Siyosat

«Markaziy Osiyo yanada prognoz qilib boʻladigan mintaqaga aylandi» — Sodiq Safoyev

Markaziy Osiyo global beqarorlik fonida yanada prognoz qilib boʻladigan mintaqaga aylanmoqda, deb bayonot berdi senator Sodiq Safoyev. U Maslahat uchrashuvlarini yangi institutsional darajaga olib chiqishga chaqirdi. Uning soʻzlariga koʻra, mintaqa mamlakatlarining yanada yaqinlashishi ishonch va umumiy qadriyatlarni mustahkamlashni talab etadi.

«Markaziy Osiyo yanada barqaror va ishonchli mintaqaga aylandi» — Sodiq Safoyev

Oliy Majlis Senati raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev 1 oktyabr kuni Bokuda Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlarini, shuningdek, Moʻgʻuliston va Afgʻonistonni birlashtiruvchi CAMCA (Central Asia, Mongolia, Caucasus, Afghanistan) tarmogʻining Mintaqaviy forumida nutq soʻzladi.

U xalqaro inqiroz fonida Markaziy Osiyo yanada barqaror, prognoz qilib boʻladigan va jozibador mintaqaga aylanib borayotganini, biroq bundan keyingi rivojlanish uchun hamkorlikni, mintaqaviy oʻzlikni va ishonchni mustahkamlash zarurligini taʼkidladi.

Markaziy Osiyo va mintaqaning roli haqida gapirar ekan, Sodiq Safoyev Markaziy Osiyoni chorraha sifatida tasavvur qilish yangilik emasligini qayd etdi.

«Chorraha boʻlish, ehtimol, Markaziy Osiyoning taqdiridir. Qadim zamonlardan buyon ushbu mintaqa turli makrohududlarni bogʻlab kelgan. U oʻz chegaralarini, tuzilishini, ustuvor dini va tillarini koʻp marta oʻzgartirgan», — dedi u.

Biroq bugun, uning soʻzlariga koʻra, dunyoning oʻzi chorrahada turibdi: «Bugun dunyoda sodir boʻlayotgan voqealar gʻayrioddiydir, Markaziy Osiyo va CAMCA mintaqasi esa ushbu makonning markazida boʻlgani holda, asosiy global tendentsiyalar taʼsirini oʻz tanasida his qilmoqda. Shu bois mintaqadagi joriy va rivojlanayotgan voqealarni, shuningdek, uning kelajagini tahlil qilishni kengroq global kontekstda koʻrib chiqish zarur».

Sodiq Safoyevning soʻzlariga koʻra, dunyo poliinqiroz, yaʼni bir vaqtning oʻzida bir nechta halokatli voqealarning sodir boʻlishi holatida turibdi. U oʻz hayotida hech qachon bunday vaziyatni kuzatmaganini taʼkidladi.

«Bir inqiroz ortidan boshqasi kelmoqda: qonli urushlar, sanktsiyalar, yetkazib berish zanjirlarining uzilishi va boshqa larzalar. Bunga yetakchi global ishtirokchilar oʻrtasidagi ishonchsizlik va kuch ishlatishning tobora kengroq qabul qilinishi qoʻshilmoqda, bu esa, mening fikrimcha, oʻta tashvishli holatdir. Oʻtgan yili dunyo davlatlari qurollanishga 2,7 trln dollar sarfladi, ayni paytda butun dunyo boʻylab 1 mlrd odam ogʻir sharoitlarda yashamoqda», — deya taʼkidladi Sodiq Safoyev.

Uning baholashicha, bu dunyo tartibotining transformatsiyasidan dalolat beradi.

«Bu xalqaro huquqni mensimaslik va parchalanishda namoyon boʻlmoqda. Shu bilan birga, asosiy inqiroz shundaki, dunyo oʻzaro bogʻliqlikni yoʻqotayotgani yoʻq: globallashuv bekor qilingani yoʻq, degloballashuv jarayoni mavjud emas. Biroq davlatlar va asosiy ishtirokchilar oʻrtasidagi ishonch va oʻzaro tushunish yoʻqolmoqda. Bu juda xavfli uygʻunlik: oʻzaro bogʻliqlik ortib bormoqda, ishonch esa yoʻqolmoqda».

