Marketpleys eng munosib mahsulotni koʻrsatadimi yoki oʻziga keraklisini?
Xaridor marketpleysda oʻziga kerakli mahsulotni izlab qidiruv berganda, birinchi boʻlib koʻringan tovar haqiqatan ham eng yaxshi taklifmi? Boʻlishi mumkin, lekin har doim ham emas. Ayni shu nuqtada platformaning manfaatlari isteʼmolchi manfaatlari bilan toʻqnashadi. Huquqshunos Humoyunmirzo Eshboyev Kun.uz'ga taqdim etgan maqolasida shu mavzuni isteʼmolchi huquqlari nuqtayi nazaridan koʻrib chiqadi.

Marketpleys eng munosib mahsulotni koʻrsatadimi yoki oʻziga keraklisini?
Smartfoningizni olib, odatda foydalanadigan marketpleys ilovasini ochasiz va «koʻylak», «poyabzal» yoki «smartfon» deb qidirasiz. Bir soniyada ekranda bir necha oʻnlab mahsulotlar paydo boʻladi. Ayrimlarida «Top tavsiya», «Eng koʻp sotilgan», «Tez yetkaziladi» kabi jozibali yorliqlar boʻladi. Koʻpchiligimiz aynan shu birinchi qatordagi tovarlarga qarab tanlovni boshlaymiz.
Demak, mahsulotning ekranda qayerda va qanday koʻrinishi oddiy texnik masala emas — u xaridorning yakuniy qaroriga bevosita taʼsir qilishi mumkin.
Ammo shu yerda oddiy, lekin muhim savol tugʻiladi: bu mahsulotlar nega bizga tavsiya qilinyapti? Ular haqiqatan ham butun bozordagi eng arzon, eng sifatli yoki xolis xaridorlar bahosini olgan mahsulotlarmi?
Platformaning mahsulotlarni qaysi tartibda koʻrsatishi isteʼmolchi tanloviga kuchli taʼsir qiladi. Foydalanuvchi bir nechta platformadan foydalansa ham, unga qaysi mahsulot avval koʻrsatilishi juda muhim.
Bu masalaning dolzarbligi raqamli savdoning tez surʼatlarda kengayayotgani bilan yanada ortmoqda. 2024-yilda B2C elektron tijorat hajmi 4,12 trillion dollarga, onlayn xaridorlar soni esa 2,5 milliard kishiga yetgan. Oʻzbekistonda ham elektron savdo va internetdan foydalanish kengayib borayotgan bir paytda, ekrandagi «tartib» oddiy texnik vosita emas: mahsulotning qaysi oʻrinda koʻrsatilishi xaridor eʼtiboriga, sotuvchining savdosiga va raqobat muhitiga taʼsir qilishi mumkin.
Raqamli platforma oddiy doʻkondan nimasi bilan farq qiladi?
Marketpleys shunchaki savdo maydoni emas. U bir vaqtning oʻzida toʻrtta rolni bajaradi: bozorni tashkil etadi va ilova orqali kirish darvozasini nazorat qiladi; ichki qoidalarni belgilaydi hamda qaysi tovar qidiruv oynasining yuqorisida turishini hal qiluvchi algoritmlarni yozadi; oʻzining toʻlov va kuryerlik tarmoqlarini joriy qiladi; oʻz mahsulotlari (xususiy tovar belgilari) bilan maydonga kirib, mustaqil tadbirkorlar bilan ayni bir xaridor uchun raqobatlashadi.
Obrazli aytganda, raqamli platforma bir vaqtning oʻzida ham maydon egasi, ham qoidalarni belgilovchi hakam, ham shu maydonda toʻp tepayotgan manfaatdor oʻyinchiga aylanadi.

