shundan so‘ng, YPX xodimi ushbu holat yuzasidan tegishli tartibda murojaat qilishga majbur bo‘lgan. Mazkur holat bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasining Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buxoro shahar bo‘limi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tadbir davomida fuqaro jarima maydonchasi hududida xodimga kelishilgan pulning 9 million 950 ming so‘mini pora sifatida berayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan jinoyat ustida qo‘lga olindi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan fuqaroga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 211-moddasi (Pora berish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.