Senator oʻz nutqida global tahdidlarga qarshi turish uchun jamoaviy harakatlar va birgalikdagi saʼy-harakatlar zarurligini qayd etdi.

«Ammo shu bilan birga, BMT kabi yirik xalqaro tashkilotlar va institutlarning ushbu tahdidlarga javob berish qobiliyati kritik darajada past. Afsuski, bu inqiroz ertaga yoki yaqin yillarda tugamaydi. Dunyo endigina uzoq davom etadigan transformatsiya davriga qadam qoʻymoqda va mintaqa davlatlarining birgalikdagi javobi boʻlishi kerak», — dedi u.

Sodiq Safoyev dunyo taraqqiyotining mahzun manzarasiga qaramay, Markaziy Osiyo va kengroq CAMCA mintaqasida buning teskarisi boʻlgan tendentsiyalar kuzatilayotganini taʼkidladi.

«Dunyoda koʻp tomonlama diplomatiya inqirozga yuz tutayotgan bir paytda, bizning mintaqamizda koʻp tomonlama diplomatiya, aksincha, yildan-yilga kuchayib bormoqda. Agar ilgari Markaziy Osiyoni turlicha, asosan uning yirik mintaqaviy yoki global kuchlarga yaqinligi orqali taʼriflashgan boʻlsa, bugungi kunda mintaqa tobora koʻproq shunchaki postsovet makoni emas, „yana bir nechta -stonlar“ emas va oraliq bir narsa emas, balki yirik bozorlar va yirik ishtirokchilarni bogʻlaydigan makon sifatida qabul qilinmoqda».

Senator, shuningdek, landlocked («dengizga chiqish imkoniyati boʻlmagan») tushunchasiga toʻxtalib, Markaziy Osiyo asta-sekin landlocked-mintaqadan land-linked-mintaqaga, yaʼni boshqa makonlar bilan bogʻlangan mintaqaga transformatsiya boʻlayotganini taʼkidladi.

«Agar transatlantik hamjamiyatda, islom dunyosida, arab dunyosida va boshqa makonlarda parchalanish kuzatilayotgan boʻlsa, CAMCA mintaqasida, aksincha, mamlakatlarni yaqinlashtiradigan tortishish kuchlari paydo boʻlmoqda».

Sodiq Safoyev bu jarayonlarni, xususan, prezident Mirziyoyev rahbarligida Oʻzbekiston tashqi siyosatining yangilanishi bilan bogʻladi.

«Bugun Markaziy Osiyoda hamkorlikni jipslashtirishga qaratilgan barqaror tendentsiya kuzatilmoqda. Ammo gap albatta integratsiya haqida ketayotgani yoʻq. Ehtimol, bugun „integratsiya“ soʻzini ishlatishdan tiyilish maʼquldir, chunki u juda kuchli soʻz. Biroq yanada chuqurroq va yaqinroq hamkorlik haqiqatan ham rivojlanmoqda», — dedi u.

Bu, uning baholashicha, mintaqani yanada barqaror va prognoz qilib boʻladigan qiladi.

«Barqarorlik va prognoz qilib boʻluvchanlik — bugungi kunda dunyoga aynan yetishmayotgan narsadir. Agar global kontekstda geosiyosiy noaniqlik haqida tobora koʻproq gapirilayotgan boʻlsa, Markaziy Osiyo va CAMCA mintaqasiga nisbatan optimizm uchun koʻproq asoslar bor. Bu Markaziy Osiyo dunyo uchun yanada jozibador boʻlib borayotganini anglatadi», — deya tushuntirdi Oʻzbekiston vakili.

U, shuningdek, Ozarbayjonni Maslahat uchrashuvlarining toʻlaqonli ishtirokchisi sifatida qabul qilish toʻgʻrisidagi qarorni eslatib oʻtdi.

«Menimcha, Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarini oʻziga xos kengash yoki boshqa institutga transformatsiya qilish vaqti keldi — shunchaki maslahatlashuv maydonchasi emas, balki undan kattaroq narsaga», — dedi u.

