Mashhur rejissyorning rafiqasi, Oshin va sohibjamolning o‘zbekcha ovozi Sayyora Yunusova 70 yoshda: u nega mashhur bo‘lishni istamagan?

Mashhur rejissyorning rafiqasi, “Oshin” va “Sohibjamol”ning o‘zbekcha ovozi Sayyora Yunusova 70 yoshda: u nega mashhur bo‘lishni istamagan?
“Oshin” serialidagi bosh qahramonni o‘zbekcha gapirtirgan, teatr va kinodagi o‘nlab rollari bilan tomoshabinlarga yaxshi tanish bo‘lgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sayyora Yunusova 22-sentyabr kuni 70 yoshni qarshiladi. Shu munosabat bilan filmlarda suratga tushishdan ko‘ra teatr sahnasini afzal ko‘radigan aktrisaning hayot va ijod yo‘liga nazar tashlaymiz.
Sayyora Yunusova 1956-yilda Toshkent shahrida ziyolilar oilasida tavallud topgan. Uning otasi harbiy, onasi esa tish shifokori bo‘lgan. Aktrisa oiladagi kenja farzand bo‘lib, uning akasi bor edi.
Aktrisaning bolalik yillari haqida
— Toshkentning Ishchilar shaharchasidagi 20-maktabda o‘qiganman. Ko‘proq o‘zim bilan o‘zim bo‘lishni va xayol surishni yaxshi ko‘raman. Bolaligimdan shunday bo‘lsam kerak. Ota-onam akam ikkimizni uyda qulflab ishga ketishardi. Ular ketishi bilan tomga chiqib osmonni tomosha qilishni, chordoqda har xil narsalar yasashni yaxshi ko‘rardik, deydi aktrisa.
“Yog‘ochdan qo‘g‘irchoqlar yasardik”
— San’atga yoshligimdan qiziqqanman. U paytlar tayyor qo‘g‘irchoqlar bo‘lmasdi. O‘zimiz yog‘ochdan yasab, boshlarini o‘rnatib, soch ulab, kiyim tikardik. Keyin o‘zimcha teatr pardalarini tayyorlab, sahna ko‘rinishini tiklardim. Bu shunchaki o‘yinchoq bo‘lgan, xolos. U paytda kelajakda aktrisa bo‘laman, deb o‘ylamaganman, deydi Sayyora Yunusova.
“Ota-onam televizor ko‘rishimizga ruxsat bermasdi”
— Ota-onam ko‘p televizor ko‘rishimizga ruxsat berishmasdi. Soat 22:00 da “Xayrli tun, bolajonlar” ko‘rsatuvini ko‘rib, darrov uxlashimizni aytishardi. Hўp deb, lekin ular kino ko‘rayotganda uxlamay, eshik tirqishidan poylab tomosha qilardim. O‘sha paytda ekrandagilarni aktyor deb o‘ylamasdim, chindan ham hayotlari shunday ekan, deb tasavvur qilardim. Keyinchalik ular aktyorlar bo‘lib, kinoda rol o‘ynashini aytishganida, ich-ichimdan aktyor bo‘lishni xohlay boshlaganman. Lekin o‘shanda bu haqda hech kimga indamaganman, deydi u.
“Otam halim odam edilar. Balki men ham otamga o‘xsharman”
—Urush paytida taqdir taqozosi bilan otam harbiy bo‘lib ketgan, hayot shunga majbur qilgan. Aktrisa bo‘lishimni eshitgan dadam urishmasdan, sekinlik bilan bu kasbning qiyinchiliklarini tushuntirgan. Shunday vazmin odam edilar. Balki shu halimliklari menga ham o‘tgandir. Ammo onam rahmatli xuddi Zaynab Sadriyevaday qattiqqol va talabchan ayol edilar.
Onam tibbiyot yo‘nalishida ishlagan bo‘lsa ham, hayotda “aktrisa” edi. Men esa sahnada aktrisa bo‘lsam-da, hayotda unday bo‘lolmayman. Hammaga o‘z fikrini bemalol aytadigan ayol bo‘lgan. Maktabni bitirgach, Mukarrama Turg‘unboyevaning ansambliga borib, ashulachi yoki raqqosa bo‘lishni xohlagan ekan, biroq bobom ruxsat bermagan ekan.
Xudoga shukr, rahmatli ota-onam san’at yo‘lidan ketishimga qarshilik qilishmadi. Buning uchun ulardan mingdan-ming minnatdorman.
“Aktrisa bo‘lishimni aytganimda hamma ustimdan kulgan”
— Maktabni bitirayotgan vaqtim uyimizga mehmonlar keldi. Ular kelajakda kim bo‘lishim haqida so‘rashdi. Aktrisa bo‘lmoqchiligimni aytsam, “artist bo‘lasanmi?”, deb hammalari ustimdan kulishdi. Bu gapdan juda qattiq xafa bo‘ldim. Ana o‘shanda yuragim hapqirib, “hali sizlarga kimligimni ko‘rsatib qo‘yaman”, deganman.
