Markirovkalash qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik yengillashtiriladi
Chakana savdo va umumiy ovqatlanish sohasidagi tadbirkorlik subyektlarida raqamli markirovkalash qoidalarini buzganlik uchun qoʻllaniladigan jarimalar tadbirkorning daromadiga bogʻlanmagan holda, qatʼiy miqdorda belgilanadigan boʻldi. Markirovkalash qoidalari buzilganda birinchi marta ogohlantirish beriladi. Tegishli qonun loyihasi noyabr oyigacha tayyor boʻlishi kerak. Shuningdek, markirovka masalasida kafe-restoranlar va mehmonxonalar duch kelayotgan muammo hal etildi.

Markirovka qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik yengillashtiriladi
Oʻzbekiston Prezidentining tadbirkorlar bilan uchrashuvida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan farmon qabul qilindi. Ushbu farmonda markirovka tizimiga oid bir qator yangiliklar ham oʻrin olgan.
Xususan, 28-avgustdan kuchga kirgan farmonga koʻra, mehmonxona va umumiy ovqatlanish xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlari tomonidan suv, salqin ichimliklar, pivo va tamaki mahsulotlari xarid qilinganda, ularning raqamli markirovka kodlari ushbu subyektlarda yakuniy isteʼmolga realizatsiya qilingan deb hisoblanadi.
Bundan tashqari, 2026-yil noyabr oyining oxiriga qadar markirovkalash qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik choralarini yengillashtirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.
Mutaxassislar markirovka qoidalarini buzganlik uchun belgilangan jarimalar tadbirkorlarni bankrotlikka olib kelayotganini taʼkidlamoqdalar. Misol uchun, 96 ming soʻmlik harakat uchun 140 milliard soʻm jarima qoʻllanilishi mumkin.
Maʼlumot uchun, amaldagi Soliq kodeksida markirovkalash qoidalarini buzganlik uchun choraklik sof tushumning 2 foizi miqdorida jarima belgilangan. Agar xuddi shunday huquqbuzarlik jarima qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilsa, jarima miqdori choraklik sof tushumning 20 foiziga teng boʻladi.
Mutaxassislar bu holatni "iqtisodiy siyosatga zid" deb baholab, markirovkalash qoidasini buzganlik uchun jarimani aylanmaga bogʻlamaslikni taklif qilmoqdalar.