Senator, shuningdek, ikki yil avval Ozarbayjon, Qozogʻiston va Oʻzbekiston rahbarlari Bokuda sammit oʻtkazganini va bu «mustahkam geostrategik uchburchak»ni yaratganini tilga oldi.

Integratsiya haqida gapirar ekan, Sodiq Safoyev u, eng avvalo, ixtiyoriy boʻlishi kerakligini taʼkidladi.

«Majburiy integratsiya, qachonki kimdir mamlakatni biror bir birlashmaga aʼzo boʻlishga majbur qilsa, hech qachon mustahkam va barqaror boʻlmaydi. Mamlakat u yoki bu formatda ishtirok etishdan siyosiy va iqtisodiy manfaat koʻrishi kerak. Bundan tashqari, integratsiyaning aniq belgilangan maqsadi boʻlishi lozim», — dedi u.

Senator manfaatlar muhimligini, biroq har qanday integratsiyaning asosiy elementi umumiy qadriyatlar va umumiy tamoyillar ekanini qayd etdi: «Hech qanday iqtisodiy manfaatlar, siyosiy masalalar yoki xavfsizlik masalalari ushbu asosiy elementning oʻrnini bosa olmaydi. Bunday umumiy qadriyatlarni yaratish CAMCA mintaqasi va Markaziy Osiyo uchun eng muhim vazifadir».

U buni «mintaqaviy oʻzlik» (regionalnaya identichnost) atamasi bilan ifodalashni taklif qildi. Bunda gap uni noldan yaratish haqida ketmayapti, chunki u mintaqaning boy tarixi tufayli allaqachon mavjud, balki ushbu mintaqaviy oʻzlikni kuchaytirish va mustahkamlash haqida bormoqda.

Qadriyatlar haqida gapirar ekan, Sodiq Safoyev shaxsiy misol keltirdi:

«Bu yerda, Bokuda oʻzimni uydagidek his qilaman: koʻchalarda, odamlar bilan suhbatda men xuddi oʻsha fikrlash tarzi va xuddi oʻsha mentalitetni his qilaman. Men Olmaota, Dushanbe, Bishkek, Ashxobod va Gruziyada ham oʻzimni shunday his qilaman. Men har doim oʻzimni turmush tarzi, mehmondoʻstligi va umumiy qadriyatlarga — kattalarga, qoʻshnilarga va oʻz atrofidagilarga boʻlgan hurmati bilan yaqin boʻlgan odamlar orasida his qilaman».

Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazning yaqinlashishi haqida gapirar ekan, Sodiq Safoyev Oraliq yoʻlakning (Transkaspiy yoʻlagi sifatida ham maʼlum) ahamiyatini qayd etdi. Uning soʻzlariga koʻra, agar yoʻlak toʻlaqonli ishlay boshlasa, u orqali Uzoq Sharqdan Yevropaga 11 mln tonna yuk tashilishi kutilmoqda.

«Oraliq yoʻlak, soʻngra Xitoy, Qirgʻiziston va Oʻzbekistonni bogʻlovchi temir yoʻl qurilishi yakunlangach, Xitoyning Nankin shahridan Germaniyaning Duysburg shahrigacha yuklarni yetkazib berish vaqti bir hafta yoki 10 kungacha qisqaradi», — dedi u.

Senatorning soʻzlariga koʻra, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz yana uzoq masofali savdoni taʼminlaydigan tranzit yoʻnalishining yuragiga aylanadi, bu esa tezkor rivojlanishning asosiy darakchisidir.

Sodiq Safoyev Ipak yoʻli, eng avvalo, uzoq masofali savdo yoʻnalishi boʻlganini, bu esa oʻrta asrlardagi Markaziy Osiyoda ilm-fan, taʼlim, davlatchilik va iqtisodiyotning gullab-yashnashiga asosiy omil boʻlganini eslatib oʻtdi.