“Qizingiz artist ekan-ku, aldoqchi ekansizlar”
Sayyora Yunusova maktabni bitirgach, 1973-yilda Toshkent teatr va rassomchilik san’ati institutiga yashirincha hujjat topshiradi. U dastlab qo‘g‘irchoq teatri aktyorligi bo‘limiga o‘qishga kiradi. Biroq ushbu yo‘nalishda pedagog yetishmagani sababli, keyinchalik tahsilini drama aktyorligi bo‘limida davom ettiradi.
— Umrimda birorta she’r yodlamay, to‘garaklarga qatnashmaganim uchun mendan aktyor chiqmasligini aytishgan bo‘lsa ham, hammadan berkitib institutga kirdim. Onam buni qarindoshlardan yashirib, “qizim maktabgacha ta’lim yo‘nalishida o‘qiyapti”, deb yurar edilar. U paytlar diplom spektakllari televideniyeda ko‘rsatilardi. Meni ekranda ko‘rgan qarindoshlar onamga “qizingiz artist ekan-ku, aldoqchi ekansizlar”, deyishgan. Lekin keyinchalik “Zebuniso” spektaklidagi rolimni xalq yaxshi qabul qilganidan so‘ng, ustimdan kulgan o‘sha qarindoshlarimiz uyimizga mehmonga kelib, onamga chopon kiydirib ketishdi. O‘shanda qarindoshlarimizning ikkiyuzlamachiliklarini ko‘rib, hayron qolganman.
“Teatrga ishga qabul qilinganimga ishonmaganman”
Sayyora Yunusova 1977-yildan buyon O‘zbek milliy akademik drama teatrida faoliyat yuritib kelmoqda. Ijodiy faoliyati davomida “Oltin devor”, “Zebuniso”, “Gamlet” kabi spektakllardagi rollari aktrisaga muvaffaqiyat olib kelgan.
— Baxtli aktrisaman. Negaki, institutda uchta kurs bo‘lgan bo‘lsak, ular orasida aktrisa bo‘lishga arzigulik juda chiroyli qizlar bor edi. Men esa oddiygina holimda teatrga ish so‘rab kelganman.
Boshida ishga qabul qilinganimga ishonmadim. U paytda 15 nafardan ortiq keksa va tajribali ijodkorlardan iborat badiiy kengash komissiyasi imtihon olardi. Ular uchun dekoratsiyalar qurib, spektakldan uchta parcha ko‘rsatganmiz. Kengash a’zolari kelayotganini ko‘rib, yuragim vahimaga tushganidan “aktrisa bo‘lmayman”, deb qochib ketganim bugun ham esimda. Keyin bolalar sudrab olib kelishgan. Uchta rolda chiqish qildim. Shundan keyin muhokama boshlanib, badiiy kengash a’zolari Bahodir Yo‘ldoshevning xonasiga kirib ketdi. So‘ng meni ham chaqirib, savol-javob qilishdi va ishga olishdi.
“Aktyorlarni ilohiy odamlar deb o‘ylardim”
Foto: Instagram/@milliy_teatr
— Birinchi marta teatr binosiga kelayotganimda hayajonim kuchliligidan transportdan erta tushib, piyoda kelganman. O‘rdaning oldida turib, teatr binosidan nur tarqalayotgandek tuyulgan. Shu nur bo‘ylab ketaverganman. U paytda aktyorlarni ilohiy insonlar deb o‘ylardim. Qarasam, hammalari oddiy odamlar ekan. Bir-birini xafa ham qilishar, g‘iybat ham qilisharkan. O‘shanda ulardan hafsalam pir bo‘lgan edi. Teatrda kimnidir yomonlashsa, boshqacha holatga tushardim. Menimcha, sahna toza yurak bilan chiqadigan joy, aks holda tomoshabinni ijrongizga ishontirolmaysiz.
“Jim bo‘lib keldim, jim ketishni xohlayman”
— Hech qachon yulduz bo‘lib, televizorda ko‘rinish berishni xohlamaganman. Men teatr ichida yashashni istardim. Aytganimdek, dunyoqarashim sodda bo‘lgani uchun aktyorlar ham menga hayron bo‘lib qarashardi. Keyinchalik bu muhitni anglaganimdan so‘ng hammasiga ko‘nikib ketdim. Masalan, bugungi kunda har xil gap-so‘zlarga qo‘shilmayman. To‘g‘ri ishga kelaman, vazifamni bajaraman va ketaman. Aktyorlar juda ham hissiyotga beriluvchan bo‘lishadi. Birdaniga nimalarnidir o‘ylab, kutilmagan ishlar qilib yuborishlari mumkin. O‘shanday kelishmovchiliklardan yiroq bo‘lishni xohlayman. Hayot bir marta beriladi. Nima uchun shu qisqa umrimizda yomonlikni ko‘rishimiz kerak? Bir quyosh va bir osmon hammaga yetadi-yu, lekin odamlar yer talashib, urush qilishadi. Bularning nima keragi bor, deging keladi.
