Maradonaning o‘limida ayblanayotgan shifokorlar 25 yilga qamalishi mumkin

Maradonaning o‘limida ayblanayotgan shifokorlar 25 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.
Argentinalik marhum futbol afsonasi Diego Maradonaning o‘limi bo‘yicha o‘tkazilayotgan sud majlisida tibbiyot xodimlarining mas’uliyatsizligiga oid yangi tafsilotlar oshkor etildi.
Buenos-Ayresda bo‘lib o‘tgan sud majlisida nefrolog Ernan Trimarchi Maradonani davolagan shifokorlar uning buyragidagi jiddiy muammolar va surunkali kasalliklarga o‘z vaqtida e’tibor qaratmaganini ma’lum qildi. Mutaxassisning ta’kidlashicha, futbolchining buyraklari kattalashib ketgani semizlik, kokain va yuqori qon bosimidan aziyat chekkan bemor uchun jiddiy xavf signali bo‘lishi kerak edi.
“Bunday holatda bemor har kuni ko‘rikdan o‘tkazilishi, doimiy hamshira nazoratida bo‘lishi va undan muntazam qon tahlillari olinishi shart edi”, deydi Trimarchi.
Biroq, uning qo‘shimcha qilishicha, Maradonaning ikki haftalik davolanish davrida undan biror marta ham qon tahlili olinmagan. Qolaversa, bemor tanasining shishib ketishi va qon bosimi o‘zgargani ham shifokorlarni xavotirga solmagan.
Suddagilarga futbolchining o‘limi arafasida olingan suratlari ham namoyish etildi. Unda Maradonaning qorni shish tufayli g‘ayritabiiy darajada kattalashib ketganini ko‘rish mumkin. Sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, futbolchi o‘limidan oldin bir necha soat davomida qattiq azob chekkan. Ernan Trimarchi shifokorlarning bu kabi jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yganini tasdiqlagan uchinchi mutaxassis bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, 1986-yilgi Jahon chempioni 2020-yil 25-noyabrda, miya jarrohligidan so‘ng ijaraga olingan uyda 60 yoshida vafot etgan edi. Agar shifokorlarning aybi isbotlansa, 25 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. Sud jarayoni kamida sentyabr oyigacha davom etadi.

