Mars tongi qanday koʻrinadi? Curiosity gʻayrioddiy qoyalarni suratga oldi
NASA’ning Curiosity marsoxodi Marsdagi shamol taʼsirida yemirilgan gʻayrioddiy qoyalarni tonggi yorugʻlikda suratga oldi. Olti kadrdan yigʻilgan panoramada ranglarga odatdagi tuzatish kiritilmagani uchun Qizil sayyoraning ertalabki manzarasi tabiiy koʻrinishda saqlangan.

Mars tongi qanday koʻrinadi? Curiosity gʻayrioddiy qoyalarni suratga oldi
Suratning oldingi qismida koʻkimtir ranglar yaqqol koʻrinadi. Ufqdagi yardanglar — shamol eroziyasi shakllantirgan qoyalar esa yorqin tong nuri ostida yaltirab turibdi.
Curiosity’ning Mastcam kamerasida olingan ko‘plab suratlardan farqli o‘laroq, bu panoramani tayyorlashda oq rang balansi tuzatilmagan. Shu sabab Mars manzarasining erta tongdagi tabiiy ranglari saqlanib qolgan.
Yardanglar qatlami Sharp tog‘ining shimoli-g‘arbiy qismida taxminan 16 kilometrga cho‘zilgan. Balandligi qariyb besh kilometr bo‘lgan bu tog‘ yonbag‘irlariga Curiosity 2014-yildan beri ko‘tarilib kelmoqda.
Yaqinda apparat yana bir muhim natijaga erishdi: uning yo‘l davomida balandlik bo‘yicha ko‘tarilishi bir kilometrga yetdi. Bu Marsda harakatlangan marsoxodlar orasida eng katta ko‘rsatkich sifatida qayd etilmoqda.
Olimlar Curiosity yardanglarga yaqinlashgani sari yanada batafsil tasvirlar olishga umid qilmoqda. Ularning asosiy maqsadlaridan biri — bu g‘ayrioddiy qoyalar qanday shakllanganini aniqlash.
Sharp tog‘i ko‘plab qatlamlardan iborat bo‘lib, ularning har biri Mars tarixining muayyan davri haqida ma’lumot beradi. Ularni o‘rganish orqali olimlar milliardlab yillar avval bu hududda ko‘llar va suv oqimlari bo‘lganini yaxshiroq tushunib olgan.
Vaqt o‘tishi bilan suv qurib, tuz minerallarini qoldirgan. Tog‘da yangi yotqiziqlar to‘planishi to‘xtaganidan keyin shamol materialning bir qismini asta-sekin yemirib ketgan bo‘lishi mumkin. Yardanglar shu jarayon natijasida shakllangani taxmin qilinmoqda.
Hozir Curiosity o‘zining beshinchi uzaytirilgan missiyasining ikkinchi yilida ishlamoqda. Mazkur bosqich o‘rgimchak to‘riga o‘xshash, kataksimon tuzilish hosil qiluvchi qirlarni o‘rganishdan boshlangan.
Kelgusi bir yil atrofida marsoxod asosan sulfat va karbonat minerallariga boy qatlamlar bo‘ylab harakatlanadi. Bu qatlamlar Marsdagi qadimgi muhit va suvning qurib borishi haqida qo‘shimcha ma’lumot berishi kutilmoqda.
Olimlar Curiosity 2027-yil davomida yardanglar etagiga yetib borishiga umid qilmoqda. O‘shanda apparat robotlashtirilgan qo‘li yordamida ushbu qoyalarni bevosita o‘rganib, yangi ma’lumotlar to‘plashi mumkin.