“Turmush o‘rtog‘im bilan teatrda tanishganmiz”
Sayyora Yunusova 1984-yilda kinorejissyor Jahongir Qosimovga turmushga chiqqan. Oilaning ikki o‘g‘il va bir nafar qiz farzandi, hamda bir nechta nabiralari bor. Ma’lumotlarga ko‘ra, aktrisaning barcha farzandlari san’at sohasida faoliyat yuritadi. Katta o‘g‘li xuddi otasi kabi rejissyorlik kasbini egallagan.
— Turmush o‘rtog‘im diplom spektaklini qo‘yish uchun teatrga kelganida meni ko‘rib qolgan ekan. Teatrda ishlaydigan bir do‘sti orqali sekin-asta tanishib, keyinchalik sovchi qo‘ygan. So‘ng taqdir ekan, qisqa vaqt ichida to‘yimiz bo‘lib ketdi. Birin-ketin farzandli bo‘ldik. Bolalarimizning hammasi teatrda ulg‘ayishdi. Hattoki qizimni bir yarim yoshida sahnaga ham olib chiqqanman. U paytlari moddiy jihatdan pul kerak bo‘lgani uchun, uch yillik tug‘ruq ta’tilida o‘tirmay, olti oydan so‘ng darhol ishga qaytgan edim.
O‘sha kezlari asosiy obrazlarni eplolmayman deb, ko‘pincha ikkinchi darajali rollarni ijro etardim. Kunlarning birida “Ufq” spektaklida erlarini frontga kuzatayotgan ayollardan birining rolini o‘ynashim kerak edi. O‘shanda sahna ortida qizimni ushlab turadigan bitta ham bo‘sh odam yo‘qligidan uni qayerga qo‘yishni bilmaganman. Shunda Muqaddas Xoliqova: “O‘ylab o‘tirasizmi, qishki jun ro‘molga o‘rang-da, sahnaga o‘zingiz bilan olib chiqavering. O‘sha davrdagi ayollarning ham yosh bolalari bo‘lgan-ku”, deb maslahat berdi. Muqaddasning aytganini qilib, bolani o‘zim bilan sahnaga olib chiqdim va unga “qizim, dadang armiyaga ketyapti, xayr qil”, dedim. Shunda bir yarim yoshli qizim qorong‘i zaldan qo‘rqmay “xayr, dada”, degan. Spektakldan so‘ng rahmatli Jamshid Zokirov “hammasini rasvo qilibsan, nimaga bolangni sahnaga olib chiqding? Endi unga ham aktrisalik kasali yuqadi, deb aytgandi.
“Oshin televideniyedagi birinchi dublyaj rolim bo‘lgan”
Sayyora Yunusova dublyaj sohasida ham samarali faoliyat yuritgan. U “Kelinlar qo‘zg‘oloni” filmidagi Nigoraga, “Sohibjamol va maxluq” multfilmidagi Bellga ovoz bergan. Qolaversa, Yapon kino ijodkorlari tomonidan suratga olingan mashhur “Oshin” serialidagi mitti qahramon — Oshinni ham o‘zbekcha gapirtirgan.
— “Oshin” televideniyedagi birinchi dublyaj ishim hisoblanadi. Undan avval “Kelinlar qo‘zg‘oloni”dagi Nigoraga kinostudiyada ovoz bergan edim. U vaqtlar tartib boshqacha edi, avval filmni to‘liq ko‘rib chiqib, so‘ng boshdan-oyoq ovozlashtirardik.
Dublyaj jarayoni televideniye tizimiga o‘tgandan keyin “Oshin” serialini ovozlashtirish men uchun juda qiyin kechdi. Chunki yangi tizimda to‘rtta aktyor serialdagi barcha rollarga ovoz berishi kerak edi. Serialga Sanjar Sa’dullayev, Omon Abdurazzoqov, Oybarchin Bakirova va men ovoz berganmiz. Jamoada eng yoshi bo‘lganim sababli jarayonda juda qiynalardim. Mabodo biror joyda yanglishib ketsam, kattalar qarab, tomoq qirib qo‘yishardi. Nazarimda, shuning o‘zi ham tanbehday tuyulardi. O‘shanda Barchin opa menga katta yordam bergan. Ular doim “Hech qachon atrofdagilarga quloq solma”, deb o‘rgatardilar, deya Sayyora Yunusova marhum ustozi Oybarchin Bakirovani xotirladi.

