Iqtisodiyot

Markaziy bank Open bank’ka islomiy bank faoliyati uchun ilk litsenziyani berdi

Markaziy bank qarori bilan Open bank AJga islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya berildi. Mazkur ruxsatnoma O‘zbekistonda shu turdagi faoliyat uchun berilgan birinchisidir.

Markaziy bank Open bank’ka islomiy bank faoliyati uchun birinchi litsenziyani berdi

Markaziy bank boshqaruvining 2026-yil 23-oktabrdagi qaroriga muvofiq, Open bank aksiyadorlik jamiyatiga islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatish huquqini beruvchi 1-I-sonli litsenziya topshirildi.

Regulyator bergan ma’lumotga ko‘ra, ushbu hujjat “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning 5−1-moddasida ko‘zda tutilgan islomiy moliya operatsiyalarining barchasini to‘liq qamrab oladi.

Shuningdek, Markaziy bank fuqarolarga bank xizmatlaridan foydalanishdan oldin tijorat banklarining tegishli litsenziyaga ega ekanini tashkilotning rasmiy veb-sayti orqali tekshirib ko‘rishni tavsiya etdi.

Open bank 2022-yil 24-dekabrda ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Bankning ustav fondi 500 mlrd so‘mni tashkil qiladi. Ta’sischisi va 100 foiz ulushdori Future open technology group AJ hisoblanadi. Rahbari Azamat Shuhratovich To‘rayev.

Bank 2025-yil sentabrgacha Smart Bank nomi ostida faoliyat yuritgan.

Gazeta’ning bank sohasi bo‘yicha axborot manbasi ushbu raqamli bank “Agrobank” shu’basi ekanini tasdiqlagandi.

Eslatib o‘tamiz, 2018-yil may oyida muhokamaga qo‘yilgan prezident qarori loyihasi bilan O‘zbekistonda islom banki va moliyasi infratuzilmasini yaratish rejalashtirilgan edi.

Hujjat bilan foiz (ribo) ko‘rinishidagi mukofotni taqiqlash, foyda va zararlarni loyihada ishtirok etish ulushiga mutanosib ravishda tadbirkor bilan bo‘lishish, islomiy moliyalashtirish tamoyillari asosida sug‘urta faoliyati (takaful), lizing faoliyati (ijara), qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalar bo‘yicha faoliyat (sukuk) va boshqa operatsiyalarni amalga oshirish yuzasidan normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish belgilangan.

Tegishli qonun 2025-yil 11-noyabrda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan, Senat tomonidan esa 5-fevral kuni ma’qullangan edi.

2026-yil 25-mart kuni prezidentga taqdim etilgan taqdimotda O‘zbekistonda 2026-yilda kamida bitta tijorat bankida “islom darchasi”ni ishga tushirish, 2030-yilgacha esa ikkita to‘laqonli islom bankini tashkil etish rejalashtirilgani aytilgandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.