«Bugun gap ulkan mintaqaning qayta tiklanishi haqida ketmoqda. Men geografik determinizm pozitsiyasidan yiroqman, biroq oʻzaro bogʻliqlik ulkan ahamiyatga ega. Ammo shuni ham tushunish muhimki, mintaqa davlatlari nafaqat temir yoʻl infratuzilmasiga, balki ishonch va oʻzaro tushunish infratuzilmasiga, yaʼni qonunlar, tariflar, normalar, qoidalar va hamkorlikning boshqa elementlari tizimiga ham investitsiya kiritishlari zarur», — deya taʼkidladi u.

Senator amerikalik olim Frensis Fukuyamaning zamonaviy davlatning eng muhim farqlovchi xususiyatlaridan biri ishonch ekani haqidagi fikrini eslatdi: qachonki biznes davlatga ishonsa, davlat biznesga ishonsa, biznes esa bir-biriga ishonsa.

«Va CAMCA mintaqasining modernizatsiya qilinayotgan mamlakatlari uchun oʻz oʻrtalarida ishonch infratuzilmasini yaratish, xurofotlar qoldiqlarini va, ehtimol, sogʻlom boʻlmagan raqobatni yengib oʻtish oʻta muhim vazifadir», — dedi Senat raisining birinchi oʻrinbosari.

Mintaqaning ustuvor yoʻnalishlari haqida gapirar ekan, Sodiq Safoyev, eng avvalo, taʼlim va kelajakka investitsiyalarni ajratib koʻrsatdi.

«Universitetlar va akademik hamjamiyat oʻrtasidagi sheriklikni mustahkamlash, shuningdek, talabalar bir-birlarini masofadan turib va faqat kitoblar orqali emas, balki toʻgʻridan-toʻgʻri, bir-birlarining koʻzlariga qarab tanishlariga erishish zarur».

U, shuningdek, kadrlar tayyorlash bugungi kunda mintaqa mamlakatlari duch kelayotgan oʻsishning asosiy muammolaridan biri ekanini qayd etdi.

«Bizga zamonaviy iqtisodiyotni, zamonaviy boshqaruv va menejment tizimini tushunadigan hamda yangi davr talablariga javob bera oladigan darajada malakali boʻlgan davlat xizmatchilarining yangi avlodini tarbiyalash zarur», — dedi u.

Senator soʻnggi 10 yil ichida Oʻzbekistonda universitetlar soni uch barobar koʻpayganini tilga oldi. «Ammo universitet tashkil etish biz dunyoning eng yaxshi universitetlari bilan raqobatlasha oladigan maktab yaratganimizni anglatmaydi. Bu vaqt talab etadi. Chunki universitet hech qachon noldan va birdaniga paydo boʻlmaydi», — deya aniqlik kiritdi u.

Sodiq Safoyev, shuningdek, fuqarolar oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalar va xalq diplomatiyasining ahamiyatini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, fuqarolik jamiyatlari, NNTlar oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash, madaniy almashinuvlar va turizmni rivojlantirish zarur. U, shuningdek, Ozarbayjon va Markaziy Osiyoni, Gruziya va Oʻzbekistonni hamda boshqa yoʻnalishlarni birlashtirishi mumkin boʻlgan qoʻshma turistik mahsulotlar gʻoyasini tilga oldi.

Safoyev, shuningdek, soʻnggi paytlarda oʻzi tez-tez ishlatayotgan yangi atama — ekspertlar diplomatiyasini taklif qildi.

«Anʼanaviy diplomatiya, parlament diplomatiyasi va xalq diplomatiyasi bilan bir qatorda bugun ekspertlar diplomatiyasini tobora faolroq rivojlantirish zarur. CAMCA aynan shunday ekspertlar diplomatiyasining namunasidir», — dedi u.

«Zamonaviy dunyo uni faqat tashqi ishlar vazirliklari va hukumatlarga ishonib topshirish uchun juda murakkab. Ekspertlar hamjamiyatlari oʻrtasida, u ham boʻlsa bir mamlakatning emas, balki CAMCA makonining bundan keyingi rivojlanishini intellektual jihatdan qoʻllab-quvvatlay oladigan mintaqaning fanlararo va xalqaro ekspertlar hamjamiyati oʻrtasida aloqa zarur», — dedi senator.

Navbatdagi CAMCA mintaqaviy forumi 2027 yil iyun oyi boshida Toshkentda boʻlib oʻtadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.